Buxoro viloyati hokimi Oʻktam Barnoyev Bosh vazir oʻrinbosari lavozimiga tasdiqlandi

11:05 27 Fevral 2020 Siyosat
2051 0

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga nomzodni koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga Barnoyev Oʻktam Isoyevichning nomzodi koʻrsatilgan.

Muhokamalar chogʻida deputatlar Hukumat aʼzoligiga nomzodning harakat rejasi yuzasidan savollar bilan murojaat qilishdi.

Oʻz navbatida, Hukumat aʼzoligiga nomzodi koʻrsatilgan Oʻktam Barnoyev parlament aʼzolari tomondan koʻtarilgan savollarga atroflicha javob qaytardi hamda mazkur lavozimga kirishganidan soʻng, Hukumat bilan parlament oʻrtasidagi munosabatlar yana-da faol va samarali boʻlishiga umid bildirdi.

Savol-javob, muhokamalar yakunida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 221-moddasiga muvofiq, Qonunchilik palatasining Oʻktam Barnoyevni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga maʼqullash haqidagi qarori qabul qilindi.
Ziyoda ASHUROVA(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?