“Buxoro” aeroporti “MDH mamlakatlarining eng yaxshi aeroporti” deb topildi

12:37 31 May 2019 Jamiyat
365 0

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”/ Buxoro. Moskva shahrida boʻlib oʻtgan MDH davlatlari Fuqaro aviatsiyasi “Aeroport” Assotsiatsiyasi konferensiyasida “Buxoro” xalqaro aeroporti ish tajribasi oʻrganishga arzigulik deb topildi. U 2018-yil yakuni boʻyicha “MDH mamlakatlarining eng yaxshi aeroporti” nominatsiyasi gʻolibi deb eʼlon qilindi.

Anjumanda turli davlatlardan kelgan soha xodimlari aviayoʻlovchilar oqimini koʻpaytirish, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish va servis xizmati sifatini oshirish yuzasidan oʻzaro tajriba almashdilar.Assotsiatsiya tomonidan bajarilgan bir yillik ishlarning hisoboti koʻrib chiqildi.Tadbir doirasida tizimga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.Shu maqsadda ilgʻor texnologik jihozlar koʻrgazmasi tashkil etildi.

- Jamoamizning 100 -500 ming nafar aviayoʻlovchi tashish quvvatiga ega aeroportlar oʻrtasida eng yaxshi deb topilishi,maxsus Kubok va Faxriy yorliq bilan taqdirlanishi sohada olib borilayotgan izchil islohotlar samarasidir, - deydi “Buxoro” aeroporti shtabi boshligʻi Sayfiddin Badriddinov. - Oʻtgan yilda Rossiyaning “Aeroflot”,S7 “Sibir”, Tojikistonning “Somon air” aviakompaniyalari havo kemalari qatnovi yoʻlga qoʻyildi.Ayni paytda Turkiyaning “Onur air” aviakompaniyasi bilan “Buxoro –Istanbul –Buxoro” yoʻnalishini, shuningdek, “Buxoro – Vladivostok – Buxoro”, “Buxoro-Loyan (XXR)-Buxoro” reyslarini ochish boʻyicha saʼy – harakatlar qilinyapti. 2018-yilda jamoamiz tomonidan yoʻlovchi tashish rejasi 102 foizga bajarilganini ham taʼkidlamoqchiman.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, “Buxoro” aeroporti mazkur Assotsiatsiya tomonidan oʻtkazib kelinayotgan tanlovning faol ishtirokchisi sanaladi.U ushbu nufuzli tadbirning turli nominatsiyalari boʻyicha bir necha bor gʻoliblar safidan oʻrin olgan.

Maqolani tayyorlash jarayonida Moskva shahridan yana bir xushxabar yetib keldi. Yurtdoshimiz,”Buxoro” aeroporti direktori T. Bahronov qatorasiga ikkinchi marta MDH davlatlari “Aeroport” Fuqaro aviatsiyasi Assotsiatsiyasi Prezidenti etib saylandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?