Buxoro viloyat hokimligi “tadbirkor”ning mulkini tortib olganmidi?

19:31 21 Iyun 2019 Jamiyat
254 0

Ijtimoiy tarmoqda Rahim Xodjayev ismli shaxs Buxoro viloyat hokimligini unga tegishli boʻlgan sobiq trikotaj fabrikasi binosini tortib olganlikda ayblab, “hokimiyatdagilar Oliy sud tomonidan chiqarilgan qarorni pisand qilmasdan, soxta hujjatlar tayyorlash orqali obyektni “Shofirkon Ekvatorial Teks” korxonasiga berib yuborishgan” deya ayyuhannos solib, post qoldirgan. Viloyat hokimligi “Xalq soʻzi onlayn” soʻroviga koʻra, bu holat yuzasidan quyidagicha munosabat bildirdi:

Bugungi kun tadbirkori zamon bilan birga nafas olishi, bugungi kun talabini teran tushunib yetgan holda oʻzi va boshqalarga moddiy manfaat keltirishi, xalqimiz turmushini farovon, hayotini risoladagidek qilish yoʻlida jonbozlik koʻrsatishi, tashabbuskor boʻlishi ham qarz, ham farz. Ammo iqtisodiy islohotlar jarayonida oʻziga berilgan imkoniyat va imtiyozlarni suiisteʼmol qilish, hukumat tomonidan katta ragʻbat tariqasida “nol” qiymatda ajratib berilgan mulkni jaydari til bilan aytganda, “oʻziniki qilib olganidan soʻng” uni oʻz bilganicha tasarruf etish, taʼmirlash va butlash oʻrniga talon-toroj etish, bank kreditlarini maqsadli qoʻllab, zarur texnologiyani xarid qilish, ish oʻrinlarini yaratish oʻrniga borini ham bir boshidan havoga sovurish yoki tasarrufdagi bino-inshootni battar vayrona holga keltirish kabi holatlar ham ming afsuski, uchrayotganini qanday tushunish yoxud oqlash mumkin ?!

Bu oʻrinda gap sobiq “Buxoro trikotaj fabrikasi” aksiyadorlik jamiyati, oʻtgan asr toʻqsoninchi yillari oxirlarida “Ismoil Fozilov” ochiq aksiyadorlik jamiyati sifatida faoliyat koʻrsatib, inqirozga yuz tutgan, bino-inshootlari boʻshab, bir necha yillab qarovsiz va tashlandiq holda yotgan korxona xususida bormoqda. Obyektning ayni paytdagi ahvolini koʻrib, unda bir vaqtlar, yaqin oʻtmishda 1500-2000 odam ishlagani, shuncha oila moddiy manfaat koʻrib kelganiga ochigʻi ishonish mushkul. Ming afsuski, infratuzilma obyektlari oʻtgan yillar ichida bir nechta jismoniy va yuridik shaxslarga sotilgan, talon-toroj etilgan va bu hol oʻz navbatida atrof-muhitga ham salbiy taʼsirini oʻtkazmay qolmagan.

Tarixiga nazar tashlasak, “Buxoro trikotaj fabrikasi” AJ yuridik nomi 1994-yil 21-iyunida viloyat Adliya boshqarmasidan “Ismoil Fozilov” OAJ sifatida qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan. Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Qoʻmitasining 1996-yil 6-martdagi buyrugʻiga muvofiq jamiyatga tegishli aksiyalar paketi qayta taqsimlangan. Keyinchalik esa davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Buxoro viloyat hududiy boshqarmasining 1998-yil 18-martdagi 130-sonli buyrugʻiga koʻra Qoʻmitaning 1996-yil 6-martdagi buyrugʻiga oʻzgartirish kiritilib, jamiyat aksiya paketlari quyidagicha, yaʼni 25 foizi davlat ixtiyoriga, 26 foizi mehnat jamoasiga, 24 foiz erkin savdoga, 25 foizi esa xorijiy investorlarga taqsimlangan. Ammo keyinchalik, ushbu obyekt yuzasidan davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash Buxoro viloyat hududiy boshqarmasining 2001-yil 10-sentyabrdagi 908-sonli buyrugʻiga binoan jamiyatning Ustav jamgʻarmasi ulushi yana qayta taqsimlangan. Buxoro shahar “Yermulkkadastr” davlat korxonasi tomonidan “Ismoil Fozilov” OAJga tegishli hudud, Buxoro shahrining “Joʻbor” koʻchasi, 162-uy manzilida joylashgan 53741 metr kvadrat umumiy yer maydoni, shundan ishlab chiqarish bino-inshootlari—15849,6 metr kvadrat yer maydoni roʻyxatga olinib, 2007-yil 10-oktyabrida kadastr guvohnomasi rasmiylashtirilgan. Keyingi yillar davomida esa ushbu korxonaning bino-inshootlari amaldagi qonunchilikka muvofiq bir necha tadbirkorlik subyektiga taqsimlangan holda sotilganini koʻrish mumkin. Amalda oʻz tadbirkorlik loyihalarini taqdim etib, ajratilgan joy, bino-inshootdan maqsadli foydalanishi lozim boʻlgan subyektlar esa zimmadagi masʼuliyatni teran tushunib yetmaganliklari oqibatida hududdagi ahvol shu bugungi kunga qadar haminqadarligicha, “eski hammom, eski tos”ligicha qolib kelayotgani tashvishlanarli.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-apreldagi Qaroridan kelib chiqib, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Buxoro viloyati hududiy boshqarmasining 2013-yil 11-fevraldagi 2-sonli buyrugʻi bilan “I.Fozilov” MCHJning 32,2 foiz davlat ulushi toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish orqali jamiyat taʼsischisi hisoblangan Raxim Xodjayevga xususiylashtirib berilgan. Taraflar tomonidan bu toʻgʻridagi oldi-sotdi shartnomasi ham imzolangan. Fuqaro Rahim Xodjayev tomonidan “I.Fozilov” MCHJning 32,2 foiz davlat ulushi, yaʼni 883 501 747 soʻm miqdoridagi toʻlov amalga oshirilgan. Shundan soʻng hududiy boshqarma tomonidan fuqaro Raxim Xodjayevga nisbatan shartnoma shartlari bajarilmaganligi bildirilgani holda undan 132 million 16 ming soʻm penyani undirib berishni soʻrab 2013-yil 13-mayda daʼvo arizasi bilan Fuqarolik ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudiga murojaat qilingan. Mazkur sudning 2013-yil 18-iyuldagi ajrimiga muvofiq taraflar oʻrtasida imzolangan kelishuv bitimi tasdiqlanib, mazkur fuqarolik ishi ish yuritishdan tugatilgan. Keyinchalik hududiy boshqarmaning 2014-yil 26-dekabrdagi 4-sonli buyrugʻiga koʻra fuqaro R.Xodjayev nomiga “I.Fozilov” MCHJ ustav fondidagi 32,2 foiz davlat ulushiga egalik qilish huquqini tasdiqlovchi sertifikat rasmiylashtirib berilgan. Shundan soʻng fuqaro tomonidan katta mulkni oʻz bilganicha tasarruf etish, uni taqsimlab sotish rejasi obdon oʻylab chiqilgan.

Oldi-sotdi ishlarida Rahim Xodjayev Buxoro shahridagi “Buxoro Global riyeltor” MCHJ bilan yaqin hamkorlik qilgandi. Masalan, viloyat markazining “Joʻbor” koʻchasi, 162-uy manzilida joylashgan korxonaning umumiy yer maydonidan 120 kvadrat metrdagi bino-inshoot 2015-yil 6-mayda fuqaro Soli Ashurovga kadastr guvohnomasi asosida sotilgan. Ungacha esa, aniqrogʻi, 2015-yil 9-martidagi kadastr guvohnomasiga muvofiq korxona hududidan 110 metr kvadratda joylashgan bino-inshoot boshqa bir talabgor fuqaro Gulrux Asadovaga oldi-sotdi shartnomasi asosida rasmiylashtirilgan. Xuddi shu tartibda “Buxoro Global riyeltor” MCHJning 2015-yil mart oyidagi oldi-sotdi shartnomasi va savdo bayonnomalariga muvofiq “Ismoil Fozilov” MCHJning hududidan qurilish osti maydoni 120 kvadrat metrdan iborat bino-inshoot Abdurahim Isomovga, undan soʻng 116 kvadrat metrlik bino-inshoot fuqaro Mubashira Gulyamovaga, 1121 metr kvadrat yer maydonidagi “qozonxona” binosi fuqaro Nabi Hamidov nomiga, 216 kvadrat metrdan iborat “Panogoh” bino-inshooti fuqaro Gʻaybullo Xayrulloyev nomiga, 500 metr kvadratdan iborat “4-sonli bino-inshoot”ning bir qismi fuqaro Beshimboy Muzapparovlarga sotilgan va ularga kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan. Tekshirib koʻrilganida, ushbu bino-inshootlarning aksari yiqitib tashlanib, oʻrnida vakolatli tashkilotlarning ruxsatisiz uy-joy sifatida qayta qurilish ishlari amalga oshirilganini koʻrish mumkin.

Katta mulk egasi sanalgan Rahim Xodjayev keyinchalik “Vip real estate” MCHJ Buxoro viloyati filiali bilan hamkorlik qilib, “Ismoil Fozilov” MCHJning oʻziga tegishli yer maydonidan 7888,0 metr kvadratdan iborat “toʻrt qavatli idora binosi va uch qavatli ishlab chiqarish sexi” bino-inshootlarini fuqaro Gulchehra Xodjayevaga, shuningdek, 115 kvadrat metrdan iborat “qurilishi tugallanmagan” bino-inshootni boshqa bir talabgor Sohibjon Qodirovga sotib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib bergan. Ammo oʻrganishlar va surishtiruvlardan soʻng maʼlum boʻlishicha, fuqarolarga sotilgan yer maydonining 10 tasida noqonuniy turar joy binolari qurilayotganligi oʻz isbotini topdi. Aniqlangan har bir holatga oydinlik kiritish maqsadida ishchi guruhi tuzilib, mutaxassislar tomonidan sinchiklab oʻrganilganida, qator qonunbuzilish hollari, soxtakorliklar, kadastr davlat korxonasi tomonidan kattagina yer qismi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaganligi maʼlum boʻldi.

Davlat Mulk Qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi, “Oʻzbekengilsanoat” uyushmasi hamda xaridor “Buxoro trikotaj fabrikasi” AJ oʻrtasida 1994-yil 16-mayda tuzilgan oʻzaro kelishuv shartnomasida xaridor mehnat qonunchiligiga qatʼiy rioya etgani holda ishlab turgan ishchilarni ishdan boʻshatmasligi, oʻz faoliyat yoʻnalishini 5 yil davomida oʻzgartirmasligi, mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmini saqlab qolish choralarini koʻrishi, mehnat jamoasini ijtimoiy himoyalash va yana boshqa qator majburiyatlarni oʻz zimmasiga olgan. Ammo amalda esa butunlay boshqacha manzara aks etib, mulkdor tomonidan xususiylashtirilgan obyekt yuridik va jismoniy shaxslarga sotib yuborilib, talon-toroj qilingan.

Yuqorida keltirilgan misollar atroflicha oʻrganilgani va qonuniy baho berilgani holda Buxoro shahar prokurori tomonidan 2018-yil 19-iyunda Fuqarolik ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudiga daʼvo arizasi kiritilgan. Unda mulkni davlat egaligiga qaytarish lozimligi eʼtirof etilgani holda javobgar tomonga nisbatan tegishli chora koʻrish zarurligi soʻralgan.

Mazkur ish Fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi kassatsiya instansiyasi tomonidan batafsil muhokama qilinib, ishdagi har bir hujjat, oldi-sotdi shartnomasi, kadastr guvohnomalari, ularning qonuniyligi eʼtibordan chetda qolmadi. Bir necha oyga choʻzilgan muhokamalardan soʻng 2019-yilning 27-mart kunida tegishli sud organi oʻz ajrimini eʼlon qildi. Unga muvofiq Fuqarolik ishlari boʻyicha Buxoro tumanlararo sudining 2018-yil 19-iyundagi mazkur daʼvo arizasi boʻyicha chiqargan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Hozirda obyekt investitsiya kiritish, yangi ish oʻrinlarini yaratish sharti bilan bilan “Shofirkon ekvatorial teks” sarmoyadorlariga berilgan. Va bu yerda keng koʻlamdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

Shu oʻrinda yana bir gap. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-iyun kuni hududlarda sanoatni rivojlantirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida boʻsh turgan yoki samarali foydalanilmayotgan davlat va nodavlat obyektlari hisobini yuritish, ular negizida korxonalar tashkil etib, ish oʻrinlari yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.Mazkur masalada mutasaddilarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi. Demakki, bugunning tadbirkoriga talab juda yuqori. U qoʻlga kiritgan va oʻziga ishonch bildirilgan kattagina korxonani parokandalikka olib bormasdan, inqirozga yuz tutishiga sababchi boʻlib qolmasdan, ishbilarmonligi tufayli nafaqat oʻzi, balki boshqalarni ham boqishi, ortidan ergashtirishi, moddiy taʼminlashi, kerak boʻlsa, tayanchi va gʻamxoʻri boʻlmogʻi ham qarz, ham farzdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?