Buxoroda dunyo polvonlari bellashdilar

09:42 11 Iyun 2019 Sport
554 0

Buxoro shahrida 8 -10-iyun kunlari kurash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Bahouddin Naqshband xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnir boʻlib oʻtdi. Sovrin jamgʻarmasi 70 ming AQSH dollarini tashkil etgan musobaqada dunyoning oʻndan ziyod davlatidan kelgan jami 135 nafar polvon gʻoliblik uchun gilamga chiqdi.

Maʼlumki, ayni paytda jahonning 130 dan ziyod davlatida kurash milliy federatsiyalari faoliyat koʻrsatmoqda. 2018-yilda Indoneziyada boʻlib oʻtgan Osiyo oʻyinlari dasturidan kurashning ham oʻrin olgani uning nufuzi oshib borayotganini koʻrsatadi.

- Bizda 20 yildirki, kurash federatsiyasi faoliyat koʻrsatmoqda, - deydi hindistonlik murabbiy Unval Yogesh. - Ushbu sport turi jozibadorligi, kishini ruhan tetik qilishi, salomatlikni mustahkamlashi bilan bizga maʼqul. Shaxsan oʻzim ishonch hosil qildim:kurashda yengilgan kishi ruhan tushkunlikka tushmaydi. Aksincha oʻz ustida qattiq ishlashda davom etadi.Qiziqish va ishtiyoq menda kurash haqida oʻz vatandoshlarim uchun qoʻllanma yaratishga undadi. Hind tilidagi bu darslikda mana, koʻrib turganingizdek, “halol”, “yonbosh”, “chala” kabi iboralar bor. Endi bevosita ushbu turnirga toʻxtaladigan boʻlsak, biz unga bajonidil qatnashish istagini bildirdik. Delegatsiyamiz 9 kishidan iborat. Durust natijalarga erishdik. Masalan, 63 kilogramm vazn toifasidagi qizlar bahsida vakilimiz Shayx Suxanabanu Iqbal Husain kumush medalni qoʻlga kiritdi.

Aytish joizki, Buxoroda ilk bor oʻtkazilgan bu turnir murosasiz bahslarga boy boʻldi. Musobaqaning dastlabki kunida hamyurtimiz Chori Zoyirov (60 kilogramm vazn toifasida), Eron terma jamoasi aʼzosi Jaʼfar Feruzobodi (66 kg), ikki vakilimiz – Shermuhammad Jandriyev (90 kg), Erkin Doniyorov (100 kg) shohsupaning yuqori pogʻonasiga koʻtarildilar. 52 kilogramm vazn toifasidagi kurashchi qizlar oʻrtasidagi hal qiluvchi bahs hamyurtimiz Gulnor Sulaymonova va Xitoy Taypeyi vakilasi Sou Xea Ven oʻrtasida kechdi. Vakilimiz ishonchli gʻalabaga erishdi.

Turnirning ikkinchi kunida hamyurtlarimiz Oʻrol Sodiqov (73 kg), Muhsin Hisomiddinov (+100kg) oltin medalni qoʻlga kiritishdi. Xususan, 81 kilogramm vazn toifasidagi kurashchilar bahsi hayajonli kechdi. Hal qiluvchi bahsda vakilimiz Sarvar Shomurodovga eronlik Taztak Omit roʻbaroʻ keldi. Sarvar chiroyli usul qoʻllagan holda muddatidan avval gʻalabaga erishdi. Qizlar bahsida esa yurtdoshlarimiz – Shahnoza Bozorova (63kg) va Pokizaxon Kamoliddinova (78kg) gʻolib chiqishdi.

Turnirda birinchi oʻrin sohiblariga 3, ikkinchi pogʻonani egallagan kurashchilarga 2, uchinchi oʻrinni band etgan kurashchilarga esa 1 ming AQSH dollari miqdorida mukofot puli berildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?