Bugun maqbara va ziyoratgohi obod qilinayotgan Devona bobo kim boʻlgan?

11:35 18 Noyabr 2020 Madaniyat
121 0

Uychi tumanining Gumbaz mahallasida “Devona bobo” deb nomlangan ziyorat maskani bor.

— Devona bobo nomi bilan mashhur boʻlgan oʻtmishdoshimiz Abdurahim Salimboy soʻfi oʻgʻli Ahmad Yassaviy avlodidan boʻlib, bundan 300-yil muqaddam Chimkent viloyatining Sayram qishlogʻida dunyoga kelgan, — deydi bu ziyoratgoh haqida tabarruk insonning oltinchi farzandi Mirzayoqub eshonning toʻrtinchi avlodi vakili Yoqubjon Yusupov.

Sayramlik mulla qoʻlida xat-savod chiqargan Abdurahim 16 yoshida Toshkentga kelib, Koʻkaldosh madrasasida taʼlim oladi. Otasi Salimboy namanganlik eshon Xoʻja Amin bilan bordi-keldisi boʻlganligi uchun oʻgʻliga Namanganga borishini va eshon buvaga murid boʻlishini buyuradi.

Kamtar, kamgap va tirishqoq Abdurahim bir necha yil Xoʻja Amin tarbiyasida boʻladi, ilm egallaydi, xizmat qiladi. Maʼlum vaqt oʻtgach, mahalliy aholi oʻrtasida “devona” nomini olgan Abdurahim Uychining Fayziobod qishlogʻiga koʻchib keladi va shu yerda muqim yashab, Amir Temur avlodidan boʻlgan Oyimcha oyimga uylanadi. Devona bobo qishloqni obod qiladi, odamlarni qoʻllab-quvvatlaydi, oʻz karomatlari bilan bemorlarni davolaydi, hojatmandlarga yordam beradi. Qishloqqa suv keltirishdek savob ishning boshida turadi.

Aytishlariga koʻra, kunlarning birida Abdurahim bobo tush koʻradi. Ulugʻ zotlardan biri unga bir ilmgoh bino qurishini, tolibi ilmlar u yerda ilm oʻrganishlari lozimligini aytadi va hozirgi ziyoratgoh binolari barpo etiladi. Majmua ichida masjid, madrasa, chillaxona va mezana-minora joylashgan. Majmua uzoq yillar faoliyat koʻrsatgan. Sobiq tuzum davrida “Din afyundir”, shiori ostida bu yerga ham “diniy obyekt”, deb baho beriladi va buzib tashlanadi. Ammo ayrim maʼrifatparvar insonlar va insofli rahbarlar saʼy-harakatlari bilan majmua asosi – Devona bobo maqbarasi va avlodi qabrlari saqlanib qolgan. Tadqiqotlarga koʻra, mazkur binolarning qurilish uslubi va bezaklari XVI-XVII asrlarga xos ekan.

Endilikda Uychidagi muqaddas maskan tarixiy yodgorliklar roʻy xatiga kiritilgan. Bu joy oʻtgan asrning saksoninchi yillarida maʼrifatparvar insonlar Ziyoviddin Xoʻjayev va Zokirjon Qutbiddinov tashabbusi bilan taʼmirlangan edi. 1990-yili uncha katta boʻlmagan masjid qurildi.

Namangan viloyati hokimining farmoyishi bilan “Devona bobo” ziyoratgohini taʼmirlash uchun bir muddat avval 214 mln. soʻm, 2020-yilda esa 788 mln. soʻm, jami 1 mlrd. soʻmdan oshiq mablagʻ ajratilgan boʻlib, “Uychi pardoz” xususiy korxonasining qoʻli gul ustalari tomonidan maqbara asl holati saqlab qolingan holda milliy uslubda qayta taʼmirlanmoqda.

Umumiy maydoni 1,4 gektar joyni egallagan ziyoratgohga hamohang ravishda hashar yoʻli bilan jome masjidi qurilishi ham davom etmoqda. Bu yerda bir vaqtning oʻzida besh ming namozxon ibodat qilishi imkoni yaratiladi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkatjon Abdurazzoqov kuni kecha bu yerda quruvchilar olib borayotgan ishlar bilan tanishdi. Ayni jarayonda bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish yuzasidan topshiriq berildi. Xalq dilidan joy olgan “Devona bobo” majmuasi tez orada ziyoratchilarni qabul qila boshlaydi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?