Buxoroda gʻallachilikdan olinadigan sof foyda 190 milliard soʻmga yetmoqda

10:31 26 Iyun 2020 Iqtisodiyot
255 0

Illyustrativ foto

Tandirdan endigina uzilgan non hididan ham lazzatliroq , totliroq narsa dunyoda bormikan? Yoʻq, albatta. Dasturxonimiz koʻrki boʻlgan bu shoh neʼmatni qoʻlga olarkan, bobolarimizning dehqon haqiga duo qilishlari ham bejiz emas. Zero, yerga qadalgan donning koʻkarib, daryoday mavjlanib boshoq tugishi oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Buning zamirida zahmatli mehnat yotibdi.

Buxoro viloyati dehqonlarining davlat shartnoma rejasini oshirib ado etishgani haqidagi xushxabarni eshitib shu haqida oʻyladik.Axir, oz emas, koʻp emas, 179 ming tonnadan ziyod sara don yetishtirib, uni davlat qabul punktlariga topshirish aytishgagina oson.

Gʻalla xirmonlarining yuksalishida ayniqsa, Qorovulbozor, Vobkent, Peshku, Jondor tumanlari fermerlari qoʻshgan hissa salmoqli boʻldi.

Soha mutaxassislarining eʼtirof etishlaricha, 12 ming gektar maydonga ega 9 ta gʻallachilik klasteri tashkil etilgani, fermer xoʻjaliklarining moddiy manfaatdorligi oshirilgani, agrosanoat tizimiga yangicha yondashuvlarning joriy qilingani yutuqlar omili boʻldi. Oʻrim-yigʻimga 191 ta kombayn, 955 ta avtomashina va boshqa texnika vositalari jalb etildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, gʻallachilikdan olinadigan sof foyda 190 milliard soʻmga yetmoqda.

Hali bu hammasi emas. Gʻalladan boʻshagan 49 ming gektar yerda takroriy ekin ekilmoqda. Kam taʼminlangan, moddiy koʻmakka muhtoj oilalar, ishsiz yoshlar roʻyxati shakllantirilib, ularga imkoniyatidan kelib chiqqan holda yer ajratilyapti. Bu esa yana yuzlab oilalar turmushi farovonlashishidan, bozorlarimiz yana-da toʻkin boʻlishidan dalolatdir.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?