Bugunning shiori: Xotirjamlik — birinchi dushman! — Bugun matbuotda

14:22 17 Iyul 2020 Jamiyat
207 0

Hozir mamlakatimizda 800 dan ortiq oʻquv markazi litsenziyaga ega, lekin ularning atigi toʻrtdan biri kasbga oʻrgatadi. Endi ularga davlat buyurtmasi berilgandan soʻng raqobat yana-da kuchayadi, koʻproq kasbga oʻrgatiladi, qoʻshimcha ishchi oʻrinlari yaratiladi…

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovning Yangi Oʻzbekiston gazetasida chop etilgan “Har bir oʻquvchi bilan individual ishlanadi” sarlavhali materialida ana shunday yangiliklar bilan tanishishingiz mumkin. Muallifning qayd etishicha, sertifikatga ega bitiruvchilarga ish beruvchi korxonalar ham ragʻbatlantirilib, oylik maoshga bogʻliq boʻlgan soliqlardan ozod qilish mexanizmini yoʻlga qoʻyish ham rejalashtirilyapti. Bu ish beruvchilarga xodimlarni norasmiy ishlatishdan koʻra, sertifikatga ega bitiruvchilarni rasmiy ishga olishiga koʻmak boʻladi. Shu tarzda adolatli monitoring tizimi tatbiq etiladi....

Xalq soʻzigazetasida M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali rahbari oʻrinbosari, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent A.Mamanazarovning “Smart iqtisodiyot” va taʼlim. Oʻzbekistonda uni qanday uygʻunlashtirish mumkin?” sarlavhali maqolasi eʼlon qilingan. Unda yozilishicha, yaqinda “Ookla” kompaniyasining Speedtest.net cervisi koronavirusning internet global surʼatiga taʼsirini eʼlon qildi. Unga koʻra, iyun oyi ikkinchi yarmida dunyoda internet tezligi 2, global mobil internet tezligi esa 8 foiz oʻsgan. Xususan, Oʻzbekistonda ham mazkur koʻrsatkichlar mos raviщda 8 va 16 foizni tashkil etgani, mamlakatimizda oxirgi bir yilda bu borada ijobiy oʻzgarishlar kuzatilayotgani taʼkidlandi.

Jamiyat” gazetasida nashrning Fransiyadagi jamoatchi muxbiri Doniyor Roʻzmetovning “Ibn Sino, avvalo, faylasuf boʻlgan” sarlavhali maqolasida urf-odat bahona xalqimizning qon-qoniga singib ketgan toʻylardagi dabdababozlik, ortiqcha hasham kabi illatlar tahlil qilingan boʻlsa, jurnalist Gulruh Moʻminovaning “Maoshi roʻzgʻoriga yetmaydigan oilalar juda koʻp” deb nomlangan maqolasida yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar xususida mulohaza yuritilgan. Shuningdek, “Xotirjamlik — birinchi dushman. Bugunning shiori shunday!”, “Qalbi xastalarni tuzatib boʻlmaydi”, “Ajal reklamasi” kabi mavzular oʻquvchini befarq qoldirmasligiga ishonamiz.

“Qonun barcha uchun barobar. Bu bahs talab etmaydigan haqiqat, albatta. Ayniqsa, hozirgi jiddiy vaziyatda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilish birinchi galdagi zaruratlar qatoriga kiradi, — deb boshlanadi Adolatgazetasida eʼlon qilingan “Daxlsiz organga tahdidni qanday baholash mumkin” sarlavhali maqola. — Zero, pandemik karantin taqozosidan oʻrnatilgan tartibga rioya etish bebaho salomatligimizni saqlashga katta hissadir. Buni hammadan qattiq talab qilish, temir intizom oʻrnatish shart, bunga shubha yoʻq. Ammo karantin qoidalari oʻz mustasnolariga egaligi ham sir emas. Masalan, faol harakatlanishga cheklov oʻrnatilgan ayni pallada xizmat zaruriyatiga qarab ayrim toifdagi avtotransport vositalariga erkin harakatlanish uchun ruxsat berilgan. Sud idoralariga tegishli avtomashinalar ham shular sirasiga kiradi. Taassufki, bundan ayrim hokimlar, IIB xodimlari bexabar koʻrinadi. Surxondaryo viloyatining Jarkoʻrgʻon tumanida sodir boʻlgan voqea bizni shunday xulosa chiqarishga majbur etdi...

Bu hayotda amaldagi tartib-qoidalarga qatʼiy rioya etgan holda uy-joy qurgan kishi, hech shubhasiz, oʻz mehnatining samarasini koʻradi, yangi uyida oila aʼzolari bilan rohat-farogʻatda yashaydi. Boshqacha aytganda, hayotda qonunni yaxshi bilgan, uning meʼyorlariga toʻliq amal qilgan kishi hech qachon yanglishmaydi. Buning aksi — qonunni chetlab oʻtishga urinish, oʻzganing mulkini oʻzboshimchalik bilan egallab olish hech qachon beiz ketmaydi.Kuch — adolatda gazetasida bosilgan “Bir hovli-joy nizosi yoxud qoʻldan qoʻlga oʻtgan mulk mojarosi haqida” sarlavhali material ayni shu mavzuga bagʻishlangan. Shuningdek, nashr sahifalaridan “Oila qoʻrgʻoniga darz ketmasin”, “Makkora ayolning firibi oʻziga qimmatga tushdi” nomli materiallar ham joy olgan.

“Oʼzbekiston bunyodkori”gazetasida chop etilgan “Harbiy xizmatchi yongʻinda odamlar hayotini saqlab qoldi” sarlavhali material esa quyidagi jumlalar bilan boshlanadi:

“ ...Oʻsha kuni Qirguli mavzesida yashaydigan odamlar kuppa-kunduzi, xalq tilida aytganda esa “yorugʻ boshida” bir emas, ikki inson hayotini saqlab qolgan qahramonni oʻz koʻzlari bilan koʻrdi. U Gollivud filmlaridagi kabi afsonaviy koʻrinishga ega emas. Uning yopingʻich shaklidagi ajabtovur kiyimlari ham yoʻq. U hamma qatori inson. Eng muhimi, uning odamlar quvonchu tashvishlarini oʻz koʻnglidan oʻtkaza oladigan toza qalbi, yuksak odamiyligi bor. Mana shu xislatlar Farhodjonni yana bir bor toʻgʻri yoʻlga boshladi. Qalb amri mashaqqatlar ortidan uni yana bir bor koʻngil halovatiga yetkazdi...”

“BMT Xavfsizlik kengashi pandemiya va koronavirusga qarshi kurash choralari davrida oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi. Rezolyutsiyaning asosiy maqsadi mart oyida BMT Bosh kotibining oʻt ochishni zudlik bilan toʻxtatish toʻgʻrisidagi chaqirigʻini qoʻllab-quvvatlashdan iborat, — deyiladi Vatanparvar gazetasida berilgan “Birlashgan Millatlar Tashkiloti — muammolarning diplomatik yechimi” sarlavhali materialda. — Fransiya va Tunisning bu tashabbus ortidan tayyorlagan loyihasini Xavfsizlik kengashi apreldan buyon koʻrib chiqayotgandi. Diplomatlarning soʻzlariga koʻra, asosiy kelishmovchiliklar Xitoy va AQSH delegatsiyalari oʻrtasida yuzaga kelgan. Yakunda Vashingtonning talabi bilan rezolyutsiya matnidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining roli haqidagi eslatma chiqarib tashlandi. Unda, shuningdek, infeksiyaning qaysi mamlakatda kelib chiqqani ham tilga olinmagan...”

Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼatigazetasidan Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri maslahatchisi Bahodir Valiyevning “Berdaq orzu qilgan istiqbol”, Humoyun Akbarovning “Milliy bogʻning mangu chinorlari” hamda Qulman Ochilovning “Davlat tili: amaliy ishlar samarasi” nomli maqolalari oʻrin olgan. Shuningdek, nashrda “Olimning maqsadi – kashf etish”, “Sinovdagi sinovlar xususida” sarlavhali materiallar ham berilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?