Buxoroda 600 tupdan ortiq ko‘knori yetishtirayotgan shaxs ushlandi

15:29 04 Iyun 2018 Jamiyat
411 0

Mamlakatimizda giyohvandlik bilan bog‘liq bir nechta jinoyatlar aniqlandi. Bu haqida Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati vakili xabar berdi.

Xususan, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Denov tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.X.ning xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, xonadon tomorqasidagi 5 tup nasha giyohvand o‘simligi parvarishlanayotganligi aniqlandi.

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida esa fuqaro E.Y.ning xonadonidan ham narkotik moddalar topildi. Xonadon egasi 13.44 gr. og‘irlikdagi marixuanani devor orasida g‘ishtlar ortiga yashirib qo‘ygan ekan. Shuningdek, hovlini ko‘zdan kechirish davomida 6.97 gr. og‘irlikdagi marixuanna quritish uchun yoyib qo‘yilganligi hamda tomorqada esa har biri 18 tupdan ko‘knori va nasha o‘simliklari o‘stirilayotanligi ham fosh bo‘ldi.

Sirdaryo viloyatida ham narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi bartaraf etildi. Mirzaobod tumani hududida “Neksiya” rusumidagi avtomashinasida harakatlanayotgan fuqarolar O.X. va R.Q. to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, ularning cho‘ntaklaridan 45.63 gr. og‘irlikdagi marixuana narkotik moddasi topildi.

Surishtiruvlar davomida ushbu shaxslar mazkur giyohvand o‘simliklar Xovos tumanidagi ovloq hududda yovvoyi tarzda o‘sayotganini bildirishgan. Shundan so‘ng, ushbu hudud ko‘zdan kechirilganda, bu yerda 42 tup kannabis, ya’ni nasha o‘simligi borligi aniqlandi.

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B.D. esa bu borada rekord o‘rnatdi deyish mumkin. Viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda ushbu shaxsning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerdagi tomorqa ko‘knorizorga aylanib ulgurgani ma’lum bo‘ldi. 60-100 sm.gacha bo‘y berib o‘sgan 604 tup ko‘knori butalari allaqachon hosilga ham kirgan ekan.

Tezkor tadbirlar davomida giyohvand o‘simliklarning barchasi ildizi bilan sug‘urib olindi va tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?