Buxoro viloyatidagi ayrim tibbiyot muassasalarining oʻzida karantin talabalarini bajarishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgani aniqlandi

18:12 30 Iyun 2020 Siyosat
62 0

Dunyoni larzaga solayotgan koronavirus infeksiyasi bugun nafaqat insonlar salomatligi, balki jahon mamlakatlari iqtisodiyotiga ham katta zarba berdi. Pandemiya tufayli joriy etilgan karantin choralari tufayli jahondagi yirik kompaniyalar, ishlab chiqarish quvvatlari oʻz faoliyatini qisqartirishiga, ayrim hollarda esa toʻxtatishiga toʻgʻri keldi. Bu oʻz navbatida koʻplab sohalarda turgʻunlikni va hatto orqaga ketishni keltirib chiqardi.

Oʻzbekistonda pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish, tadbirkorlik subyektlariga zarur shart-sharoitlar yaratish, soliq va boshqa yoʻnalishlarda imtiyoz va yengilliklar berish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish va fuqarolarning bandligini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻrish orqali iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy sohalarning barqaror harakatiga turtki berilmoqda. Bu vazifalar davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlarida oʻz aksini topdi.

Ushbu hujjatlarning joylardagi ijrosi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan tarkib topgan ishchi guruhlari tomonidan oʻrganil batafsil oʻrganildi.

Shu kunlarda parlament quyi palatasi Kengashi yigʻilishlarida deputatlarning mazkur oʻrganishlari natijalari atroflicha koʻrib chiqilmoqda.

Qonunchilik palatasi Kengashining 2020-yil 30-iyun kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida Buxoro viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari muhokama qilindi. Videokonferensiya shaklida oʻtgan tadbirda Buxoro viloyati hokimi, sektorlar va ijro organlari rahbarlari hamda mahalliy Kengash deputatlari masofadan onlayn tarzda ishtirok etishdi.
 

Dastavval Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov hozirgi sharoitda mamlakat hududlarida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida sektorlar faoliyatining ahamiyatiga toʻxtalib, har bir rahbar har qachongidan koʻra ikki karra masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan holda faoliyat yuritishi, bu jarayonda mahalliy Kengashlar deputatlari ham faollik koʻrsatishi lozimligiga eʼtibor qaratdi.

Ishchi guruhi vakilining qayd etishicha, Buxoro viloyatida koronavirus pandemiyasi keng tarqalishining oldini olish, uning iqtisodiyotga salbiy taʼsirini yumshatish, qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar ijrosiga ustuvor ahamiyat qaratilib, alohida nazoratga olingan.

Oʻrganish davomida viloyatda aholi va tadbirkorlik subyektlarini qiynab kelayotgan bir qancha masalalar ishchi guruh tomonidan tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda hal etilgan hamda taklif va tavsiyalar berilgan.

Bugungi kunda viloyatda tijorat banklari tomonidan jami 93 272 ta fuqaro va tadbirkorning 1 525,0 mlrd. soʻmlik kreditlari muddatlari uzaytirilgan. Buxoro sayyohlik borasida yuqori salohiyatga ega. Oʻz-oʻzidan ayon boʻladiki, bugungi sharoitda mazkur sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash zarur. Shu maʼnoda 2020-yil 1-aprelidan 31-dekabrga qadar turoperatorlar, turagentlar, mehmonxonalar yer va mol-mulk soligʻidan ozod qilinishi, ijtimoiy toʻlov stavkasini amaldagi 12 foizdan 1 foizga tushirilishi hisobiga Buxoro shahridagi 327 ta mehmonxona va 77 ta turoperator ixtiyorida jami 3,3 mlrd. soʻm mablagʻ qoldirilmoqda.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyat boʻyicha 11,8 ming oilaga (36,8 ming nafar fuqaro) saxovat koʻrsatish belgilab olinib, bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlari uzluksiz yetkazib berilmoqda, 12442 nafar (42,7 foiz) kam taʼminlangan fuqarolarning bandligi taʼminlangan.

Karantin davrida ishsiz va vaqtincha ishini yoʻqotgan 858 nafar fuqaroga mart—may oylarida 437,3 mln. soʻm ishsizlik nafaqasi tayinlangan.

Amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijobiy ishlar bilan birgalikda oʻz yechimini kutayotgan ayrim masalalar ham mavjudligi qayd etildi. Jumladan 2020-yil 1-aprel va 1-iyundan boshlab 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, 2 yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar sonini 10 foizdan oshirish belgilangan boʻlsa-da Buxoroda viloyatida bunday turdagi nafaqa oluvchi oilalar soni 7,5 foiz oshgan.

Bundan tashqari, barchaga namuna boʻlishi zarur boʻlgan tibbiyot muassasalarining oʻzida karantin talabalarini bajarishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, Romitan, Qorakoʻl tibbiyot birlashmalarida tibbiyot xodimlari tibbiy qoʻlqoplarsiz muolajalar oʻtkazmoqda, ayrimlari tibbiy niqobsiz yurganligi, shuningdek, tibbiyot muassasalarida fuqarolarning ijtimoiy masofani saqlash masalalari eʼtibordan chetda qolmoqda.

Karantin tadbirlariga jalb etilgan xodimlarga qoʻshimcha toʻlovlar toʻlashda ham ayrim muammolar mavjudligiga eʼtibor qaratildi.

Yigʻilishda viloyatdagi sektorlar rahbarlari va mahalliy Kengashlar deputatlari muhokama etilgan masalalar yuzasidan qoʻshimcha maʼlumotlar berib oʻtdilar.

Qonunchilik palatasi Kengashi yigʻilishida pandemiya sharoitida ishlarni yana-da samarali tashkil etish, sektorlar, boshqa mutasaddi tashkilotlar masʼuliyatini kuchaytirish, muammolarni zudlik bilan bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Ishchi guruhi aʼzolariga qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, oʻrganish davomida viloyatda aniqlangan, respublika darajasida hal etiladigan muammoli masalalar boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga parlament va deputatlik soʻrovlarini yuborish hamda “Hukumat soat”larini oʻtkazish boʻyicha takliflar tayyorlash tavsiya qilindi.

Buxoro viloyatida oʻtkazilgan oʻrganish natijalari muhokamasi yakuni boʻyicha Qonunchilik palatasi Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?