Buxoro va Gujarat oʻrtasidagi aloqalarning yangi sahifasi ochilmoqda

16:45 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
90 0

Buxoro viloyati hamda Hindistonning Gujarat shtati ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes forum tashkil etildi.Yoshlar markazida boʻlib oʻtgan tadbirda tarkibida 40 nafardan ziyod ishbilarmon boʻlgan hind delegatsiyasi aʼzolari ishtirok etdilar.

Forum ochilish marosimida soʻz olgan Buxoro viloyat hokimi Oʻktam Barnoyevning taʼkidlashicha, 2500-yildan koʻproq boy tarixga ega, jahonda mashhur olimu ulamolari bois Sharq sivilizatsiyasi beshiklaridan biri va Musulmon olamida “Qubbatul-Islom” nomi bilan mashhur azim Buxoro bugungi kunda ham butun dunyo mamlakatlari aholisi uchun eng sevimli maskanlardan biri boʻlib kelmoqda.

Albatta, Buxoro va Hindiston oʻrtasidagi munosabatlar ildizi ham olisga borib taqaladi. Buxoroning ulugʻ farzandi, tibbiyot ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino “Avitsenna” nomi bilan Hindistonda ham yaxshi tanilgan. Qolaversa, Buxoro ham qadimdan xuddi Gujarat shtati singari savdo va tadbirkorlikda yetakchi hudud sanalgan.Bugungi kunda Buxoro viloyatida 200 dan ortiq xorijiy korxonalar mavjud.Hindistonlik investorlar ishtirokida 10 ga yaqin qoʻshma korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda.Shu oʻrinda bir misol. Hindistonning “Orion Grupp” kompaniyasi investorlari 10 million dollardan koʻproq toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya hisobiga zamonaviy mehmonxona qurishni boshlashdi.

Viloyat hokimi hindistonlik tadbirkorlarga murojaat qilar ekan, ularni investorlar uchun yaratilgan qulayliklar va imtiyozlardan foydalanib, “Buxoro-agro” va “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonalarida hamda “Buxoro Siti” majmuasida biznes loyihalarni amalga oshirishga chaqirdi.

-Buxoro va Gujarat oʻrtasidagi aloqalarda yangi sahifa ochilmoqda,- deya taʼkidladi Oʻ. Barnoyev.

Tadbirda soʻz olgan Gujarat shtati bosh vaziri Vijay Ramniklal Rupani ham Oʻzbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berib, neft – gaz sanoati, farmatsevtika va boshqa qator sohalarda aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida ekanliklarini, forum tadbirkorlar oʻrtasidagi sherikchilikni, oʻzaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilajagini bildirdi.Hunarmandlar oʻrtasida toʻgʻridan – toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish taklifini oʻrtaga tashladi.

-Biz forum doirasida toʻrt soat vaqtni shu qadimiy shaharda oʻtkazishni moʻljallaganmiz,- dedi jumladan Vijay Ramniklal Rupani koʻhna Buxoro haqida toʻxtalar ekan.-Ammo Buxoroning boy madaniyati, osori atiqalari bilan tanishishga toʻrt kun ham kamlik qiladi.

Forumda ikkala hudud iqtisodiy salohiyatiga oid videoroliklar namoyish etildi.Tashkil etilgan maxsus pavilyonlarda tadbirkorlar yuzma – yuz muloqotga kirishdilar.

-Biz sayyohlik faoliyati bilan shugʻullanamiz,-deydi Gujarat shtatidagi “SITC grupp” firmasi rahbari Nishad Shah.- Buxoroning boy turistik salohiyatga egaligi bu yerdagi tadbirkorlar bilan yaqindan hamkorlik qilishimizga imkon beradi.Bizni shahringizdagi “Oybek shifo” turfirmasining takliflari qiziqtirib qoʻydi.

Shu kuni buxorolik va hindistonlik tadbirkorlar oʻrtasida bir qator kelishuvlarga erishildi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?