“Bugun dunyo baland daraxt shoxidagi polapon inidek qalqib turibdi” — Bugun matbuotda

13:23 10 Iyul 2020 Jamiyat
287 0

“Biz mamlakatimizda koronavirus aniqlangan kundan boshlab qayta-qayta taʼkidlab kelmoqdamiz: bu juda murakkab sinov va ogʻir kurash boʻladi. Bu kurashda koʻp narsa oʻzimizga, aql bilan harakatimizga, sabr-toqatimizga temir intizom bilan, qatʼiyat va jipslikda ish koʻrishimizga bogʻliq.”

Xalq soʻzi gazetasining navbatdagi soni Prezidentimizning 8-iyul kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishidagi ushbu soʻzlari bilan boshlangan. Xususan, “Bugun dunyo baland daraxt shoxidagi polapon inidek qalqib turibdi. Koronavirus degan balo dahshatli toʻzon misoli yopirilib, bu daraxtni tinimsiz tebratmoqda. Insoniyatning, jumladan, xalqimizning kelgusi taqdiri ushbu ofatga qanchalik dosh berishiga, hushyor va ogoh, hamjihat va ahil boʻlib, umumbashariy qadriyatlar mustahkamligini — hayotiy tayanchni saqlab qolishiga bevosita bogʻliq”, deyiladi “Oʻzimiz oʻtirgan shoxni oʻzimiz kesmaylik” sarlavhali materialda.

“Jahon sayyohlik tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi oʻn yillikda dunyo sayyohlarida tabiiy yoki ekoturizmga qiziqish ortib bormoqda. Ekologik muhitda jonli tabiatni tomosha qilish ishtiyoqi koʻpchilikka oʻzgacha zavq beradi. Ayniqsa, yon-atrofda noyob jonzotlarning kezib yurishi ekzotik sayohat ishqibozlarida unutilmas taassurot qoldiradi. “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan “Boʻstonliqda noyob kiyik turlari koʻpaytirilyapti” sarlavhali maqolada shu haqda soʻz yuritiladi. Muallif — Iroda Toshmatovaning yozishicha, Boʻstonliq tumanining dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan Qoronkoʻl qishlogʻi hududida kichik turizm zonasi tashkil etildi. Hozir 176 gektar maydonda Sloveniya va Avstriyadan olib kelingan noyob kiyik turlari — 50 ta asl bugʻu va 45 ta Yevropa kiyigi koʻpaytirilmoqda. 2020-yil oxiriga qadar ularni sayyohlar ham tomosha qilishi mumkin boʻladi.

Butun dunyoda koronavirus balosining tarqalganiga ancha boʻldi. Ayrimlar bu ofatga koʻnikib ham qoldi. Uyda oʻtirib, karantin qoidalariga rioya etayotganlarga esa bugun hamma ofarin demoqda. Lekin koʻpdan koʻp fikr chiqqanidek, koʻpga kelgan ushbu balodan oʻz manfaati yoʻlida foydalanib qolishga urinayotganlar ham uchramoqda. Agar Mobi.uz kompaniyasi Samarqand boʻlimining shu shahardagi Sartepa shoxobchasi rahbari Xushvaqt Joʻrayevning aytganlari rost boʻlsa, mazkur kompaniyadagilar ham fursatdan unumli foydalanib qolishmoqchiga oʻxshaydi. Qanday qilib deysizmi? Ushbu savol javobiniJamiyat gazetasida eʼlon qilingan “Bu yerda men rahbarman, nima gapingiz boʻlsa, menga ayting!” sarlavhali maqoladan topasiz.

“Jamiyatni ulkan daraxtga qiyos etsak, uning oʻq ildizlari taʼlim tizimidir. Bu ildizlar qanchalik baquvvat boʻlsa, hayotbaxsh daraxtimiz shuncha koʻkka boʻy choʻzadi, mevalari shunga yarasha totli boʻladi, — degan jumlalar bilan boshlanadi Adolatgazetasida eʼlon qilingan “Ildizga bolta urgan kim?” sarlavhali material. — Oliy taʼlim muassasalariga qabuldan boshlab, oʻqish davomida ozmi-koʻpmi uchrab turadigan tanish-bilishchilik, poraxoʻrlik, korrupsiya illatlari ana shu taraqqiyotimiz ildiziga tushgan qurt yoki zarb bilan urilgan boltadan boshqa narsa emas...”

Globallashuv sharoitida axborot insoniyat hayotining ajralmas qismiga aylandi. Diniy ekstremistik tashkilotlar tomonidan internet tarmogʻidagi turli saytlar, messenjer va ijtimoiy tarmoqlar orqali buzgʻunchi gʻoyalarni tarqatish, kishilarni oʻz doirasiga jalb qilishga qarshi kurashishda Iroq Mudofaa vazirligining tajribasi amalda oʻz ijobiy samarasini bergan. Xoʻsh, bu qanday tajriba edi? “Vatanparvar” gazetasida chop etilgan “Mafkuraviy tashviqotga qarshi kurash: Iroq tajribasi” nomli materialda shu haqda oʻqiysiz.

«Koronavirus pandemiyasining nechanchi toʻlqin boʻlishidan qatʼiy nazar, qayta bosh koʻtarayotgani barchani tashvishga soldi. Odamlarda xotirjamlik yoʻqoldi. Ayrim joylarda befoyda, mamlakatga salbiy taʼsir koʻrsatadigan gʻalayonlarni keltirib chiqardi. Xoʻsh, endi dunyo qay yoʻsinda rivojlanadi? Yer yuzida hayot qanday boʻladi? Insoniyatni nima kutmoqda?» Oʻzbekiston bunyodkori” gazetasida eʼlon qilingan siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarovning “Dunyoning ertasi qanday boʻladi?” nomli maqolasida shu haqdagi mulohazalar bilan tanishasiz.

Oʻtgan yilning ayni saraton kunlaridan biri — 29-iyun kuni Jizzax shahrida shifokorning joniga qasd qilingani haqida sovuq xabar tarqalgandi. Koʻpchilik oʻshanda ikki kun avval oliygohni bitirgan, kelajakda hayotda oʻz oʻrnini topishi, jamiyatga naf keltirishi lozim boʻlgan yigitning ogʻir jinoyatga qoʻl urganiga afsus va achinish bilan qaragan, hatto uni qoralagandi. Ammo... Ushbu voqeaning toʻliq tafsilotini Kuch — adolatda” gazetasida chop etilgan “Alam va jahl” nomli maqolada oʻqishingiz mumkin.

“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi “Adabiyot millatning yuragidir” umumiy sarlavhasi ostida ijodkor yoshlarning onlayn forumiga doir materiallar bilan boshlangan. Shuningdek, nashrdan Teatr arboblari uyushmasi yetakchi mutaxassisi Mohinur Ahmadjonovaning “Qoʻgʻirchoq teatrida nima gap?”, tarixchi olim Abdumajid Madraimovning Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti haqidagi “Bu olam aro ajab alamlar koʻrdim...” nomli maqolalari joy olgan. Bundan tashqari, gazetada tadqiqotchi Bobomurod Eralining “Hazrat Navoiy nega uylanmagan? sarlavhali materiali ham bosilgan.
O'zA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?