Buxoro shahridagi 153 ta xonadon tabiiy gaz tarmogʻidan uzildi. Nega?

15:23 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
119 0

Kechqurun uyiga qaytgan Toshbolta Ochilov turmush oʻrtogʻining qosh – qovoq osib olganini koʻrib pinagini buzmadi. Ammo ha deganda ovqatu choy kelavermagach, sabri chidamadi. ”Ovqat- povqating yoʻqmi”, deb zarda qildi. Lekin xotinining “Bizni tabiiy gaz tarmogʻidan uzib ketishdi”, deganini eshitib, dami ichiga tushib ketdi.

Nima ham qilsin? Oʻzidan oʻtdi. ”Gazchi”lar “Aka, tabiiy gazdan falon soʻm qarzingiz bor”, deya deb bir emas, uch- toʻrt bor aytishdi. Ogohlantirish xati ham tashlab ketishdi. Vaqtida qarzini uzganida shu dilxiralik boʻlmasdi.

Toshbolta Ochilov ertalab tura solib, gazdan qarzini uzgani yugurdi.

— Isteʼmolchilarning toʻlov madaniyatini oshirish muhim vazifalardan sanaladi, — deydi «Hududgaz Buxoro» gaz taʼminoti filiali matbuot kotibi Mohigul Abdullayeva. — Korxonamiz tomonidan bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hududlarga biriktirilgan inspektorlar foydalanilgan tabiiy gazdan yuzaga kelgan qarzdorlik boʻyicha tuman va shaharlarda ish olib borishmoqda. Ular aholi xonadonlari va ulgurji isteʼmolchilarga qarzdor ekanliklarini eslatib, ogohlantirish xati berishyapti.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora – tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida tashkilot tomonidan qarzdorlik boʻyicha chiqarilgan ogohlantirish xatiga asosan qarzdor belgilangan muddat ichida toʻlovni amalga oshirmasa uning xonadoniga vaqtinchalik tabiiy gaz taʼminoti toʻxtatiladi.

Oʻtgan avgust va sentyabr oylarida viloyat boʻyicha jami 6947 ta xonadonlarga 935 million soʻmdan ortiq qarzdorlik boʻyicha ogohlantirish xatlari berilgan. 714 taga yaqin xonadon esa toʻlovni amalga oshirmaganligi sabab tarmoqdan uzilgan.

Birgina Buxoro shahri misolida oladigan boʻlsak, hududda istiqomat qiluvchi qarzdor fuqarolarga 1367 ta ogohlantirish xati chiqarilgan. Ularning 948 tasi toʻlovni amalga oshirgan boʻlsa, 419 tasi ogohlantirish xatini olganligiga qaramasdan vaqtida qarzdorik toʻlovini amalga oshirmagan. Natijada bugungi kunga qadar jami 105 million soʻmdan ortiq qarzdorlik uchun 153 ta xonadon tabiiy gaz tarmogʻidan uzildi.

Eslatma tariqasida aytish oʻrinli: aholi tomonidan qarzdorlikni vaqtida bartaraf etish turli muammolarning kelib chiqmasligiga, shuningdek, “zangori olov”ning xonadonlarga bir maromda yetib borishiga xizmat qiladi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?