Buyraklarni koʻchirib oʻtkazish boʻyicha birdaniga 14 kishi operatsiya qilindi. Natija qanday?

18:25 28 Noyabr 2018 Dunyo
361 0

Foto: anews.az

Turkiyalik shifokorlar domino prinsipi boʻyicha birdaniga yettita bemorga buyrakni muvaffaqiyatli koʻchirib oʻtkazishdi.

“Bir vaqtda 14 kishi operatsiya qilindi. Bu Yevropa donorlik va organlar transplantatsiyasi tarixidagi birinchi holatdir”, deyiladi Anadolu agentligi xabarida.

Professorlar Murat Tunjer va Muzaffer Sariyor boshchiligidagi malakali shifokorlar Istanbuldagi “Medikana” klinikasining yettita operatsiya palatasidan bir vaqtning oʻzida foydalanishdi. Amaliyotda hammasi boʻlib 22 shifokor, jumladan, organlar transplantatsiyasi boʻyicha toʻqqiz nafar jarroh ishtirok etdi. Operatsiya 10 soat davom etdi.

“Bugun biz uchun baxtli kun. Sababi bu nafaqat turk tibbiyoti, balki organlar transplantologiyasi tarixidagi burilish nuqtasi boʻldi. Operatsiyalar dunyodagi organlar koʻchirib oʻtkazilishini kutayotgan yuz minglab bemorlarga umid berdi. Operatsiyalarga jalb etilgan mutaxassislar jamoasi qilgan ishlaridan faxrlanadi”, - deydi professor Murat Tunjer.

Bugungi kunda bir vaqtning oʻzida organlarni koʻchirib oʻtkazish nisbati 5 foizni tashkil etmoqda. Turk klinikasida oʻtkazilgan operatsiyadan koʻzlangan maqsad ushbu miqdorni 20-30 foizgacha koʻtarishdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?