Bugungi Oʻzbekiston — ilgʻor takliflar, innovatsiyalar va zamonaviy yondashuvlar mamlakati

11:03 31 Yanvar 2019 Siyosat
971 0

Foto: "Xalq so'zi"

2018 yil bilan xayrlashdik. Undan bizga ajoyib xotiralar, unutilmas voqealar esdalik boʻlib qoldi. Yangi yil — hamisha umidbaxsh, yangi orzu-umidlar, xush niyatlar inʼom etadi. Ruhimizga halovat, intilishlarimizga gʻayrat-shijoat bagʻishlaydi. Yanvar hijriy-shamsiy taqvimga koʻra, jadiy oyi. Ayni paytda esa dalv oyi davom etmoqda. Ota-bobolarimiz “Dalv kirdi — davr kirdi” deb bejiz aytishmagan. Chunki bu oy qish bilan koʻklamni bogʻlaydi. Demakki, quyoshli kunlarimiz yanada uzayadi. Bu, mirishkorlarimiz taʼbiri bilan aytganda, qut-baraka nishonasidir.

Ilgari ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizni uchqur lokomotivga oʻxshatishni yaxshi koʻrishardi. Endi boʻlsa, yangilangan Oʻzbekistonni koʻproq zamonaviy avtomobilga qiyoslashmoqda. U ogʻir va ulkan emas, balki yengil, ­ixcham hamda harakatchan zamonaviy avtomobil. Shovqinsiz, ammo qudratli — aql-zakovat bilan qurollangan, puxta oʻylangan shakl va tuzilishga ega, ­tashqi qiyofasi ham oʻziga tortadi. Bu mashina tez oʻt oladi, motori harakatga keltirilgan va yoʻnalishi belgilangan. Muxtasar aytganda, megaavtoning ­uchqur harakatida muayyan chiziqlar koʻzga yaqqol tashlanmoqda. Keling, ularni ilgʻashga astoydil urinib koʻramiz.

Oʻn besh yildan keyin...

Ayting-chi, muvaffaqiyatli korxonaning inqirozga yuz tutgan korxonadan farqi nimada? Boshqaruv sohasining bilimdonlari bunda ikkita hal qiluvchi omil borligini ilgari suradilar. U ham boʻlsa rejalashtirish mahorati va belgilangan vazifani vaqtida amalga oshirish. Koʻrinadiki, voqealarning kelgusi rivojini bashorat qila olish, bu — izchil ish yuritib, natijadorlikka erishish qobiliyatidan darak beradi. Axir ish beruvchi yangi xodimni korxonasiga qabul qilayotib, unga: “Besh yil, oʻn yildan keyin oʻzingizni kim sifatida tasavvur qilasiz?” degan savolni bejiz bermaydi-da. Javobga qarab, xulosa qilinadi.

Binobarin, mamlakatimiz uchun eng sezilarli yangiliklardan biri oʻzgarishlarga moslashuvchan, dasturiy va maqsadli rejalashtirish jarayoni boʻldi. Buning asosi qayerda, deb qiziq­yapsizmi, marhamat: “Shavkat Mirziyoyev­ning saylovoldi dasturi — 2021 yilgacha moʻljallangan Harakatlar strategiyasi”ga eʼtibor qarating. Dastlabki “Yoʻl xaritasi” odamlarning orzu-umidlarini aks ettirsa, ikkinchisi davlat va xalq birligining inʼikosi sifatida oʻz ifodasini topdi.

Shunday ekan, davomi ham juda ­izchil va mantiqiy boʻlishi tayin. Chunki ­Oʻzbekistonni 2035 yilgacha uzoq muddatli rivojlantirish Strategiyasi Konsepsiyasining loyihasi muhokamaga qoʻyildi. Uni ishlab chiqishda ancha keng doiradagi mualliflar ishtirok etishadi, yaʼni dunyoning turli burchaklaridagi olimlar va ekspertlarning qarashlari, takliflari, fikr-mulohazalari hisobga olinadi.

Oʻzbekiston — 2035 dasturini roʻyobga chiqarishga kirishgunimizga qadar uning uchun poydevor tayyor boʻladi. Bu vazifani bajarishda aynan bugungi kunda amalga oshirilayotgan hamda iqtisodiyotning ochiqligi, investitsiyalar kafolatlangani va siyosiy tizim shaffofligini taʼminlashga qaratilgan ­islohotlar muhim oʻrin tutadi.

Oltindan ham qimmat

Hozirgi zamonda nimani eng ­qimmatbaho kapital, deb atash mumkin? Nima oltin yoki olmosdan ham, noyob qazilma boyliklardan ham qimmat? Gʻoyalar. Ilgʻor gʻoyalar. Har qanday jarayonning oʻzagi boʻlmish gʻoya — bugun eng bebaho va eng katta talabga ega tovar. Koʻp haq toʻlanadigan, insoniyatni taraqqiyot sari yetaklovchi kreativ, novatorlik gʻoyalari taraqqiyotning eng muhim yetaklovchi kuchiga aylandi.

Qimmatbaho tovar bor ekan, demak, uni ayirboshlash uchun imkoniyat ham yetarli darajada mavjud. Maʼlum bir gʻoyalarni kuchaytirish va tarqatish, boshqalarini esa qabul qilib, amaliyotga joriy etish jarayoni tarixda hamisha davom etgan. Gʻoyalar texnologiyalarni ­yaratishga asos boʻlgan, ular muayyan hududda paydo boʻlib, keyin boshqa hududlarga tarqalgan. Toshga sayqal berib, goʻzal buyum tayyorlash, metall eritish, turli ramzlar va alifbo yaratish, taqvim tuzish, harbiy yoki siyosiy nazariya, qisqasi, sanayversak adogʻi yoʻq bunday ixtirolar inson tafakkurining hosilasi sifatida yuzaga kelib, keyinchalik hayotiy voqelikka aylangan. Bunday koʻp bosqichli ayirboshlash jarayonini gʻoyalar tashuvi, gʻoyalar harakati, deb atash mumkin. Bu jarayonning ahamiyati shunchalik ulkanki, uni muqoyasa qilish mushkul.

Endi zamonaviy Oʻzbekiston gʻoyalar oʻchogʻi yoki gʻoyalar tashuvi uchun qulay markazga aylanish sari qadam qoʻyayotgani haqida bir qadar soʻz yuritaylik.

Bu oʻrinda davlatimiz rahbari ­Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Hindiston va Germaniyada oʻtkazgan oliy darajadagi uchrashuvlarini eslash kifoya. Ular yuqorida keltirilgan mushohadalarimiz xususida toʻliq tasavvur beradi.

Masalan, Hindistonda bizni nima qiziqtiradi? Sanaymiz: bir — texnoparklar tashkil etish va rivojlantirish tajribasi, ikki — elektron hukumat sohasida hamkorlik, uch — tinch kosmosni tadqiq qilish, toʻrt — yetakchi oliy taʼlim muassasalarining filiallarini ochish, besh — eng ilgʻor ishlab chiqarish korxonalari joylashadigan qoʻshma investitsion zonalarni qurish. Hind tomoni ham ziyon koʻrmaydi, balki aksincha: “The Economic Times” nomli yirik iqtisodiy gazetaning sharhlovchilari fikriga koʻra, Hindiston uchun Oʻzbekiston Markaziy Osiyo sari darvoza boʻlib ­xizmat qiladi. Demak, hindlar bizga ishonib, investitsiya kiritar ekan, mamlakatimiz orqali butun bir mintaqaning katta bozoriga chiqishni koʻzlayapti.

Yevropada iqtisodiy va texnologik jihatdan bayroqdor hisoblanuvchi Germaniyaga qilingan tashrif ham shunday muhim natijalarga olib keldi. ­Prezidentimiz uchrashgan kompaniyalar mutasaddilarini sanab oʻtishning oʻziyoq bu haqda tasavvur uygʻotadi. Axir “Simens”, “TissenKrupp”, “Folksvagen”, “Knauf”, “Klaas”, “MAN” degan brendlar nafaqat “koʻhna qitʼa”da, balki jahon bozorida yetakchi ekani barchaga maʼlum-ku. Shubhasiz, ularning muvaffaqiyati ilgʻor fan va industriyaga asoslanadi. Bunday texnologik xazina biz uchun juda foydali. Xuddi Germaniya uchun Oʻzbekistonning zamonaviy tahdidlarga qarshi kurash boʻyicha tajribasi va Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish borasidagi hamkorligi manfaatli boʻlgani kabi.

Xorijiy OAV vakillarining eʼtiborini tortgan yana bir jihat bor. Davlatimiz rahbari Berlinda boʻlib turganida oʻsha yerdagi yosh oʻzbekistonliklar, yaʼni talaba va olimlar katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, rivojlangan davlatlar barcha sohalarga ilmiy yondashib, natijaga erishgan. Biz ham juda katta izlanishdamiz. Butun harakatlarimiz dunyo bilan teng xalqimizga munosib hayot ­yaratishga qaratilgan. Islohotlarni siz kabi ilgʻor yoshlar bilan birga amalga oshiramiz. Hamma oʻrgangan ­bilim, nou-xaularingizni Oʻzbekistonning har bir sohasi intiqlik ­bilan kutyapti. Qancha koʻp bilimli boʻlsak, shuncha qudratli boʻlamiz.

Gʻarbda izchillik, Sharqda omilkorlik

Ilmiy fikr hamda texnologiyalar almashinuvida davlatimiz yoshlarga alohida umid bogʻlayotgani bejiz emas. Gʻoyalar tashuvi jarayoni oʻz tarixiy ildiziga, mohiyatiga ega.

Bir necha yuz yillar muqaddam ­Germaniyaning faxri — Gyote oʻz asarlarida Samarqand va Buxoroni tilga olib, Sharqqa maftun boʻlganini eslaydi. Adabiyotshunoslarning yozishicha, u ­Qurʼonning mazmuni, ravonligi va ­jarangidan hayratda qolgan, oʻz ­ijodida bir necha marta islomga ­murojaat qilgan. Demak, bundan deyarli uch asr avval ham mashhur faylasuf hamda shoir Gʻarb va Sharq tamaddunini birlashtirish gʻoyasini ilgari ­surganini payqash ­mumkin.

Oʻshandan buyon koʻp suvlar oqib oʻtdi, Germaniya tarixida oq va qora sahifalar bitildi. Ammo Germaniyaning “koʻhna qitʼa”da yirik markazlardan biri boʻlish imkoniyati, shuningdek, faqat birlashib koʻp narsani qoʻlga kiritish hamda olamni anglashga erishish haqidagi izchil va ilgʻor fikr xalq ­orasida saqlanib keldi. XXI asrda ­Yevropada Gyotening Vatani yetakchi ­sifatida oʻringa ega boʻlib bordi hamda oʻsha maqsadlar oʻzining hayotiy ifodasini topdi.

Mazkur jarayonda yana bir taniqli arbob Uinston Cherchill 1946 yili oʻzining “Yevropa fojiasi” degan nutqida yevropaliklarni milliy nizolarni toʻxtatishga, uning oʻrniga jahon urushidan keyin toʻplanib qolgan muammolarni hal qilishga chorladi. Salkam uch yil oʻtib, Yevropa Kengashi tuzildi. Uning faoliyati iqtisodiyot, ijtimoiy rivojlanish, madaniyat, qonunchilik, fan va texnika sohalarida hamkorlik qilishga qaratildi. Keyinchalik Yevropa ­Ittifoqi doirasida saʼy-harakatlarni birlashtirish natijalari esa ­bugun barchaga maʼlum.

Hech shubha yoʻqki, mamlakatimiz yetakchisi tomonidan ilgari surilib, Harakatlar strategiyasida oʻz ifodasini topgan “Markaziy Osiyo — Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi” degan gʻoya mintaqamiz taqdirida shunga oʻxshash ahamiyat kasb etadi. Bu gʻoyaning roʻyobga chiqish surʼatini kuzatar ekanmiz, bir necha oʻn yillar ­kutishga hojat yoʻq ekaniga yana bir bor amin boʻlamiz.

Deyarli bir yil muqaddam oʻzaro ishonchga asoslangan muloqot uchun sharoit yaratildi. Yaʼni oʻtgan bahorda mintaqa mamlakatlari yetakchilarining birinchi maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Qozogʻiston Prezidenti Nursulton ­Nazarboyevning aytishicha, Shavkat ­Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlat ­rahbarlarining ilk maslahat uchrashuvi mintaqa mamlakatlarining barcha ­sohadagi hamkorligida muhim oʻrin ­tutadi.

Bizning jonajon mintaqamiz nafaqat jugʻrofiy va geosiyosiy, balki madaniy taraqqiyot jihatidan ham hamisha yagona makon boʻlib kelgan. Buni qarangki, keyingi yillarda mazkur voqelik unutilgandek edi. Oʻzbekiston rahbarining gʻoyasi ushbu muhim haqiqatni junbishga keltirdi. Bu gʻoya kimdir, albatta, “bosh rolni oʻynaydigan” qandaydir sunʼiy birlashmani tuzishni koʻzda tutmaydi, faqat munosabatlarni oydinlashtiradi: mintaqamiz ulkan salohiyatga ega ekanmi, biz undan xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida foydalanishimiz lozimligini anglatadi. ­Ekspertlar baholashicha, Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi hamkorlikni kengaytiradigan boʻlsa, yaqin 10 yil ichida mintaqa yalpi ichki mahsuloti kamida ikki baravar ortadi. Bunday oʻsish surʼati esa hatto Yevropada ham kuzatilmagan.

Insoniylik mezoni

Mintaqa ichidagi aloqalarning ­faollashuvi yana qanday naf keltiradi? Koʻp millionli savdo va tranzit operatsiyalaridan tushadigan foyda bir ­tarafu, oddiy va samimiy insoniylik mezonlari bir taraf.

Birgina misol. Tojikiston ­Prezidenti 2018 yil yakunlarini sarhisob qilar ekan, Oʻzbekiston bilan Strategik sheriklik va munosabatlarni rivojlantirish haqidagi shartnoma imzolanganini tarixiy voqea, deb atadi. Va raqamlarni ham keltirdi, yaʼni qisqa vaqt ichida har ikki tomondan 2,5 milliondan ziyod fuqarolar bordi-keldisi qayd etilgan.

Ekspertlar yana boshqa voqeaga ham eʼtibor qaratdilar. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar berganidek, Dushanbeda har ikki mamlakatning oʻzbek — tojik chegarasini demarkatsiya qilish boʻyicha delegatsiyalari navbatdagi uchrashuvni yakunladilar. Natijada meʼyoriy-texnik hujjatlar loyihasi tayyorlandiki, ular asosida endi tomonlar ­Davlat chegarasi chizigʻini aniqlashtirish boʻyicha ­demarkatsiya ishlarini bajarish uchun ­muzokaraga kirishadilar.

— Ayni vaqtda kuzatayotganimiz iqtisodiy jihatdan oʻta ijobiy voqea, negaki, chegarani demarkatsiya va delimitatsiya qilishga boʻlgan harakat chegaraoldi hududida hamkorlikni kuchaytirish uchun imkoniyatni kengaytiradi, — deydi MDH mamlakatlari institutining Markaziy Osiyo boʻlimi rahbari ­Andrey Grozin “Sputnik” axborot agentligiga bergan intervyusida. — Shavkat ­Mirziyoyevning ­Dushanbega tashrifidan soʻng iqtisodiy aloqalarni yaxshilash borasida oʻsish kuzatildi. Vaholonki, ikki yil oldin hamkorlik umuman yoʻq edi, desa ham boʻladi. Tojik — oʻzbek tashqi savdo aylanmasi, bor-yoʻgʻi, bir necha million dollarni tashkil etgan. Shu raqamlarning oʻziyoq hamkorlik oʻshanda amalda muzlatilganidan darak beradi.

A. Grozinning fikricha, bundan ikki yil ilgari shunday qisqa muddatda mamlakatlar oʻrtasida iliqlik paydo boʻlishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin edi. Rossiya strategik tadqiqotlar instituti ­eksperti Dmitriy Popov ham oʻz hamkasbi bilan bir xil fikrda. Yaʼni u Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekis­ton barcha qoʻshni respublikalar bilan ­kelishmovchiliklarni tartibga solishdek aniq vazifani oʻz oldiga qoʻydi va izchil bajarib ­kelmoqda, deb hisoblaydi.

Kustanaydan Termizgacha, Turkmanboshi­dan Irkishtomgacha yagona tinch-totuv makon yaratish gʻoyasi barcha mamlakatlarning manfaatiga mos. ­Shavkat ­Mirziyoyev tomonidan 2017 yilning sentya­brida BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib ilgari surilgan, Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyot uchun hamkorlikni mustahkamlash haqidagi gʻoya butun sayyoramiz boʻylab qanot yozdi va oʻtgan yili yozda Nyu-Yorkka kelib aks sado berdi. Bu aks sado qabul qilingan rezolyutsiyadir.

Toʻgʻri, har qaysi mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarda qandaydir muammolar yechilmay qolishi mumkin va buni ekspertlar ham inkor qilishmaydi. Lekin bugun Oʻzbekistonda yangicha fikr va tashabbus bor, ular hatto eng oʻtkir ixtilofni ham hal etishga qodir.

Shubha yoʻqki, Oʻzbekistonning mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi gʻoyalar almashinuvi jarayoni davom etadi. Yaqinda xabar berilganidek, Prezidentimiz bir yilga moʻljallangan oʻnlab xorijiy tashriflarini rejalashtirgan. Ular orasidan Belgiya, Shveysariya, Kanada, ­Yaponiya, Bolgariya va Belarus oʻrin ­olgan. Demak, yangi texnologiyalar, ­foydali fikrlar, bunyodkorlik gʻoyalari bundan keyin ham ayirboshlanaveradi.

Muhimi, zamonaviy Oʻzbekiston dunyoga yuz ochdi. Shunchaki oʻzini koʻz-koʻz qilmasdan, aniq-puxta hamkorlik va sheriklik takliflari, doʻstona munosabatlarni yuksak darajaga koʻtargan tashabbuslari, oʻzaro munosabatlari bilan faol investitsiyaviy maydonda birgalikda samarali harakatlanishga chaqirmoqda.

Zero, mehmondoʻst, olijanob, mehnatkash oʻzbek xalqi, uning kreativ ­davlat rahbari, oqil, ishbilarmon ­tadbirkorlari yutuq hamda muvaffaqiyatlarning mustahkam qoʻrgʻonlari, ­ desak, aslo mubolagʻa emas.

Oʻtkir RAHMAT.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?