Bugun “Islomxoʻja” filmining premyerasi boʻlib oʻtadi

13:10 27 Avgust 2018 Madaniyat
737 0
Foto: Jahongir Ahmedov / “Xalq soʻzi”

Bugun Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida soat 18:30da haqiqiy kino ixlosmandlari, mutaxassislari tomonidan orziqib kutilayotgan “Islomxoʻja” filmining premyerasi boʻlib oʻtadi. Sanʼatshunos Hasan Toshxoʻjayevning fikricha, rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan mazkur kino kartina oʻzbek milliy kinematografiya sohasida oʻziga xos inqilob yasaydi. Uning aytishicha, “Islomxoʻja” filmi shu paytgacha kino sanʼatida (sanoatida emas!) asrlar osha muhim sanalgan eskicha yondashuvlar, “Film mana shunday boʻlishi kerak, tamom-vassalom!” singari qatʼiy cheklashlarni, inson taxayyulining cheksiz parvoziga qoʻyilgan temir zanjirlarni parchalab tashlagan.

Bu qarashlar qay darajada haqiqatga yaqin yoki yiroqligini esa bevosita ana shu filmni tomosha qilib, ishonch hosil qilish mumkin.

Foto: Hakim Yoʻldoshev / “Xalq soʻzi”

Keling, koʻring, fikringizni ayting.

Maʼlumot uchun, “Islomxoʻja” – ushbu yangi badiiy-publitsistik film XX asr boshlarida nafaqat Xorazm muzofoti balki, butun Markaziy Osiyo hududi, hatto Chor Rossiyasining amaldorlari orasida yuksak nufuzga ega boʻlgan Xiva xonligi Bosh vaziri Islomxoʻjaning hayoti va mehnat faoliyati haqida hikoya qiladi. Oʻz davrining taraqqiyparvar, xalqparvar davlat va jamoat arboblaridan biri boʻlgan Islomxoʻja 17 yoshidan xonlikning savdo va sanoat markazlaridan biri hisoblanmish Xazorasp bekligiga xokimlik qilgan, 26 yoshida Xiva xonligining Bosh vaziri etib tayinlangan. Valiahd Asfandiyor toʻraning hukmronligi davrida Islomxoʻja xonlikning barcha muhim va maʼsuliyatli vazifalarini oʻz zimmasiga olib, koʻplab inshootlar qurdirgan. Qator sohalarda islohotlar olib borgan. Biroq, xonlikning eng yuqori amaldori, buyuk islohotchi Islomxoʻja sirli ravishda oʻldirilib, hatto qotillikni fosh etish uchun boshlangan tergov harakatlari bosdi-bosdi qilingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?