Bugundan Toshkentda yoʻl harakati qoidalari holatini patrul vertolyoti ham kuzatib boradi

15:00 11 Aprel 2019 Jamiyat
350 0

Toshkent shahar IIBB YHXB yoʻllar va koʻchalardagi yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini kuzatish uchun patrul vertolyotidan foydalanishni boshlaydi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yil yanvar oyida davlatimiz rahbari poytaxt IIBB va Milliy gvardiyaga toʻrtta patrul vertolyoti topshirish boʻyicha topshiriq bergandi.

Xabaringiz bor, shu yil 9 aprel kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilindi.

Oʻzgartirishlarga muvofiq:

- svetoforning taqiqlovchi ishorasida toʻxtash chizigʻi oldida toʻxtaganda transport vositasining eng oldingi nuqtasi toʻxtash chizigʻi ustiga chiqib ketmasligi kerak;

- Toshkent shahar va viloyat hokimlari ayrim yoʻl uchastkalarida harakat tezligini (tegishli yoʻl belgilarini oʻrnatish) pasaytirishga vakolatli;

- aholi punktlarida ikkita harakat boʻlagi boʻlgan va oʻrtada tramvay izi boʻlmagan bir tomonlama harakatli yoʻllarda toʻxtashga ruxsat etiladi;

- aylanma harakat chorrahasida harakatlanayotgan transport vositasi aylangan kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan ustunlikka ega;

- kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi chiroqlarni yoqib harakatlanishi shart;

- qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, oziq ovqat va shu kabi toʻkiluvchi tovarlarini tashishda yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material yopilgan boʻlishi kerak;

- velosiped va moped haydashda rulni ushlamasdan yoki bir qoʻlda ushlab harakatlanish taqiqlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?