Buxoro viloyati hokimi sayyor qabulida bir qator muammolar hal qilindi

14:48 23 May 2019 Jamiyat
277 0

Shofirkon tumanidagi “Jasmina Ferangiz” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Nargiza Toyirova viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev tomonidan Romitan tumanida oʻtkazilgan ommaviy sayyor qabuldan mamnun holda chiqdi. Xoʻsh, tadbirkor ayolning olis yoʻl bosib, sayyor qabulga kelishi boisi nimada?

- Korxonamizda hozir 20 nafar kishi mehnat qilmoqda, -deydi savolimizga javoban u. - Faoliyatimizni kengaytirish va “Buxoro mintaqaviy paxta terminali ishlab chiqarish transport kompaniyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati koʻmagida 100 nafar xotin – qizga moʻljallangan tikuv dastgohlari olish niyatidaman. Shu masalada viloyatimiz hokimiga yordam soʻrab murojaat qildim. Menga amaliy yordam koʻrsatiladigan boʻldi.

Sayyor qabulda Nargiza Toyirovaning qoʻy junidan matras ishlab chiqarish loyihasi ham qoʻllab – quvvatlandi. Izlanuvchan tadbirkor shunday buyumlarni sinov tariqasida ishlab chiqarib, uning bozori xorijda ham chaqqonligiga ishonch hosil qildi. Qolaversa, vohamiz qoʻy juniga serob. Afsuski, u xom ashyoligicha qolayapti. Qadri yoʻq. Yashirib nima qildik, uni axlatga tashlash holatlari ham mavjud. Tadbirkor ayolning qoʻy junini qayta ishlab, eksportbop mahsulot tayyorlashga oid loyihasi shu nuqtai nazardan diqqatga sazovor.

- Romitanning Quyi Mirishkor qishlogʻida yashayman, - deydi 80 yoshli otaxon Negboy Xudoyberdiyev. —Qishlogʻimizda 200 dan ziyod xonadon bor. Ammo tuman va viloyat markaziga borish biz uchun muammo. Negaki, jamoat transporti qatnamaydi. Yoʻlning 1, 5 kilometri abgor ahvolda. Bu masalani 2013 yilda viloyat televideniyesi oʻtkazgan “Ochiq muloqot”da koʻtarib chiqqandik. Keyin viloyat va tuman miqyosidagi katta – kichik mutasaddilarga dardimizni aytdik. Ammo natija yoʻq. Viloyat hokimi oʻtkazayotgan bugungi qabuldan soʻng muammo yechimini topadi, degan oʻydamiz.

- Sayyor qabulga umid bilan kelgandik, ishonch bilan qaytyapmiz, - deydi Romitan tuman markazida joylashgan A. Navoiy mahallasida yashovchi Zevar Komilova. - Koʻchamizdagi xonadonlar uchun ichimlik suvi taʼminoti sizga yolgʻon, bizga chin, 70 yildirki muammo. Koʻchamiz tunda yoritilmaydi. Viloyatimiz hokimi topshirigʻi bilan bu masalalar bir hafta ichida hal etiladigan boʻldi.

Mehnat faxriysi Ikrom Muhidovning Romitan tuman markazi Bahor koʻchasidagi kanalizatsiya tizimini tartibga keltirish, yoʻlni taʼmirlash bilan bogʻliq murojaati boʻyicha ham amaliy ishlarga kirishish yuzasidan topshiriq berildi. Muammo ikki kun ichida hal etilishi maʼlum qilindi.

Shu kuni ommaviy sayyor qabulga kelgan Davlat Nuriddinov, Nazira Nabiyeva, Temur Bozorov, Erali Boboyev singari koʻplab fuqarolarni tashvishlantirayotgan masalalar yechimi yuzasidan ham mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Umuman, sayyor qabulda fuqarolar tomonidan tadbirkorlik, ish bilan taʼminlash, moddiy yordam koʻrsatish, yer maydoni ajratish, infratuzilmani yaxshilash kabi masalalarga oid 400 dan ziyod murojaat tushdi. Ularning bir qismi shu yerning oʻzida hal etildi, qolganlari oʻrganiladigan boʻldi.

Tadbir doirasida ehtiyojmand fuqarolarga nogironlik aravachalari topshirildi. Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi oʻtkazildi. Minitexnologiyalar koʻrgazmasi uyushtirildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?