“Buxoro mavjlari”ning Turkiyaga safari maroqli kechmoqda

12:04 09 Oktyabr 2019 Jamiyat
109 0

Mana, bir necha kundirki, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Buxoro viloyat boʻlinmasi huzuridagi “Buxoro mavjlari” ashula va raqs ansamblining Turkiyadagi safari davom etmoqda.

Hamyurtlarimiz “Anqara madaniyat haftaligi” xalqaro sanʼat festivalida ishtirok etyaptilar.Tadbirning ochilish marosimida ular oʻz badiiy dasturlari bilan chiqish qildilar.Festivalning ikkinchi kunida esa turli davlatlardan kelgan ansabl jamoalari bilan Anqara shahar merining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.Uchrashuv Mustafo Kamol Otaturk asos solgan Qabullar zalida tashkil etildi.Qabul soʻngida “Doʻstlik oqshomi” deb nomlangan madaniy tadbir uyushtirildi.Unda buxoroliklar oʻzlari tayyorlab kelgan“Viloyatlar guldastasi” dasturi hamda “Buxorcha” va Xorazm yoʻlidagi qoʻshiq va raqslarni ijro etib olqishlarga sazovor boʻldilar.

-Kecha, yaʼni 8-oktyabr kuni “Tyurksoy” tashkiloti bosh direktori bilan uchrashuv oʻtkazildi,-deya Turkiyadan muxbirimizga xabar berdi Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi viloyat boʻlinmasi rahbari Rauf Avezov.-Tadbirda barcha davlatlardan kelgan ansambllar qatorida maxsus diplom bilan taqdirlandik.Oʻzaro sovgʻalar almashindi.Shu tadbir davomida kichik taqdimot oʻtkazdik.Unda boʻlinmamiz xodimlari tomonidan “Mavrigi” turkumiga kiruvchi qoʻshiq va raqslar ijro etildi.Shuningdek, istiqbolda turli loyihalarda ishtirok etish yuzasidan kelishuvga erishdik.Xalqaro sanʼat festivali doirasidagi tadbirlarda faol qatnashyapmiz.

Shu oʻrinda eslatib oʻtish joizki, “Buxoro mavjlari” ashula va raqs ansambli joriy yilning yozida ham Turkiyada safarda boʻlib, dunyoning koʻplab davlatlari badiiy dastalari ishtirokida oʻtgan uchta xalqaro festivalda qatnashgan, pirovardida Yalova shahrida tashkil etilgan “Turkiy xalqlar madaniy aytishuvi” xalqaro anjumanida gran –pri sohibi boʻlgandi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?