Bugun soat 11: 15 da kunchiqardan kunbotarga sayohatga chiqqan yigitning qarori nega oʻzgardi?

17:31 07 Avgust 2019 Jamiyat
813 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Kecha xabar berganimizdek, Vatanimizning sharqdagi eng chekka shahri Xonoboddan gʻarbiy sarhadimizdagi soʻnggi manzillarimizdan biri - Moʻynoq sari yayov sayohat qilayotgan Sohib Radjabov ayni vaqtda Sirdaryo viloyati hududida harakatlanmoqda.

Aytganimizdek, u sayohat boshidan buyon kuniga 35 -40 kilometr yoʻl bosishni kundalik meʼyor sifatida belgilab olgan va shunga qatʼiy amal qilib kelayotgan edi. Bugun esa ushbu qarorini oʻzgartirdi.

Sayohatchi oʻtgan tunda Mirzaobod tumanidagi yoʻl ustida joylashgan qovun bozorida toʻxtadi. Qovunchilar bilan gurung va dam olishdan soʻng soat 11 dan 15 minut oʻtganida yoʻlga tushdi.Va endi u24 soat davomida biron joyda bir zum ham toʻxtamay yurishni oʻz oldiga qatʼiy maqsad qilib qoʻydi. Sohib bu haqda bizga telefon orqali maʼlum qildi.

“Bir kecha-kunduz toʻxtamay yurish boʻyicha rekordlar odatda stadionlarda, tekis, ravon sport maydonlarida oʻrnatilgan. Meniki esa unday emas,tuproqli, shagʻalli, notekis va albatta, tunda yoritilmagan yoʻllardir.Qolaversa, hozir bosib oʻtilayotgan yoʻnalishda aholi punktlari ham siyrak. Maqsadim ana shunday ekstremal sharoitda jahon rekordini oʻrnatish. Bilishimcha, hali bunday yurish boʻyicha biron bir urinish yoki natija qayd etilmagan” deyar ekan, sayohatchi yurtdoshimiz qoʻshib qoʻydi: “Yozadigan xabaringizga men bilan suhbatlashmoqchi, suratga tushishni istab roʻparamdan chiqadigan muxlislarimga toʻxtamaganligimdan xafa boʻlmasligi uchun ushbu maqsadimni kiritsangiz”. Shu oʻrinda oʻquvchilarda sayohatchining dam olmay yurayotganligini qayerdan bilsa boʻladi degan savol tugʻilmasligi uchun aytish lozimki, Sohib oʻz harakatini GPS navigator orqali telegramm kanalida onlayn tarzda aks ettirib bormoqda.

Yana bir savol paydo boʻlishi mumkin, yaʼni u haqiqatdan ham Xonoboddan faqat piyoda, biron marta ham avto yoki boshqa ulovga minmay kelayaptimi? Oʻylaymizki,bu savolga hamkasblarimizdan birining bizga bildirgan mana bu gaplari aniq javob boʻladi: “Guliston shahri Sohib Radjabovning yoʻnalishida yoʻq ekan. Sirdaryodagi birinchi kuni viloyat markazidan bor-yoʻgʻi 20 kilometr narida tunadi. Unga yuring, mashinada Gulistonni tomosha qildirib kelaylik, deb taklif bildirdik. Ammo Sohibjon “Rahmat, meni toʻgʻri tushuninglar, sayohatim davomida faqat piyoda harakatlanaman deb oldimga qatʼiy maqsad qoʻyganman. Sayohatdan soʻng Gulistonga albatta kelaman” dedi”.

Shu asnoda yana bir,nazarimizda hammani qiziqtiradigan savol hayolimdan oʻtdi.Va ushbu maqolani yozishni toʻxtatib Sohibga qoʻngʻiroq qildim.

-Sohibjon, uzr, bezovta qilganim uchun, sayohat loyihangizda biron moddiy manfaat yoki piar bormi? Savol noqulay boʻlgan boʻlsa, oldindan uzr soʻrayman.

Telefondan harakatdagi kishining ovozi keldi:

-Bu mening 30 yoshga toʻlganimda amalga oshiraman degan shaxsiy loyiham va bolalikdagi orzuim. Undan hech qanday manfaatdorlikni koʻzlaganim yoʻq. Sizga aytsam, mening piyoda yoʻl yurib, yurtim manzaralaridan olayotgan zavqim va taassurotlarim har qanday moddiy manfaatdorlikdan ustundir.Ha, aytgandek, sayohatimning hech qanday homiysi ham yoʻq.

Sohib ertaga soat 11.15 da 24 soatlik yurishdan toʻxtashini hamda natija haqida xabar berishini ham aytdi.

... Qadrli Yurtdoshlar!

Agar bugun “M-39 (“Betonka”) “Toshkent- Termiz” avtoyoʻlining Oqoltin tumani-Jizzax yoʻnalishidagi qismidan oʻtib borayotgan boʻlsangiz, yoʻl chetiga eʼtibor qarating, ehtimol, orqasiga qariyb 15 kilolik yuk sumkasini taqqan baland boʻyli, pahlovon yigitga koʻzingiz tushar. Toʻxtamasangizda qoʻl silkitib qoʻying, signal bilan boʻlsa-da salom bering, bu Sizning Vatanini oʻz oyoqlari bilan kezib unga boʻlgan mehr-muhabbatini, ehtiromini, hurmatini, eʼzozini izhor qilishni astoydil niyat qilgan yurtdoshimiz, shu aziz Oʻzbekistonimizning alpqomat yigiti uchun katta daldangiz, qoʻllab- quvvatlaganingiz boʻladi.

Oq yoʻl, Sohib Radjabov!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?