Bugun Oʻzbekiston xalq artisti Abbos Bakirov tavalludiga 110 yil boʻldi

16:28 16 May 2020 Madaniyat
311 0

“Ulugʻbek yulduzi,” “Maftuningman”, birinchi oʻzbek ovozli filmi “Azamat” kabi mashhur filmlardagi rollari, teatrda sahnalashtirgan qator spektakllari bilan oʻzbek xalqi yuragidan chuqur joy egallagan taniqli aktyor va rejissyor Abbos Bakirov 1910-yil 16-mayda Andijonda tugʻilgan. Ijodiy faoliyatini 1931-yil hozirgi Z.M.Bobur nomidagi Andijon viloyat musiqali drama va komediya teatrida aktyor sifatida boshlagan. Mahkam polvon (“Bogʻbon qiz”), Qosim dehqon (“Ontarish”), Muslimboy (“Halima”) va boshqa rollar uning ilk obrazlari sanaladi.

U 30 yildan ortiq vaqt mobaynida Andijon teatrida asosiy rejissyor vazifasida faoliyat olib borgan. Shuningdek, Abbos Bakirov kinoda ham rollar ijro etib, “Oʻgʻillar uzoqqa yoʻl oldi”, “Ibn Sino” va boshqa filmlarda ishtirok etgan. Shuningdek, Amir Olimxon (“Amiroikning yemirilishi”), Sulton Mahmud (“Abu Ali ibn Sino”), Yusufbek xoji (“Oʻtkan kunlar”), Abbos (“Ulugʻbek yulduzi”), Aʼzamxon (“Ikki dil dostoni”) kabi rollarni maromiga yetkazib ijro etgan.

A.Bakirov rejissyor sifatida 40 dan ortiq spektakl sahnalashtirgan boʻlib, “Alisher Navoiy”, “Shohi soʻzana”, “Ogʻriq tishlar”, “Muqimiy”, “Xolisxon”, “Nurxon”, “Nodira”, “Layli va Majnun” kabilar shular jumlasidandir. Rejissyor 1970-yil Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. U 1974-yil vafot etgan.

Bugun Andijon yoshlar teatri va kinoteatriga Abbos Bakirov nomi berilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?