Bugun XXI asrning eng uzun oy tutilishi ro‘y beradi. O‘zbekistonliklar bu hodisani qayerda va qanday kuzatishlari mumkin?

18:30 27 Iyul 2018 Dunyo
3643 0

Bugun, 27 iyuldan 28 iyulga o‘tar kechasi qiziqarli osmon hodisasi – Oyning to‘liq tutilishi sodir bo‘ladi. Bu tutilish O‘zbekistonning hamma joylarida boshdan oxirigacha kuzatiladi. Ushbu hodisaning ro‘y berishiga sabab uch osmon jismi – Quyosh, Yer va Oyning bir to‘g‘ri chiziqda joylashishi va Yer soyasining Oy sirtiga tushishidir, deb xabar qiladi Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Yusuf Tillayev.

Tutilish 27 iyul kuni butun O‘zbekiston hududida bir vaqtda – soat 23:24 da boshlanadi, bunda Yer soyasi Oy diskini sekin-asta to‘sa boshlaydi. Bir soatdan keyin, ya’ni 28 iyul soat 00:29 da Oy sirti soya bilan batamom qoplanadi, tutilishning to‘la fazasi boshlanadi.

Bizga ma’lumki, Quyosh tutilganida Quyosh qisman yoki to‘liq ko‘rinmay qoladi. Oy tutilishida esa Oy butun tutilish davomida ko‘rinib turadi. Faqat Oy soya ichida harakatlana boshlaganda u qizg‘ish – jigarrang tusda ko‘rinadi.

To‘la tutilish fazasining davomiyligi 1 soat 43 minutni tashkil qiladi, ya’ni Oy 103 minut davomida soyada bo‘ladi. U soat 2:14 da soyadan chiqa boshlaydi, soat 3:20 da esa butunlay soyadan xoli bo‘ladi. Tutilishning umumiy davomiyligi esa salkam 4 soatni tashkil etadi.

Tutilishni oddiy ko‘z bilan ham kuzatish mumkin. Agar bordiyu sizda durbin yoki ko‘rish trubasi bo‘lsa, Oy yuzini yaxshiroq ko‘rishingiz va ushbu astronomik hodisadan ko‘proq zavq olishingiz mumkin.

Oxirgi marta Oyning to‘la tutilishi mamlakatimizda shu yilning 31 yanvar kuni kuzatilgan edi. Bu safar Oy Yer soyasining markazidan o‘tishi bilan ajralib turadi va shuning uchun tutilish davomiyligi nisbatan uzoq – 103 minutni tashkil etadi. Oxirgi marta bunga o‘xshash tutilish 2011 yilning 15 iyunida sodir bo‘lgan edi. Unda tutilish davomiyligi 1 soat 40 minutni tashkil qilgan edi, ya’ni bu safargidan 3 minutga kam.

27 iyul kuni yana bir ajoyib astronomik hodisa – Marsning buyuk ro‘para turishi ro‘y beradi.

Oyning yonginasida, 6 gradus janubroqda siz yorug‘ qizg‘ish “yulduz”ni ko‘rashingiz mumkin, bu Mars sayyorasidir. U kun sayin Yerga yaqinlashib kelmoqda, 27 iyulda Mars eng qisqa masofa – 57,7 mln kilometrgacha yaqinlashadi.

Ro‘para turish” deb Mars “Yer-Quyosh” chizig‘ining davomida Yer orbitasiga eng yaqin turgan xolatiga aytiladi. Yer va Marsning yaqinlashishi xar 2 yilda sodir bo‘ladi va bu xolatda Mars butun tun davomida ko‘rinib turadi. Agar ro‘para turish yozning oxirida ro‘y bersa, bunda Mars o‘zining Quyoshga eng yaqin nuqtasi - perigeliydan o‘tayotgan bo‘ladi va Yer bilan o‘rtadagi masofa 56-60 mln km ni tashkil etadi. Bunday qarama-qarshi turish “buyuk ro‘para turish” deb ataladi. Bu xodisa 15 yoki 17 yilda 1 marta takrorlanadi. Bunday hodisa oxirgi marta 2003 yilning 27 avgustida sodir bo‘lgan edi, u haqiqatdan ham Marsning “juda buyuk” ro‘para turishi edi, chunki ungacha masofa 56 mln kilometrdan kamroq qiymatni tashkil etgan edi.

Xatto shunday yaqin masofadan xam Marsni yulduzdan farqlash ancha qiyin. 50 marta kattalashtirishga ega teleskop yordamida uning faqat diskini ko‘rish mumkin. Biroq Mars sirtidagi kanal va tog‘larni ko‘rish uchun kattalashtirishi 500 va undan yuqori bo‘lgan teleskop zarur. Bundan tashqari kuzatuvni shahardan tashqari, atmosferasi chang va bulutlardan xoli bo‘lgan, turbulentlik kam bo‘lgan joyda o‘tkazish lozim.

O‘zbekistondagi shunday joylardan biri – bu Maydanak tog‘idir, u yerda Astronomiya institutining observatoriyasi faoliyat olib boradi. Albatta, observatoriya Oy tutilishi va Marsning ro‘para turishini kuzatuvlar rejasiga kiritgan va bu hodisa fotosuratlari institut sayti orqali e’lon qilinadi, deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?