Buxoroda 420 ta oila yangi uyli boʻldi

16:09 12 Avgust 2019 Jamiyat
73 0

Arxiv foto

Buxoro shahrida ehtiyojmand oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, shuningdek, sanʼat va madaniyat sohasi xodimlari hamda faol yoshlardan iborat jami 420 kishiga imtiyozli ipoteka kreditlari asosida yangi uylar kaliti topshirildi.Shunday shinam uylarning biri Joʻybor mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashab kelgan birinchi guruh nogironi Rohila Fayzullayevaga nasib etdi.

-Shahrimizda qad rostlayotgan koʻrkam binolarni koʻrib, “Menga ham shunday uylarda yashash nasib qilarmikan” deb oʻylardim,-deydi uch oʻgʻilning oilasi bilan torgina hovlida qisinib – qimtinib yashagan Rohila opa.- Mahalla fuqarolar yigʻini tavsiyasi, viloyat va shahar hokimligining koʻmagi bilan orzuim roʻyobga chiqdi.Yangi uyli boʻldim.Ikki xonali.Keng va yorugʻ.Nevaram Javohirning chopqillab yurganini qarang...

Prezidentimizning 2016-yil 22-noyabrdagi “2017 -2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uy –joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora – tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq qad rostlagan oʻnta yetti qavatli uy chindan ham koʻrsa havas qilgulik.Uni bunyod etishda asosan mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan.Har bir uy alohida isitish tizimiga ega.Uylar oldida avtoturagoh, bolalar maydonchalari mavjud.

Darvoqe,yangi uylarning anʼanaviy Quruvchilar kuni hamda Qurbon hayiti arafasida topshirilishi qoʻshaloq bayramga aylandi.Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali marosimda soʻz olgan viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev va boshqalar yangi uy sohiblarini tabrikladilar.

Maʼlumotlarga koʻra, qaror ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan hozirgacha respublikamiz hududlarida 602 ta koʻp qavatli arzon uylar qurilib foydalanishga topshirilgan.

Istam IBROHIMOV,

(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?