Bugun o‘qituvchi jamiyatda qanday imtiyozga ega?! Deyarli hech qanday!

15:45 14 Iyun 2018 Jamiyat
3492 0

So‘nggi paytlarda OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri — o‘qituvchi obro‘si masalasidir. Jamiyatda pedagog imijini qaytadan jozibador qilish, muallim obro‘sini oshirish omillaridan biri, shubhasiz, ular mehnatini munosib rag‘batlantirishdir.

Bugun o‘qituvchi jamiyatda qanday imtiyozga ega?! Deyarli hech qanday! O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: 2016 yili Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya, XV yozgi Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga 200 ming (oltin medal uchun), 100 ming (kumush medal uchun), 75 ming (bronza medal uchun) AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti hamda bittadan “Malibu”; 2017 yilgi “Yilning eng yaxshi qilichbozi” Zaynab Dayibekovaga — “Nexia”; 2017 yili boks bo‘yicha Germaniyada o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan Shahram G‘iyosov va uning murabbiyi Ravshan Xojayevga bittadan “Jentra”; 2018 yilda Osiyo chempioni bo‘lgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolariga bittadan “Malibu” avtomashinasi topshirildi...

Hatto, yurtimizda o‘tkazilayotgan nufuzli ko‘rik-tanlov g‘oliblari ham munosib rag‘batlantirilmoqda. Masalan, yaqinda Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan Qur’on musobaqasi g‘olibi — Yo‘ldoshbek qori Ibrohim o‘g‘li Nuriddinov “Jentra”; “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi g‘olibi Mohiniso Shomurodova “Spark”; Namanganda o‘tkazilgan “Gullar bayrami”ning g‘oliblari (xususiy tadbirkor Mirzohid Xolmirzayev va “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ) bittadan “Spark” avtomobillari bilan taqdirlandi.

Munosiblarni shu tarzda taqdirlash yaxshi. Rag‘bat ularni yangi marralar sari ruhlantiradi. Lekin, nega ularning orasida o‘qituvchilar yo‘q?.. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bizda eng yaxshi o‘qituvchilar qanday rag‘batlantiriladi?

Misol uchun, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2018” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari qanday rag‘batlantirildi? Eng katta ishtirokchilar kontingentiga ega (mamlakatimiz umumta’lim maktablarida 400 ming nafardan ziyod o‘qituvchi faoliyat yuritadi) ushbu nufuzli tanlov g‘olib va sovrindorlari “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, diplom va “qimmatbaho sovg‘alar” bilan taqdirlandi, xolos.

Axir yuksak marralarni zabt etgan har bir yurtdoshimiz muvaffaqiyati zamirida o‘qituvchi va murabbiylar mehnati yotadiku. Shunday ekan, birinchi galda ustozlarni munosib taqdirlash adolatdan emasmi? Nahotki, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblariga ham uy-joy yoki mashina sovg‘a qilish mumkin bo‘lmasa?

Avvalgi yillarda bu tajriba bo‘lgan. Jumladan, Yunusobod tumanidagi 71-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Dilfuza o‘aniyeva “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi—2000” ko‘rik-tanlovida g‘olib chiqib, tuman hokimligi tomonidan 3 xonali uy bilan taqdirlangan. 2001 yili Rahima Mirxoliqovaga “Tiko” avtomashinasi berilgan.

— Bu lahzalar hech esimdan chiqmaydi. Mashina kalitini qo‘limga olganimda juda hayajonlanganman. Barcha kasbdoshlarim quvonchimga sherik bo‘lgan, — deydi Piskent tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi—2001” ko‘rik-tanlovi g‘olibi Rahima Mirxoliqova. — Davlatimiz tomonidan oddiy pedagogga bunday e’tibor ko‘rsatilishi hammaning havasini keltirgan. Shu rag‘batdan so‘ng ko‘p o‘quvchilarim “Sizdek muallim bo‘lamiz!” deya menga havas qilgan. Ota-onalar farzandiga “Sen ham yaxshi o‘qib, o‘qituvchi bo‘lsang, ustozing kabi yutuqqa erishasan”, deya meni namuna qilganini necha bor ko‘rganman...

Tanlov va musobaqalardan tashqari, jamiyatimizdagi ko‘plab soha vakillariga qator imtiyozlar belgilangan. Xususan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida uch yil va undan ko‘p muddat davomida faol ishlab kelayotgan xodimlarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining boshlang‘ich badali, tashkilotning faol a’zosi bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichi talabalariga to‘lov kontrakti summasining 35 foizi tashkilotning rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab berilishi belgilangan. Yoshlar ittifoqining viloyat, shahar va tuman kengashlari raislariga “Matiz” va “Damas” avtomashinalarini xarid qilish uchun 10 yil muddatgacha boshlang‘ich to‘lovi 15 foizlik imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Temiryo‘lchilar uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida namunaviy loyiha asosida qurilgan uy-joylarni xarid qilsa, kreditning boshlan¬g‘ich badali “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan to‘lab beriladi.

Harbiylarga davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlar ko‘pchilikka ma’lum. Misol uchun, harbiy oilalar uy-joy bilan ta’minlanadi, agar ijarada tursa, ijara haqini davlat to‘lab beradi. Harbiy xizmatni namunali o‘tagan askarlar harbiy qism tavsiyanomasi bilan oliy o‘quv yurtiga imtiyozli kirishi mumkin. Yaqinda imzolangan Prezident qaroriga ko‘ra, endi harbiylar farzandi ham oliy o‘quv yurtida imtiyozli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ularning maktabgacha yoshdagi bolalari uchun esa maxsus bog‘chalar tashkil etilgan. Shuningdek, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari Soliq kodeksining 180-, 275- va 308-moddalariga asosan qator soliqlarni to‘lashdan ozod etilgan. Ular qonunchilikda belgilangan tartibda temir yo‘l, havo, suv hamda shahar jamoat transportlaridan bepul foydalanish huquqiga ega...

Pillachilikni rivojlantirish maqsadida ipak qurti parvarishlagan har bir fuqaroga mehnat daftarchasi yuritilib, daromad solig‘idan ozod qilinadi...

Sanayversak, bu ro‘yxat yana uzoq davom etadi. Afsuski, ularning orasida zahmatkash o‘qituvchilar yo‘q. 2004 yilgacha ularda ham kommunal to‘lovlar va soliqdan muayyan imtiyozlar bo‘lgan.

— Avval maktab o‘qituvchilariga qator imtiyozlar mavjud edi, — deydi Dildora Rahimova. — Poytaxtimizdagi 157-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan kezlarim 100 kVt.gacha elektr energiyasidan bepul foydalanardik, gaz iste’moli uchun 50 foiz, mol-mulk solig‘idan 50 foiz imtiyoz bor edi. Yo‘l haqi uchun bepul oylik chiptalar berilardi. Bundan tashqari, ehtiyojmand o‘qituvchilarga uy-joy qurish uchun yer maydonlari ajratilardi. Fikrimcha, shunga o‘xshash imtiyozlarni yana tiklash kerak.

— Ish staji yetarli bo‘lgan o‘qituvchi ayollarimizga 50 yoshdan pensiyaga chiqish imtiyozini berish kerak, — deydi Uchtepa tumanidagi 123-maktab o‘qituvchisi Surayyo Azizova.

— Bolalikdan o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilardim, — deydi yunusobodlik tadbirkor Baxtiyor Bahodir o‘g‘li. — Universitetni tamomlagach, o‘zim o‘qigan 274-maktabga oshiqdim. Direktorimiz “Maktabda erkak muallimlar ko‘paysin”, deya o‘sha kuniyoq ishga qabul qildi. 2002—2004 yillar o‘quvchilarga milliy istiqlol g‘oyasi fanidan saboq berdim. Bu orada oila qurib, farzandli bo‘ldim. Zimmamdagi mas’uliyat ortdi. Oyoqqa turish uchun ko‘proq pul topishim kerak edi. Shu sabab, katta maoshli ish qidira boshladim. Meni “Ota-onam qanday qilib o‘qituvchining oyligi bilan oila tebratishgan ekan?”, degan savol o‘ylantirardi. Ma’lum bo‘lishicha, ular ishlagan paytda ko‘p imtiyozlar berilgan ekan. Ayni shu jihat o‘qituvchilarning kasbiga sadoqatli bo‘lishini ta’minlagan. Men esa... qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘quvchilarimni, qadrdon jamoamni, sevimli maktabimni tashlab, boshqa kasb tanlashga majbur bo‘ldim. Menimcha, maktabda erkak o‘qituvchilar ko‘payishi uchun, avvalo, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish kerak. Axir erkak oila tayanchi hisoblanadi.

Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asarida shunday hikoyat keltiriladi: bir kuni Buxoroning olimlaridan biri ilm dargohida shogird¬lariga dars berib o‘tirar ekan, dars asnosida goh-goh o‘rnidan turib, so‘ng yana o‘tirardi. Bu hol bir necha bor qaytarilgandan so‘ng, shogirdlari sababini so‘rashdi. U zot: “Ustozimning kichik o‘g‘li bolalar bilan ko‘chada o‘ynab yuribdi, gohida eshik oldiga kelyapti, har kelganida ustozimga hurmat o‘laroq o‘rnimdan turyapman”, deb javob bergan ekan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘qituvchi mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularga qo‘shimcha imtiyozlar berish kasb nufuzi yuksalishiga xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?