Bugun Xelsinkida Vladimir Putin va Donald Tramp uchrashadi. Bundan kim qanday foyda ko‘radi?

12:54 16 Iyul 2018 Dunyo
275 0
Foto: Amerika ovozi

Bugun Finlyandiyaning Xelsinki shahrida AQSH va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Mazkur sammit mavzusi bugungacha, bugun va bugundan keyin ham dunyo axborot maydoni muhokama markazidagi dolzarb mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Oddiy odamlardan tortib davlat mutasaddilari va ekspertlar shu bo‘yicha o‘zlarining fikrlarini bildirib kelayotgani ham bunga bir misoldir.

Xususan, AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo Vashington va Moskva o‘rtasidagi aloqalar yaxshilanishi Rossiyaga bog‘liq ekanligini qayd etib o‘tdi. U bugun tvitterdagi sahifasida mazkur muloqot haqida shunday yozadi: “Dushanba kuni AQSH Prezidenti va men Xelsinkida rossiyalik hamkasblarimiz bilan uchrashamiz. Rossiya hukumati bilan munosabatlarning yaxshilanishi hamma uchun foydali bo‘lar edi, lekin koptok maydonning ular egalik qilayotgan tarafidadir”, deb yozadi AQSH davlat kotibi.

Rossiyalik ekspert Andrey Bistriskiy esa Vladimir Putin va Donald Tramp ishtirokidagi sammit xalqaro muammolarga yechim topishning yangi mexanizmini boshlab berishi mumkinligini bildirgan.

“Zamonaviy dunyo juda murakkab – juda ko‘p turli-tuman yo‘nalishli, turli darajadagi, turli vektorli jarayonlarga ega. Bularni bir nuqtaga joylashtirish mumkin bo‘lgan matritsa(qolip) kerak. Mazkur uchrashuv esa shunday ko‘rinishdagi kooperatsiya matritsasini barpo etish va yechimlarni ishlab chiqishning muhim tarkibiy qismiga aylanishi mumkin”, - deydi u.

“Nekbinlik nuqtai nazaridan kelib chiqib aytishim mumkinki, ushbu muloqot yetakchi davlatlarning zamonaviy dunyoni tartibga solish borasidagi o‘zaro aloqalari qurilishida yanada ko‘proq tizimlilik paydo bo‘lishi uchun istiqbolli qadam tashlashga sezilarli darajada ko‘mak beradi”, deya qo‘shimcha qiladi mutaxassis.

Bistriskiy global xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining yo‘lga qo‘yilishi yangi tahdidlar, xususan, yanada zamonaviy qurol turlari paydo bo‘layotgan bir paytda juda muhim ekanligini ta’kidladi.

Finlyandiya tashqi siyosat instituti direktori Teyya Tiilikaynenning fikricha ham, AQSH va RF rahbarlari uchrashuvi dunyoda xavfsizlikni mustahkamlashi mumkin.

“O‘tgan yillarda AQSH va RF munosabatlari inqirozga yuz tutgani ko‘rinib turdi. Ular bugun bir stol atrofida o‘tirib, bu haqida yaxshilab mulohaza yuritishayotgani muhimdir. Bu butun jahon manfaatlari yo‘lida qarama-qarshiliklar spirali yoyilib ketishini to‘xtatish uchundir”, dedi u.

Teyya xonimning so‘zlariga ko‘ra, RF va AQSH yetakchilari muloqoti juda zarurki, zero, keskinlashib ketgan munosabatlar tartibga solinmog‘i kerak.

“Finlyandiya va boshqa uncha katta bo‘lmagan mamlakatlar uchun yirik davlatlar rahbarlarining uchrashuvi xavfsizlik masalasidir, - dedi u. – Aks holda xatarlar ko‘payadi. Qachonki qarama-qarshiliklar va turli nuqtai-nazarlar bo‘lsa-yu, ishlovchi muloqot bo‘lmasa, bu bir birimizda salbiy taassurotlar paydo qiladi”.

Ma’lumot uchun, Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv bugun 13:15da boshlanadi. Bungacha ular 2017 yil 7 iyul kuni Gamburgda “Katta yigirmatalik”, noyabr oyida esa Vyetnamda OTIH sammitlari maydonida muzokaralar olib borishgandi. Lekin ularda ikki tomonlama uchrashuv bo‘lmagan. O‘tgan bir yarim yil ichida ikki davlat rahbari telefon orqali bir necha bor telefon orqali suhbatlashgan.

Xelsinki muloqotida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar, Suriya, Ukrainadagi vaziyat, dunyodagi xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha mahalliy vaqt bilan soat 20:40 da Xelsinkiga yetib kelgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?