Buxoroda bundan 32 yil avval sodir etilgan qotillik jinoyati fosh etildi

21:52 26 Oktyabr 2020 Jamiyat
1343 0

Illyustrativ foto

Qingʻir ishning qiyigʻi qirq yilda ham chiqadi, deyishganicha bor. Buxoro shahrida bundan 32 yil avval sodir etilgan qotillik jinoyati fosh etildi. Qanday qilib, deysizmi? Bu savolga javob berishdan avval oʻtmishga, yaʼni 1988-yilning 5-oktyabrida shaharning Pablo Neruda koʻchasidagi xonadonlardan birida roʻy bergan mudhish voqeani eslashga toʻgʻri keladi.

Oʻshanda Mansur (ism – shariflar oʻzgartirilgan)ning kutilmaganda kirib kelishi uy bekasi Madina Maʼmurovaning halovatini buzadi. Bahslashishadi. Tortishishadi. Dahanaki jang avjiga chiqadi. Yon berishni xayoliga ham keltirmagan Mansurning koʻzlari qonga toʻladi. Gʻazabini bosolmagan, kuch – quvvatga toʻla 26 yoshli yigit pichoqni oladi–da zaifaning qorin qismiga qayta-qayta sanchadi. Keyin esa uning tilla buyumlarini oʻmarib, hech kimga  sezdirmay  uydan chiqib ketadi.

Tabiiyki, ayolning shafqatsizlarcha oʻldirilishi huquqni muhofaza qiluvchi idoralarni befarq qoldirmadi. Surishtiruv, qidiruv ishlari olib borildi. Turli taxminlar qilindi. Ammo qotillikni sodir etgan shaxsning iziga tushishning imkoni boʻlmadi. Jinoyat ishi ochilmasdan qolaverdi. Oylar, yillar daryodek oqib oʻtdi. Mudhish jinoyat qoʻni-qoʻshnilarning yodidan ham koʻtarilib ketdi. Lekin oradan 32 yil oʻtgach, haqiqat yuzaga qalqib chiqdi. Qotil kim ekanligi aniqlandi.

— Hodisa joyini koʻzdan kechirish jarayonida tergov-tezkor guruhi tomonidan nomaʼlum shaxsga tegishli barmoq izlari olinganligi oradan 32 yil oʻtib ushbu jinoyatni ochishda qoʻl keldi, —  deydi Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati boshligʻi Shuhrat Jalolov. — Romitan tumanida yashovchi, salkam 60 yoshda boʻlgan Mansurning qoʻl barmoq izlari sentyabr oyida viloyat ichki ishlar boshqarmasi Ekspert kriminalistika boʻlimi tomonidan SONDA rusumli avtomatlashtirilgan daktiloskopik identifikatsion tizim orqali tekshirildi. Oʻtkazilgan kriminalistik tadqiqotlar undagi barmoq izlari  qotillik sodir boʻlgan joydan olingan izlar bilan aynan bir xil ekanligini koʻrsatdi. Shu tariqa zamonaviy texnologiyalar vositasida qotillik sodir etgan shaxs aniqlandi.

Buxoro shahar  prokuraturasi tomonidan ushbu jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari qayta tiklandi. Mansur bilan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida u jinoyatni sodir etganligiga  toʻliq iqror boʻldi. Qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligini bildirdi. Bu orada u qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun uch marta sudning qora kursisiga oʻtirishga ham ulgurgan edi. Ayni damda bu jinoiy ish yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Ushbu qotillik jinoyati tafsilotiga toʻxtalishimizdan xulosa shuki, yopiqlik qozon yopiqligicha qolmaydi. Jinoyatga jazo muqarrar. Aytmoqchi, viloyatda bundan tashqari, avvalgi yillar sodir etilib ochilmasdan qolgan jami 94 ( oʻtgan yillardan 54 ta, joriy yildan 40 ta) jinoyatning fosh etilishiga erishildi. Tabiiyki, bunda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, kadrlar malakasi muhim rol oʻynadi.

Istam IBROHIMOV, (“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?