Bugun Xalqaro muzeylar kuni: oʻtmishdan yuz ming hikoya

15:01 18 May 2020 Madaniyat
142 0

Muzeylar tarix tilsimi. Namangandagi bunday xazinaxona roppa-rosa bir asr avval-1920-yilda tashkil topgan edi. Uning eksponatlari bugunga kelib yuz mingdan oshib ketgan. Har biri oʻz davridan hikoya soʻzlaydigan buyum va ashyolar orasida islomgacha boʻlgan davrdan yetib kelgan qamish tobutlardan tortib, 600 ming avval yashagan karkidonning bosh suyagigacha bor. Umuman olganda muzeyning sakkizta boʻlimidan koʻhna va navqiron Namanganning tabiiy boyliklari, hayvonot va nabotot dunyosi namunalari, tarix, madaniyat, maʼnaviyat, sanʼat, iqtisodiyot va aholi turmushiga bogʻliq bir-biridan qimmatli materiallar oʻrin olgan.

— Muassasamiz olis va yaqin tarixni mujassamlashtirgan robita sifatida xalqimizga munosib xizmat qilmoqda, — deydi Namangan viloyat tarixi va madaniyati Davlat muzeyi direktori oʻrinbosari Muzaffar Karimov. — Bu yerda mehnat qilayotgan 80 kishilik ahil jamoaning 24 nafari ilmiy xodimlar boʻlib, oʻz izlanishlari bilan eksponat va muhim maʼlumotlar bazasini kengaytirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Maʼlumot uchun, bir asrlik yubileyini qarshi olishga astoydil harakat qilayotgan muzeyni taʼmirlash uchun Namangan viloyat hokimligi tomonidan 1,8 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, ayni paytda tadbirlar rejasiga kiritilgan yumushlar nihoyasiga yetkazilmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?