Buxoroda Davlat xavfsizlik xizmatining 90, Milliy gvardiyaning 30 va Mudofaa vazirligining 60 nafar xodimiga yangi uylarning kalitlari topshirildi

15:24 13 Yanvar 2020 Jamiyat
417 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Istam Ibrohimov/Buxoro. Buxoro shahrining 6-kichik mavzesidagi Turdi Farogʻiy koʻchasida uchta besh qavatli turar- joy binosi qad rostladi. Davlat xavfsizlik xizmatining 90 nafar xodimi oilasiga moʻljallab qurilgan ikki, uch va toʻrt xonali bu uylar yil, oy sayin oʻzgarib borayotgan hududga uzukka koʻz qoʻygandek yarashib tushdi. Zamonaviy uylar qurilishi uchun 15 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.

— Shu koʻrkam uylarning biriga koʻchib oʻtdik, — deydi Qodirbek Beshimov.— Bu 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga davlatimizning bizga koʻrsatgan juda katta gʻamxoʻrligi ifodasidir. Oilada toʻrt kishimiz. Yashirib nima qilaman: shu paytgacha ijarada yashardik. Noqulayliklar koʻp boʻlardi.Xalqimiz “Oʻz uying — oʻlan toʻshaging” deb bejiz aytmagan ekan. Endi hammasi ortda qoldi. Oʻz uyimiz bor.Endi oilamdan, bolalarimdan koʻnglim toʻq.

Qodirbek Beshimov bilan suhbatimiz yakuniga yetar – yetmas yangi uylar kalitini egalariga topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boshlandi. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, ularning yaqinlari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev soʻz olib, davlatimiz, Prezidentimiz tomonidan Vatan himoyachilariga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik haqida toʻxtaldi, arzonlashtirilgan narxdagi bu uylar soha fidoyi xodimlarining sharafli ishlariga berilgan oʻziga xos baho ekanini taʼkidladi.

— Milliy yuksalish oiladan boshlanadi, — deydi tadbirda soʻz olgan mayor Doniyorbek Poʻlatov. — Oilamizga koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor kuchimizga kuch qoʻshadi. Yurtimiz tinchligi yoʻlida kuch- gʻayratimizni ayamaymiz.

Xuddi shunday bayramona tadbir Buxoro tumanidagi Zarmanoq aholi punktida ham boʻlib oʻtdi.Gap shundaki, bayram arafasida bu yerda har biri 30 ta oilaga moʻljallangan uchta koʻrkam uy qurib bitkazildi. Ular 11 milliard 400 million soʻm mablagʻ evaziga qad rostladi.Natijada Milliy gvardiyaning 30, Mudofaa vazirligining 60 nafar xodimi yangi uy – joyga ega boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?