Buxoro g‘allakorlari O‘zbekistonda birinchi bo‘lib davlatga don sotish shartnoma rejasini bajardi

11:04 23 Iyun 2018 Jamiyat
1092 0

Buxoro viloyati g‘allakorlari O‘zbekistonda birinchi bo‘lib davlatga don sotish shartnoma rejasini bajardi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Qayd qilinishicha, o‘rtacha hosildorlik 60 sentnerni tashkil etdi. Bug‘doy maydonlari o‘tgan yilga qaraganda bir muncha qisqargan bo‘lsa-da, yalpi xirmon salmoqli bo‘ldi.

O‘tgan yil kuzda viloyat g‘allakorlari 63,1 ming gektar yerda mahalliy iqlim va tuproq sharoitiga mos “Krasnodar – 99”, “Vassa”, “Grom” kabi ertapishar va serhosil navli urug‘larni obi-tobida ekib, undirib oldi. Ekinlar zamonaviy texnologiyalar asosida parvarish qilinishi samarasida kutilgan hosil yetishtirildi.

Bu yil o‘tgan mavsumdagidan ancha qisqa, ya’ni o‘n yetti kunda shartnoma rejasi bajarildi. Bunda Vobkent, Peshku, Romitan, Jondor, Qorovulbozor kabi tumanlarning hissasi katta bo‘ldi. O‘rib olingan 24 ming 530 gektardan ziyod maydonda o‘rtacha hosildorlik 60 sentnerni tashkil etdi. Peshku tumanidagi “Fattoyev”, Jondor tumanidagi “Bo‘ston Nazar”, Romitan tumanidagi “Muhsin”, Vobkent tumanidagi “Malik Sharif Shukur”, Shofirkon tumanidagi “Sherali Qodir” fermer xo‘jaliklarida bu ko‘rsatkich 68-93 sentnerga yetdi.

Viloyatdagi g‘alla yetishtiruvchi 3 ming 583 fermer xo‘jaligining 2400 ga yaqini davlatga don sotish shartnoma rejasini oshirib bajardi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?