Bugungi sa’y-harakatlar kerakli paytda yetarli miqdorda obihayot yetkazib berishga qaratilgan

09:10 07 Iyun 2018 Jamiyat
135 0

Shu yil 29 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aksariyat hududlarda suv tanqisligi yuzaga kelayotgan bu yilgi dehqonchilik mavsumida obihayotdan oqilona foydalanish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Global iqlim o‘zgarishi oqibatida dunyoning ko‘plab davlatlarida kuzatilayotgan suv tanqisligi ta’siri ummonlardan olisda joylashgan mintaqamizda yaqqol sezilmoqda. Ayniqsa, bu yil mamlakatimizda qish nisbatan quruq kelgani, yog‘ingarchilik kam bo‘lgani vaziyatni murakkablashtirayotgani bor gap. Bu esa sug‘orma dehqonchilik qilinadigan 4,3 million gektar maydonda mo‘ljaldagi hosilni yetishtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun obihayotning har qatrasidan tejab-tergab foydalanishni taqozo etadi.

Xo‘sh, suv tanqisligini yumshatish uchun qanday amaliy chora-tadbirlar ko‘rilyapti? Iqtisodiyot tarmoqlari, xususan, dehqon va fermer xo‘jaliklarining joriy mavsumda suvga bo‘lgan ehtiyoji qay tarzda qondiriladi? Taqsimotda adolat tamoyillarining ustuvorligi ta’minlanyaptimi? Umuman, mavsumni betalafot o‘tkazish uchun nimalar qilmoq kerak?

Shu kabi savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi mutasaddilariga murojaat qildik.

— Mamlakatimiz agrar sohasi hamda u bilan bog‘liq tarmoqlarning rivoji bevosita suv xo‘jaligi bilan chambarchas bog‘liq, — deydi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ravshan MAMUTOV. — Chunki yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy qismi sug‘oriladigan yerlardan olinadi.

Shu bois davlatimiz tomonidan suv xo‘jaligi va suv resurslarini barqaror boshqarishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur sohada yagona siyosatni amalga oshiradigan yangi vazirlikning tashkil etilgani tizimda to‘planib qolgan muammolarni bartaraf qilish, obihayotdan oqilona foydalanish maqsadida tashlangan muhim qadam bo‘ldi.


— Ayting-chi, suv xo‘jaligidagi bugungi real ahvol qanday? Mavjud ekin maydonlari, qolaversa, g‘alladan bo‘shaydigan yerlarning 680 ming gektarida joylashtiriladigan takroriy ekinlarni kerakli miqdorda sug‘orish imkoniyati mavjudmi?

— Avvalo, shuni aytish kerakki, suv tanqisligi faqat O‘zbekistonda emas, butun sayyoramizda kuzatilayotgan ekologik muammolardan biri hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi, yalpi isish oqibatida suvga talab oshgani sayin uning manbalari tobora kamayib ketayotgani masalaning nechog‘li dolzarb tus olganini ko‘rsatib turibdi. Aytaylik, yangi asr boshlariga qadar kam suvli mavsum har 6 — 8 yilda bir marta kuzatilgan bo‘lsa, oxirgi paytlarda bunday holat 2 barobar tezlashib, har 3-4 yilda takrorlanyapti. Bu yil shunday murakkab, ya’ni nafaqat suv xo‘jaligi obyektlarini ishlatish hamda ularni boshqarishda faoliyat yuritayotgan 43 ming nafar rahbar-xodimlar va mutaxassislar, balki rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari bo‘lgan minglab omilkor fermerlar uchun ham sinovdir.

Ammo ortiqcha xavotirga o‘rin bo‘lmasligi kerak. Chunki bu masala o‘rganilib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Salbiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha tezkor choralar olib borilyapti. Adolatli suv taqsimotini yo‘lga qo‘yish maqsadida 1100 dan ortiq suvchilar shtablari tuzildi. Suv ta’minotida uzilish bo‘lmasligi uchun respublikamizda mavjud 180 ming kilometr sug‘orish tarmoqlari, 800 dan ortiq yirik gidrotexnika inshootlari, 20 mingga yaqin gidropost hamda suv taqsimlash inshootlari, umumiy hajmi 19,2 milliard m3 bo‘lgan 55 ta suv ombori, yillik elektr energiyasining umumiy sarfi 8,2 milliard kVt/soat bo‘lgan 1668 ta nasos stansiyasi, 4069 ta tik sug‘orish qudug‘i faoliyati samaradorligi oshirilmoqda.

Qolaversa, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi diversifikatsiya qilinib, ko‘p suv ichadigan paxta va sholi maydonlari qisqartirilayotir. Masalan, joriy mavsumda sholi ekiladigan maydonlar 162 ming gektardan 94 ming gektarga kamaytirilgan bo‘lsa-da, suv ta’minotida muammo sezilmagan Sirdaryo viloyatida 7,5 ming gektar yerni Xorazm viloyati fermerlariga, Jizzax viloyatida 5,5 ming gektar yerni Qoraqalpog‘iston fermerlariga takroriy ekin sifatida sholi ekish uchun berish ko‘zda tutilgan. O‘z navbatida, tanqislik kutilayotgan Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda mosh, loviya singari suvni kam talab etadigan ozuqabop ekinlar ekish mo‘ljallanmoqda.

— Tabiat sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tish ko‘p jihatdan omilkorlikka bog‘liq. Shu ma’noda, mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, sug‘orishda tejamkor usullarni qo‘llash borasida qanday ishlar amalga oshirilyapti?

— Suv resurslarining 80 foizidan ortig‘i qo‘shni davlatlar hududida shakllanadigan bizning sharoitda sug‘orishning tejamkor usullari, ilg‘or texnologiyalarni izchil tatbiq qilish har doim ham dolzarb sanaladi. Bugungi kunda o‘qariqlar o‘rniga egiluvchan plyonka quvurlarni ishlatish, sug‘orish texnologiyasini tuproq ostidan qo‘llash, egatlarga plyonka to‘shab, yomg‘irlatib, tomchilatib sug‘orishdan keng foydalanilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 21 iyundagi “Tomchilatib sug‘orish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va moliyalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, yangi texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xo‘jaligi korxonalari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, shuningdek, Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan imtiyozli kreditlar ajratilayotgani, soliq imtiyozlari tatbiq etilayotgani — bularning barchasi yangi loyihalar ijrosida rag‘batlantiruvchi omil bo‘lmoqda. Natijada o‘tgan davrda 22,6 ming gektardan ortiq maydonda tomchilatib, 118 ming gektar maydonda egiluvchan quvurlar yordamida, 28 ming gektardan ortiq maydonda egatlarga plyonka to‘shab sug‘orish usullari joriy qilindi.

Ko‘plab davlatlarda ommalashgan sug‘orishning bu kabi innovatsion yechimlari bu yilgidek suv tanqis paytda juda asqatadi. Masalan, tomchilatib sug‘orish, an’anaviy usullarga qaraganda, obihayot sarfini 20 foizdan 60 foizgacha tejaydi. Bu mehnat hamda moddiy resurslarni kam sarflab, ko‘p hosil olishga zamin yaratadi, deganidir.

Gap shundaki, mazkur usul samarasi o‘laroq, suv o‘simlikka shlanglar orqali yetkazib berilgani tufayli tuproq qotmaydi. Shu bois g‘o‘za qator oralarini qayta-qayta kultivatsiya qilishga hojat qolmaydi. O‘g‘it ham suv bilan eritib berilgani bois ekinni oziqlantirish uchun texnika kuchiga ehtiyoj sezilmaydi. Muhimi, endilikda sug‘orishning zamonaviy tizimlarini qo‘llash dehqonlarga ortiqcha qiyinchiliklar tug‘dirmaydi. Chunki bundan atigi 5-6 yil muqaddam zarur uskuna va jihozlar to‘liq xorijdan keltirilgan bo‘lsa, ayni paytda suv nasosi, hovuz-tindirgich, o‘g‘itlovchi moslama, quvur hamda shlanglar, xullas, kerakli jihozlarning deyarli barchasi o‘zimizda ishlab chiqarilyapti. Shu bois suv tejaydigan texnologiyalar qo‘llangan maydonlar yil sayin ko‘paymoqda. Joriy yilning o‘zida 15 ming gektarda tomchilatib, 12 ming gektarda egatga plyonka to‘shab, 36 ming 350 gektarda ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish joriy etilishi belgilangan. Bunday loyihalar, birinchi navbatda, suv tanqisligi sezilayotgan hududlarda amalga oshirilayotgani diqqatga sazovor.

— Suvdan maqsadli va samarali foydalanishda sug‘orish tarmoqlarining holati ham muhim ahamiyatga ega. Demoqchimizki, mavjud gidrotexnika inshootlarini modernizatsiyalash ishlarining bugungi ahvoli talab darajasidami?

— Darhaqiqat, kafolatli suv ta’minotini tashkil qilish sug‘orish tarmoqlarining texnik holati qanchalik yaxshiligiga bog‘liq. Shu bois yiliga o‘rtacha 5 ming kilometr uzunlikda kanallar, 100 ming kilometrdan ziyod ichki sug‘orish tarmoqlari, 10 mingga yaqin gidrotexnika inshootlari, 3 mingta nasos agregati, sug‘orish quduqlarida ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda. So‘nggi 15 yil davomida esa 1,5 ming kilometrdan ortiq kanallar, 211 kilometr lotok tarmoqlari, 400 ta yirik gidrotexnika inshooti, 20 dan ortiq nasos stansiyalarida rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari bajarildi. Bunday tadbirlar natijasida kanallarning foydali ish koeffitsiyenti 20 foizgacha oshishiga erishilmoqda.

Shu bilan birga, har bir iste’molchining suv olish joylari o‘lchov vositalari bilan jihozlanishi, yetkazib beruvchi bilan iste’molchi o‘rtasida ajratilgan limit doirasida tuzilgan shartnoma yuritilishi hamda uning ijrosi ta’minlanishi suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirdi. Buni mamlakatimizda umumiy suv iste’moli hajmi istiqloldan avvalgi yildagiga nisbatan 20 foiz kamaygani misolida ham ko‘rish mumkin. Shuningdek, ilgari bir gektar sug‘oriladigan maydonda dehqonchilik qilish uchun 18 ming kub metr suv sarflangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, bu ko‘rsatkich 10,5 ming kub metrni tashkil etyapti. Bu 42 foizdan ko‘proq obihayot iqtisod qilinayotganidan dalolatdir.

— Turgan gapki, modernizatsiyalash ishlari katta mablag‘ talab etadi. Bunday loyihalarni moliyalashtirish uchun chet el investitsiyalari ham jalb qilinyaptimi?

— Albatta, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun ichki resurslardan tashqari, chet el investitsiyalarini jalb etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya rivojlanish fondi, OPЕK fondi, Kuvayt fondi, Xitoy Xalq Respublikasi Eksimbanki kabi yirik moliya institutlari, shuningdek, Yaponiya, Shveysariya, Germaniya va boshqa davlatlarning Xalqaro hamkorlik tashkilotlari hamda agentliklari kabi donorlar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatilgani bunda qo‘l kelyapti. Natijada so‘nggi 10 yil mobaynida sohaga umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan investitsiya mablag‘lari jalb qilindi.

Jumladan, Islom taraqqiyot banki bilan imzolangan kelishuvga asosan, Xorazm viloyatidagi “Toshsoqa tizimini rekonstruksiya qilish”, Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan “Amu-Buxoro mashina kanalini rekonstruksiya qilish” loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘tgan yildan boshlab esa Jahon banki ishtirokidagi “Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi hamda Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Surxondaryo viloyatida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash (Hazarbog‘-Oqqapchig‘ay kanallar tizimini rekonstruksiya qilish)” loyihasi ijrosiga kirishildi.

Ahamiyatlisi, mazkur loyihalar respublikamizning barcha hududini qamrab olib, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligi inshootlarini modernizatsiyalash va ularning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

— Ma’lumki, yaqinda suv xo‘jaligi tizimini tubdan isloh etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ushbu hujjat suv tanqisligini bartaraf qilishda qanday rol o‘ynaydi?

— Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, mamlakatimiz suv xo‘jaligi tizimining kelgusidagi vazifalari, sohani rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar aniq belgilab berildi. Mazkur qaror bilan suv xo‘jaligi tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unda dastlabki yilning o‘zida jami 40 dan ortiq tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Suv va suvdan foydalanishga doir qonun hamda me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish ko‘lamini kengaytirish va uni rag‘batlantirish, suvdan foydalanishni rejalashtirish, suvni boshqarish hamda uning hisob-kitobini yuritish tizimini mukammallashtirish, sug‘oriladigan maydonlarning suv ta’minotini oshirish maqsadida yangi suv omborlarni va boshqa yirik gidrotexnika inshootlarini qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish kabi muhim vazifalar ana shular jumlasidan.

Darvoqe, suv omborlari haqida gap ketganda, ushbu jabhadagi yangi yo‘nalish — yurtimizda sel suvlarini to‘plab, dehqonchilikda foydalanish maqsadida 20 ga yaqin sel suv omborlari bunyod etilishi ko‘zda tutilganini alohida ta’kidlashni istardim. Bu nafaqat talafotlarning oldini olish, balki bu yilgidek ob-havo sharoitida suv taqchilligini yumshatishda qo‘l keladi.

Umuman olganda, “Yo‘l xaritasi” 10 ta asosiy bo‘limdan iborat bo‘lib, u mazmun-mohiyatiga ko‘ra, suv xo‘jaligini tubdan isloh qilish orqali har xil ob-havo, xususan, kutilmagan ekstremal sharoitda ham respublikamiz iqtisodiyoti tarmoqlari ehtiyojiga yarasha suv zaxirasini yaratish, dehqon, fermer va tomorqachilarga kerakli paytda yetarli miqdorda obihayot yetkazib berishdek ezgu maqsadga erishishga qaratilgan. Zotan, suv — tiriklik manbai. Usiz Yer yuzida na bir giyoh bitadi, na inson jon saqlay oladi. U bor joyda hayot bardavom bo‘lib, farovonlik, tinchlik-osoyishtalik hukm suradi. Bu bebaho ne’matni qadrlagan, isrofiga yo‘l qo‘ymagan, tejab-tergab foydalangan xalq esa hech qachon unga zoriqmaydi.

Mamlakatimiz suv xo‘jaligidagi bugungi hayotiy islohotlar, suv tanqisligini bartaraf etish, vaziyatni yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar joriy yilgi qishloq xo‘jaligi mavsumini ham ko‘ngildagidek o‘tkazish, barcha ekindan mo‘l hosil olishga mustahkam poydevor yaratadi, albatta.

“Xalq so‘zi” muxbiri
Said RAHMONOV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?