Bugungi davr kishilarni nafs qullariga aylantirish uchun bor nayranglarini ishga solayotgan davr sifatida tarixda qoladi — A.Qodirov

14:37 03 Sentyabr 2020 Siyosat
448 0

Insoniyat paydo boʻlibdiki, milliy qadriyatlar, milliy til va albatta Vatan mustaqilligi uchun kurashlar toʻxtagani yoʻq.

Oʻzbekiston ham oʻz mustaqilligi uchun uzoq va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtdi. Bu yoʻlda ming-minglab qurbonliklar ham berildi. Shuning uchun ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomasida maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganish, ular qoldirgan maʼnaviy boylikni faol targʻib etish orqali xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod vakillariga bugungi tinch va erkin hayot qadrini koʻrsatish kerakligi taʼkidlanib, “Biz mana shu yorugʻ kunlar uchun kurashib, jon fido etgan ota-bobolarimizning haqqi-hurmati, 33 millionlik xalqimizning haqqi-hurmati, bizga umid va ishonch koʻzi bilan boqib turgan bolalarimiz, nabiralarimizning haqqi-hurmati, mustaqillik va istiqlol yoʻlidan hech qachon qaytmaymiz!” degan daʼvat yangragan edi.

Davlatimiz rahbari jonajon yurtimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda esa yana bir bor tarix va va tarixiy haqiqatga murojaat qilib, “Har qanday mustaqil davlat mustahkam maʼnaviy poydevorga ega boʻlgandagina yuksak taraqqiyotga erisha oladi”, degan qatʼiy fikr bildirdi.

Shuni qayd etish joizki, bugungi davr kishilarni nafs qullariga aylantirish uchun bor nayranglarini ishga solayotgan davr sifatida tarixda qoladi. Bunga shubha yoʻq. Chunki insonni fikrlamaslik, oʻz qadriyatlarini qadrlamaslik hamda vatan tuygʻusidan voz kechishga undash, maʼnaviyat, mustaqillik, ozodlik singari soʻzlar qadrini yerga urishga urinishlar aynan shu kunlarda sodir boʻlyapti. Eng yomoni, qadriyatlar ustidan kulish, ularni qandaydir balandparvoz va keraksiz tushunchalar sifatida qabul qilishga qaratilgan harakatlar tizimli tarzda ommaviylashtirilib, insonning nafsini qondirish, uni xohlagan orzusiga erisha olishi, har qanday nomaʼqulchiliklar bilan mashgʻul boʻlishi va sunʼiy madaniyatni shakllantirilishi “erkinlik” tushunchasi bilan bogʻliq, deya omma ongiga singdirilyapti. Ammo hayot haqiqati oʻz qadriyatlarining qadriga yetgan millatlargina insoniyatni qutqarib qoluvchi bir kuch sifatida shakllanishi mumkinligini koʻrsatdi. Xususan, keyingi yillarda yurtimizda kechayotgan tub burilishlar asnosida xalqimizning oʻz qadriyatlari, tili, dini, milliy anʼana va urf odatlari uchun kurashayotgani yuz yillardan keyingi taqdirimiz qanday kechishidan dalolat beryapti.

Zero, dunyo tajribasi oʻz qadriyatlariga tayangan davlatlargina taraqqiyotning lokomotivlariga aylanayotganini, aksincha, madaniyati, tili, urf-odatlaridan ayrilgan xalqlar esa ildizidan ayrilgan daraxtlar misoli hayotning yengil shamollari taʼsirida oʻzligidan ayrilayotganini koʻrsatmoqda. Shu maʼnoda davlatimiz rahbarining nutqi har bir Oʻzbekiston fuqarosini ana shunday asoratlardan ogoh etgan, nihoyatda dolzarb masalalarni qamrab olgan tom maʼnodagi tarixiy nutq boʻldi.

Mustaqillik shunday neʼmatki, u bir marta qoʻlga kiritiladi, ammo qiyomatgacha himoya qilinadi. Bu gapni har qancha takrorlasak arziydi. Ammo bu neʼmatni ilm-maʼrifatli, fidoyi, vataniga va xalqiga sodiq boʻlgan avlod ilm va tafakkur, sharaf va gʻurur bilangina himoya qila olish mumkin.

Yurtboshimiz maʼruzasida taʼlim va tarbiya masalasiga birlamchi eʼtibor qaratilgani, bu millat uchun hayot-mamot masalasiga aylanishi lozimligi taʼkidlanganidan esa eng avvalo, biz Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi aʼzolari zimmamizdagi masʼuliyatni yana-da chukurroq his etdik.

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik

partiyasi Markaziy kengashi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?