Bugun Oʻzbekiston va Turkiya salomatlik biznes forumi yakunlanmoqda

10:06 05 Dekabr 2019 Jamiyat
414 0

Аvval xabar berganimizdek, yurtimizda boʻlib oʻtayotgan “Salomatlik haftaligi” doirasida sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohasida birinchi oʻzbek-turk biznes forumi bugun oʻz ishini yakunlaydi.

Shu yil fevral oyida Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining yuqori darajadagi vazirlar ishtirokidagi sogʻliqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlardan odamlarni himoya qilish uchun kuchlarni birlashtirish mavzusiga bagʻishlangan yigʻilishda Toshkentda oʻzbek-turk forumini tashkil etishga kelishilib, ikki mamlakat sogʻliqni saqlash vazirlari Alisher Shodmonov va Faxriddin Koja 2019-2020-yillarga moʻljallangan oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi”ni imzolagan edi.

Ushbu saʼy-harakatlar samarasida tashkil etilgan mazkur biznes-forumning rasmiy ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning oliy darajadagi uchrashuvlari, doʻstona siyosati tufayli qardosh xalqlarimiz oʻrtasida koʻp asrlik umumiy tarixga, madaniyat va urf-odatlarga ega boʻlgan doʻstlik rishtalari, shuningdek, hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.

- Mazkur forum ikki davlat aloqalari tarixida birinchi marta oʻtkazildi, – dedi Turkiya sogʻliqni saqlash vaziri Faxriddin Koja. – Forum mobaynida har ikki mamlakat sogʻliqni saqlash sohasi vakillari tomonidan qator manfaatli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, shoshilinch va tez tibbiy xizmat, farmatsevtika, tibbiy taʼlim, onkologiya va radiologiya, gematologiya va qon quyish, pediatriya, akusherlik va ginekologiya, salomatlik turizmi, xususiy tibbiyot kabi qator muhim yoʻnalishlarda memorandumlar imzolandi. Endilikda sogʻliqni saqlash va farmatsevtika borasida Oʻzbekistonga turk investitsiyalarining kirib kelishi yanada ortadi, – dedi janob F. Koja.

Ana shunday investitsiyalardan biri – oʻlkamizda qarayb yigirma yildan buyon faoliyat koʻrsatayotgan “Nobel Farmsanoat” farmatsevtika ishlab chiqarish korxonasidir.

– “Nobel İlaç” korxonasi 1964-yilda tashkil etilgan boʻlib, yarim asrni ortda qoldirgan oʻtmishi mobaynida qator yangiliklarni joriy qilgan va muvaffaqiyatlarga erishgan xolding shirkatidir, – dedi kompaniya boshqaruv hayʼati raisi janob Xasan Ulusoy. – Turkiyada va mamlakat xorijida jami 3000 xodimi bilan, yuqori standartlarga ega dori-darmon sohasida GMP standartlariga mos, sifatli ishlab chiqarish faoliyatlarini amalga oshirmoqda va oʻz mahsulotlarini butun dunyoga eksport qilmoqda. Bir-biridan alohida uchta ilmiy-tadqiqot markazimizda aksariyati mutaxassislardan iborat jami 120 xodim faoliyat koʻrsatmoqda. Biotexnologiya boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazimiz yaqinda ishga tushdi.

Turkiyada uch, Oʻzbekiston va Qozogʻistonda bittadan, jami besh ishlab chiqarish zavodimiz yiliga 200 million quti dori mahsuloti ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Bizlar oʻz yurtimizdan xorijda ishlab chiqarish korxonamizni tashkil etgan ilk davlat – Oʻzbekiston hisoblanadi.“Nobel Pharmsanoat” esa, “Ota yurtimizdagi bir Turk firmasi”dir. Hozirgi kunda “Nobel Pharmsanoat” GMP (eng maqbul ishlab chiqarish amaliyoti) standartlariga muvofiq, bir navbatda yiliga 10 million quti dori ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, 70 faol modda negizida 130 shaklda mahsulot ishlab chiqarmoqda. Ushbu dori vositalarimizning 5 turi toʻligʻicha mahalliy xomashyodan tayyorlanadi. Jami investitsiyalarimiz miqdori 40 million AQSH dollariga yetgan, firmamizning yuqori darajada eksport uchun imkoniyat beruvchi yangi zavodida tabletka, qoplamali tabletka, kapsula, suspenziya kukuni shakllarida ishlab chiqarish amalga oshirilmoqda hamda tomchi, sprey va burun uchun sprey shakllarida mahsulot ishlab chiqarish uchun investitsiyalarimizni davom ettirmoqdamiz.

“Nobel Pharmsanoat”, Oʻzbekistondagi faoliyatlari bilan bir qatorda, Qozogʻiston, Afgʻoniston, Gruziya, Tojikiston kabi davlatlarga mahsulot eksport qilmoqda.Uch turdagi mahsulotimiz Turkiyada roʻyxatdan oʻtdi va eksporti amalga oshirildi.

Ushbu safarimiz mobaynida ham muhtaram Prezident Mirziyoyevning uzoqni koʻra olish layoqati va bu xususda qoʻyilgan jasurona qadamlar, ham oʻzbek xalqining qaynoq mehmondoʻstligi bizlarni oʻz uyimizdagiday his qildirdi. Avval Toshkentda boʻlib oʻtgan va har ikki davlat rahbarlarimiz tashrif buyurgan Oʻzbek-Turk biznes forumidagi maʼruzalarida hurmatli prezident Shavkat Mirziyoyevning menga va firmam shaʼniga bildirgan lutfli soʻzlari ish faoliyatimning eng muhim xotiralaridan biridir. Bizlar oʻzimizni endilikda Oʻzbekistonning ajralmas bir boʻlagi oʻlaroq koʻrmoqdamiz.

Biznes-forum ishtirokchilari mamlakatimizning yetakchi klinikalarida boʻlib, tajribalar bilan oʻrtoqlashishdi, bemorlar holidan xabar olishdi, shuningdek, betakror Buxoro va Samarqandning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?