Bugun matbuotda… “Kechirasiz, niqobingiz tozami?”

11:17 23 Iyun 2020 Jamiyat
344 0

Bugun dunyoda eng ­qimmatbaho kapital nima? Gʻoya! Ilgʻor va kreativ gʻoyalar! Har qanday jarayonning oʻzagi shu! Taraqqiyotga busiz erishish ham imkonsiz. Gʻoya — maqsadga, maqsad — amalga aylandimi, bilingki, muvaffaqiyat manzili yaqin!

Xalq soʻzi gazetasi bu jarayonni oddiygina ishbilarmon faoliyati misolida ochib berishga harakat qilibdi. Maqola qahramon tilidan bayon etilgan shunday hikoya bilan boshlanadi: “Har kuni tonggi soat 4:00da uyqudan uygʻonaman va oʻzimga-oʻzim savol beraman: kecha ishim qanday boʻldi, sermazmun oʻtdimi, rejalashtirgan barcha yumushni bajara oldimmi? Amalga oshirolmagan boʻlsam, nima uchun bunday boʻldi, degan savollarimga javob qidiraman. Aslida har bir inson mana shunday mushohada yuritib turishi kerak, oʻshanda ish oldinga siljishi, shubhasiz...”.

Materialda Toshkent viloyatilik fermer Mamatqul ota Salomovning ilgʻor tajribasi qalamga olingan. Qiziq, 83 yoshli tadbirkor nima uchun aynan shu intensiv usulni tanladi? Natijasi qanday boʻldi? Bu haqda tahririyat xodimi Rahim Sherqulovning “Koʻldagi xazina” sarlavhali maqolasida oʻqiysiz.

Bu yil mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi bois joriy etilgan cheklovlar abituriyentlarning oʻqishga kirish uchun tayyorgarlik jarayoniga ham taʼsir oʻtkazdi. Shu bois Prezidentimiz mutasaddilarga bitiruv va kirish imtihonlarini soddalashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, abituriyentlarni qoʻllab-quvvatlash, test topshirishdagi mavjud tartiblarni soddalashtirish boʻyicha topshiriqlar bergandi. Xoʻsh, buning amaliy natijalari nimalarda namoyon boʻlmoqda? Bu yilgi test sinovlari qanday sharoitda oʻtadi? Hujjat topshirish jarayoni qanday kechmoqda? Qaysi fanlardan test topshirish kerak? Topshiriqlar soddalashtirildimi? Bu kabi savollar javobini Yangi Oʻzbekiston» gazetasida chop etilgan “Test sinovlari: talab, tartib va oʻzgarishlar” sarlavhali maqoladan topasiz.

«Narodnoye slovo» gazetasida Sergey Lining Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sherzod Kudbiyevdan olgan intervyusi «Nalogovaya politika: ne dat biznesu uyti ko dnu» (“Soliq siyosati: biznes tanazzuliga yoʻl qoʻyilmaydi”) sarlavhasi ostida eʼlon qilingan. Unda Sh. Kudbiyev mamlakatimizda pandemiya sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan soliq siyosati borasida oʻz fikrlarini bildirgan.

Xususan, shu yil 19-mart kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan farmonga koʻra, imtiyozlarning birinchi paketi shu yilning 1-aprelidan 1-oktyabrigacha tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqlarni kamaytirishni oʻz ichiga oladi. Bu mamlakatda 239 ming nafar xususiy tadbirkorga 232,9 milliard soʻmni iqtisod qilib qolish imkonini beradi. Shuningdek, 2020-yilning 15-oktyabrigacha mol-mulk va yer soligʻini toʻlash muddati uzaytirildi. Soliq imtiyozlarining ikkinchi paketi esa suv resurslaridan foydalanish borasida qator imtiyozlarni koʻzda tutadi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining quyidagi xulosasini oʻqib ajablanmaslik mumkin emas: hozir Yer yuzi nufusining bir milliarddan ziyodi — turli darajadagi nogironlikka ega insonlar. Ularning aksariyati aholining kambagʻal qatlamini tashkil etadi va bu toifadagi insonlar ijtimoiy yordam bilan toʻliq qamrab olinmagan. Shunday ekan, nogironlikka ega kishilar davlatning koʻmagiga yanayam koʻproq muhtoj. Bu borada Oʻzbekiston qanday yoʻl tutmoqda? Pravda Vostoka gazetasida eʼlon qilingan «Mejdunarodnыye standartы v sfere zaщitы prav lis s invalidnostyu: Opыt Uzbekistana» (“Nogironlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlari: Oʻzbekiston tajribasi”) sarlavhali materialda shu mavzu tahlili bilan tanishasiz.

Ishonch gazetasida berilgan “Masʼuliyatsiz rahbarlarga tanbeh” nomli maqolada Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi sport maktablaridan birida murabbiylar maktab hududi va stadionini obodonlashtirishga majburan jalb qilinganligi haqida soʻz boradi. Normurod Musomovning “Oʻzingga insof bersin, zamondosh” sarlavhali maqolasida esa pandemiya sharoitida qoʻlni-qoʻlga berib, bir-birimizga mehr-oqibatli boʻlib vaziyatdan chiqishni oʻylamasdan, oddiy tibbiyot niqobini falon soʻmga pullashdan tortib, yoʻl kira haqlarini ikki, uch barobarga oshirib olgan, “Saxovat va koʻmak” hamda shunga oʻxshash boshqa jamgʻarmalarga kelib tushgan pullarni oʻzlashtirishga ulgurgan zamondoshlarimiz va ularning qilmishlari haqida mulohaza yuritiladi. Bundan tashqari, gazeta sahifalarida “Kechirasiz, niqobingiz tozami?”, “30 kishilik toʻylar” kabi maqolalar ham chop etilgan.

“Jurnalist kim oʻzi? Uning mehnatini, ichki kechinmalarini ayshu ishrat koʻngliga urgan bir hovuch toʻralar aslo tushunmaydi. Jurnalist —qalb meʼmori. Boshqalarning muammosi deb bosh urgan eshiklar bir kun oʻziga kerak boʻlganida ochilmasligini bilib turib, odamlarga yaxshilik qilishga oʻrgangan kasb egasi u. Vaqti kelib haq soʻzini aytib, qoʻlini osmonga uzatsa yetadigan ayrim amaldorlarning “tinchini buzgani” uchun sud zaligacha borishga ham tayyor boʻlgan jasoratli kasb egasi u. «Inson va qonun»gazetasida bosilgan “Jurnalist kim?” nomli esseda ushbu mashaqqatli kasb egalarining fidoyiligi haqida oʻqishingiz mumkin. Shuningdek, gazetada kimdir choʻkayotgan, yana biri avtohalokatga uchragan, kimdir bir-birini savalayotgan vaqtda yordam qoʻlini choʻzish, ularni ajratish oʻrniga “eksklyuziv” lavhalarni suratga olib internet “yulduziga” aylanayotganlar tanqid ostiga olingan.

Samarqandda 5-aprel kuni koronavirus infeksiyasi ilk bor qayd etilganida barchaning halovati yoʻqoldi. Shundan soʻng shahardagi qator shifoxonalar faoliyati qayta koʻrilib, butun eʼtibor epidemiologik vaziyatni yumshatish, osoyishtalikni taʼminlashga qaratildi. Kasallik sonining ortib borishi, viloyatning “qizil” hududga aylanishi yana-da keskin choralar koʻrishni taqozo qildi. Tibbiyot muassasalarining “kasbi”ni oʻzgartirishga kirishildi, shifokorlar samarali ishlashi uchun zarur sharoitlar toʻliq yaratib berildi. «Oʼzbekiston bunyodkori» gazetasida berilgan Hamza Shukurovning “Laylaklar salomatlik va poklik ramziga aylansin” sarlavhali materiali ushbu mavzu tahliliga bagʻishlangan.

OʻzA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?