Buxoroda aroqxoʻr onasidan bezgan bolalar oʻzlarini Mehribonlik uyiga joylashtirishlarini soʻrab, ichki ishlar organlariga murojaat qilishdi

19:06 17 Fevral 2019 Jamiyat
1197 0

Buxoro shahridagi 21-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari aka-uka Andrey Rahmatov hamda Aleksandr Zaimkin aroqxoʻr onasi Tatyana Zaimkina ustidan shikoyat qilib, oʻzlarini Mehribonlik uyiga joylashtirishlarini soʻrab, ichki ishlar organlariga murojaat qilishdi.

Bu haqda Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi 3-son IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi profilaktika katta inspektori, katta leytenant Shahobiddin Rahmonov maʼlum qildi.

Bildirilishicha, Buxoro shahridagi 38-sonli “Piridastgir” MFYda yashovchi, 1982 yilda tugʻilgan fuqaro Tatyana Zaimkina opasi Anna Mallayeva hamda akasi Nikolay Zaimkin taʼsirida uzoq yillardan buyon spirtli ichimliklar ichib keladi. Qoʻni-qoʻshnilar, maktab va mahalla faollari, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan nazorat hamda tartibot ishlari olib borilishiga qaramay, samara bermagan.

 

— Aka-uka Andrey va Aleksandr uchinchi hamda toʻrtinchi sinfda tahsil olishadi, — deydi 21-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori Roza Avdeyeva. — Voyaga yetmagan bolalar oilada oʻta ogʻir, qiyin va sharoitsiz ahvolda yashashadi. Shu bois maktabda oʻzlashtirishlari past. Maktabimiz jamoasi tomonidan doimiy koʻmak beramiz. Ovqatlantiramiz, kiyintiramiz, darsliklaru oʻquv-qurollari bilan taʼminlaymiz. Aqlli, esli-hushli bolalar. Ammo juda odamovi va hurkak. Chunki nosogʻlom oila muhiti ularni ruhan choʻktirgan. Deyarli har kuni oilasidan xabar olamiz. Afsuski, ona ichkilikka ruju qoʻyib boʻlgan. Uni yoʻldan qaytara olmadik. Urinishlarimiz zoye ketdi.

Ota-onalar, maktab jamoasi, profilaktika inspektorlari koʻp yillardan buyon aka-ukaga yordam qoʻlini choʻzib kelishgan. Mahalla ahli ham bunday ezgulikdan chetda turmagan, albatta.

— Eng achinarlisi, bolalarga olib berilgan qishki kiyim-boshlarni ham aroqxoʻr ona sotib, ularni yupun qoldirgan, — deya soʻzida davom etadi Roza Avdeyeva.

Onasining surunkali ichishi yetmagandek, ular bilan bir xonadonda yashab keladigan togʻasi hamda xolasi ham bolalar taqdiri bilan qiziqishmagan.

— Aroqxoʻr onaning aybi va ehtiyotsizligi bilan bir necha yil avval ularning xonadonida katta yongʻin sodir boʻldi, — dedi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Hasan Asadov. — Ikki xonali uy talafot koʻrdi. Oʻshanda bu xonadonda Andrey va Aleksandrdan tashqari, 2 yoshli Lyosha hamda 6 yoshli Afina ham ulgʻayayotgan edi. Yosh bolalarning hayoti yana xavf ostida qolishi mumkinligini anglab, Vasiylik va homiylik kengashi hamda huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda ular Mehribonlik uyiga joylashtirilgan edi. Afsuski, ayni paytda bu ikki nafar farzandining taqdiri ham onani mutlaqo qiziqtirmaydi.

Yarim tunda aroqxoʻr onaning kaltaklashu xoʻrlashlaridan bezgan norasida aka-ukalar uydan qochib, IIO FMB 3-son IIB HPBga murojaat qilishgan.

— Joriy yilning 10 fevral kuni bolalar oiladagi nosogʻlom hayot tarzidan qiynalishayotganini, oʻzlarini Mehribonlik uyiga joylashtirishlarini soʻrab, murojaat qilishdi, — deydi Shahobiddin Rahmonov. — Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, mazkur nosogʻlom oilada bolalar faqatgina onasi — Tatyana Zaimkina bilan emas, xolasi Anna Mallayeva hamda togʻasi Nikolay Zaimkin bilan ham birga yashashadi. Ushbu ikki shaxs sud qaroriga asosan, viloyat Narkologiya dispanseri alkogolizmni majburiy davolash muassasasida yotqizilgan. Nikolay Zaimkin esa turli jinoyatlar sodir etib, bir necha bor jazoni oʻtab qaytgan. Ayni paytda maʼmuriy nazoratda. Bunday oila muhitida yashash har qanday oʻsmir uchun ogʻir. Bolalar oʻz yaqin qarindoshlarining hamda onasining gʻayriijtimoiy harakatlari taʼsirida qolmaslik va bunday muhitdan xalos boʻlish uchun murojaat qilishga majbur boʻlishgan. Voyaga yetmagan oʻsmirlarning ijtimoiy himoya soʻrab kelishganini qanoatlantirish maqsadida amaliy chora belgilashimizga toʻgʻri keldi. 11 fevral kuni huquq-tartibot idoralari vakillari ishtirokida yopiq sud majlisi oʻtkazildi. Bolalarning onasi Tatyana Zaimkina roziligi hamda arizasiga koʻra, oʻgʻillari Andrey Rahmatov va Aleksandr Zaimkin Buxoro viloyati IIB XRB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirildi.

Ushbu markazda bir necha kun ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatilgan voyaga yetmagan aka-ukalar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular bir necha kundan buyon inspektor xodimlari qaramogʻida nosogʻlom oiladan uzoqda tinch va xavotirsiz yashashayotganini bildirishdi.

— Uyda hech qachon tinchlik boʻlmagan, onam bizni doim uradi, kaltaklaydi, — deydi Andrey koʻziga yosh olib. — Begona erkaklar uyga kelganda sovuqmi, issiqmi, qaramay, yarim kechasi boʻlsa ham koʻchaga haydaydi. Onamga qoʻshilib ichgan xolam va togʻam ham men va ukamni doimiy baqirib, qoʻrqitishadi. Ular bilan yashashni istamaymiz!

 

Buxoro shahridagi 32-Mehribonlik uyida.

 

— Bu yerda men maza qilib choʻmildim, shirinliklar, turli yeguliklar berishdi, — xursandligidan iljayib kuladi Aleksandr. — Yap-yangi qishki kiyim-bosh va krossovkalar berishdi. Kechqurunlari yotogʻimizga kirib, holimizdan xabar olishadi. Kelajakda men ham inspektor boʻlib, bolalarga mehribonlik qilaman.

Joriy yilning 15 fevral kuni Buxoro viloyati hokimligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda OAV vakillari saʼy-harakati bilan Vasiylik va homiylik kengashi qaroriga koʻra, Andrey Rahmatov hamda Aleksandr Zaimkin Buxoro viloyati IIB XRB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazidan Buxoro shahridagi 32-Mehribonlik uyiga oʻtkazildi.

Bolalar shinam va ozoda xonalarga joylashtirilar ekan, sharoitu imkoniyatlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Ular tahsilni Buxoro shahridagi 8-umumiy oʻrta taʼlim maktabida davom ettirishadi.

Maʼlumot oʻrnida: ayni paytda Buxoro shahrida tugʻilgan, voyaga yetmagan Andrey Rahmatov va Aleksandr Zaimkin, shuningdek, onasining loqaydligi hamda eʼtiborsizligi tufayli bugungi kunda Bolalar uyida tarbiyalanayotgan 3 yoshli Lyosha va 7 yoshli Afinaning taqdiriga ham befarq qaragan Tatyana Zaimkinaga nisbatan Buxoro shahar Vasiylik va homiylik kengashi tomonidan onalik huquqidan mahrum qilish boʻyicha hujjatlar toʻplanmoqda.

Laylo Hayitova.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?