Buxoro viloyati davlatga 164 333 tonna gʻalla topshirib, rejani ortigʻi bilan bajardi

10:36 21 Iyun 2019 Jamiyat
295 0

Davlatga 148 ming tonna gʻalla topshirish rejasi Buxoro viloyatida 164 333 tonna miqdorida ortigʻi bilan bajarildi. Bu haqda Qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha viloyat hokimi oʻrinbosari Sanʼat Hikmatov xabar berdi.

Viloyatda 2019-yil hosili uchun 2945 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 61,6 ming gektar maydondagi kuzgi boshoqli don ekinlari ekilib, parvarish qilingan.

“Gʻalla-2019” mavsumida Buxoroning mamlakatda birinchilar qatorida yakunlanishida Buxoro tumanidan “Oʻktam Ibrohim Toʻqli”, Vobkent tumanidan “Malik Sharif Shukur”, Jondor tumanidan “Asadbek Toshpoʻlot”, Kogon tumanidan “Aminbek zamini”, Qorakoʻl tumanidan “Ozodbek Ravshanov”, Qorovulbozor tumanidan “Umar Sharif”, Olot tumanidan “Oltin Boshoq”, Peshku tumanidan “Xursand Hayit”, Romitan tumanidan “Olim Xidoy zamini”,Shofirkondan “Sohib” fermer xoʻjaliklari mehnatini alohida qayd qilingan.

Ayni paytda davlatga yana 16 ming tonna gʻalla topshirish quvvati olingan.

2019-yil hosili uchun gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumiga jami 204 ta kombayn,oʻrilgan hosilni tashish uchun 1020 ta don tashish yuk avtomashinlari, 40 ta koʻchma ustaxonalar hamda 73 ta yoqilgʻi moylash mahsulotlarini tashish vositalari jalb qilingan.

Bundan tashqari, 24 dona avto tarozi, 6 dona don tozalash mashinasi, 42 dona koʻchma uzatish anjomlaridan foydalanilgan.

Yetishtirilgan hosilni oʻz vaqtida oʻrib yigʻib olish, talon-tarojni oldini olish maqsadida, gʻalla oʻrim otryadlari tarkibiga jami 816 nafar xodimlar biriktirilgan.

Aytish joizki, viloyatda 2019-yil gʻalla hosilidan boʻshagan maydonlarning 48,9 ming gektariga takroriy ekin ekish rejalashtirilgan. Takroriy ekinlarni joylashtirishda suv yoʻli va hududlarning tuproq iqlim sharoitlari inobatga olinib, 5,3 ming gektar sabzavot, 2,6 ming gektar poliz, 2,0 ming gektar kungaboqar, 9,0 ming gektar dukkakli, 5,4 ming gektar ozuqa ekinlari, 24,1 ming gektar tariq va 500 gektar sholi ekish belgilangan.

- Takroriy ekinlardan 91,5 ming tonna sabzavot, 39,6 ming tonna poliz, 4,0 ming tonna kungaboqar, 13,5 ming tonna dukkakli,1,5 ming tonna sholi, 60,0 ming tonna tariq, 16,2 ming tonna ozuqa yetishtirishni belgilab oldik. Yetishtiriladigan mahsulotlarning 49,2 ming tonnasi eksportga, 11,8 ming tonnasi qayta ishlashga, 13,8 ming tonnasi zaxiraga, 7,5 ming tonnasi urugʻlik uchun, 11,9 ming tonnasi Toshkent shahri va boshqa yarmarkalarga va 112,0 ming tonnasi ichki isteʼmol uchun sarflanishi prognoz qilindi,-dedi Sanʼat Hikmatov.

Laylo Hayitova


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?