Bugun ChL finali: Kimning imkoniyati ko‘proq, “Real” yoki “Liverpul”?

15:05 26 May 2018 Sport
1061 0
Фото: RT

Bugun Ukraina poytaxti Kiyev shahridagi Olimpiyskiy stadionida Ispaniyaning “Real” va Angliyaning “Liverpul” klublari o‘rtasida Yevropa Chempionlar ligasi final o‘yini bo‘lib o‘tadi. Mazkur bahsni butun dunyodagi charm to‘p muxlislari qatori o‘zbekistonlik ishqibozlar ham intizorlik bilan kutayapti. Kimdir oilasi davrasida, yana kimdir do‘stlari bilan choyxona yoki fan-klubda shiddatli bellashuvni kuzatib borishni rejalashtirgani shubhasiz. “Mersisaydliklar” vakili Muhammad Saloh kabi ro‘za tutayotganlar esa o‘zi mehr qo‘ygan jamoasi g‘alabasini tilab duo qilayotgani ham aniq. 

E’tiborlisi, misrlik iste’dodli futboli YeChL finalini deb ro‘zani qoldirmasligini bildirgan bo‘lsa, uning murabbiy Yurgen Klopp o‘z shogirdi ayni paytda juda kuchga to‘lganini ta’kidlab o‘tgan. Shuningdek, u finalda “Real” o‘z tajribasi tufayli ishonchliroq ko‘rinayotganini qayd etgan.
O‘z navbatida, Zinedin Zidan esa futbolchi sifatida Kloppdan ancha kuchli bo‘lganini aytib hazillashar ekan, aslida nemis mutaxassisini hurmat qilishi va hal qiluvchi to‘qnashuvdagi imkoniyatlar teng ekanligini e’tirof etib o‘tgan.
Bu yog‘ini esa vaqt ko‘rsatadi.
Biz esa biroz tarixga qaytamiz.
Avvalo, madridliklar haqida.

Bir yil oldin mazkur nufuzli turnirda qatorasiga ikki bor g‘alaba qozongan “Real” 1992/93 yillardagi mavsumdan boshlangan Chempionlar ligasining yangi tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Eslatib o‘tamiz, bundan oldin nomi Yevropa chempionlari kubogi bo‘lgan musobaqada Myunxenning “Bavariya”si 1974-1976 yillarda ketma-ket uch marta finalda zafar quchgandi.

Umuman, “qirollik klubi” hammasi bo‘lib 12 bor qit’adagi eng kuchli jamoaga aylangan bo‘lsa, uch marotaba finalda imkoniyatni boy bergan. Bunday natijani uning raqiblaridan birortasi takrorlay olmagan. Ayni paytda ham mutaxassislar uni favorit deb hisoblar ekan, “Liverpul”ning finalgacha yetib kelishini kutilmagan hol deya baholashayapti. Lekin haqiqatan ham shundaymi-yo‘qmi, buni o‘yin ko‘rsatadi.

“Real” finalgacha 12 ta match o‘tkazib, ikki marta mag‘lubiyatga uchradi. Har ikki safar ham 1:3 hisobida. Dastlab guruh bosqichida Londonning “Tottenxem”iga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, chorak finalda o‘z uyida Turinning “Yuventus”iga yutqazib qo‘ydi. Lekin Italiyadagi 3:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba Zidan “bolalari”ni keyingi bosqichga olib chiqdi. Yarim finalda “Bavariya” ortda qoldirildi: 2:1, 2:2.

“Liverpul” esa dastlabki saralash bosqichini hisobga olganda o‘tkazgan 14 bahsdan faqat bittasida, yarim final javob o‘yinida Rimning “Roma”siga 2:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Guruh bosqichida ikki bor raqiblar jamoasiga yettitadan javobsiz to‘p yo‘lladi. Pley-offda Lissabonning “Portu”, Manchesterning “Manchester Siti” va “Roma”ni ortda qoldirdi. Jami 46 ta gol urdi. 

“Mersisaydliklar” Yevropada 5 marotaba yetakchiga aylanib, bu borada “Real”(12 ta), “Milan”(7 ta)dan keyin “Bavariya” va “Barselona” bilan uchinchi o‘rinni bo‘lashib turibdi. Agar u bu safar muvaffaqiyatga erishsa, nemislarni ham, kataloniyaliklarni ham ortda qoldirib, o‘z pog‘onasining yakka egasiga aylanadi. Oxirgi marta ingliz jamoasi 2005 yilda YeChL finalida o‘ta qizg‘in va shiddatli kechgan bellashuvda “Milan”dan penaltilar seriyasida ustun kelgandi. O‘shanda ular italyanlardan 0:3 hisobida ortda qolayotgan bo‘lsa-da, asosiy vaqtda iroda ko‘rsatib hisobni tenglashtirishning uddasidan chiqishgan edi. 

“Real” yetakchisi 33 yoshli portugal Krishtiano Ronaldodir. U joriy mavsumda 15 ta gol urib, ketma-ket 10 ta matchda raqib darvozasini ishg‘ol qilib, bu boradagi navbatdagi rekordini o‘rnatdi. Ronaldu 2013/2014 yilda Chempionlar ligasi bir mavsumida 17 ta to‘p kiritib, gollar soni bo‘yicha ham eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etgandi. Kiyevda u mazkur natijasini takrorlashi, hatto yaxshilab olishi mumkin.

“Liverpul”ning “uch mushketyor”i – Muhammad Saloh va braziliyalik Roberto Firmino hisobida 10 tadan, senegallik Sadio Maneda esa 9 ta gol mavjud. Ular har doim raqiblarni xavotirda ushlab turadi. Ko‘pchilik mazkur uchlikni madridliklarning mashhur “BBC”i(ingliz tilida Bale, Benzema, Christiano) bilan solishtirmoqda. 

Yana bir diqqatga sazovor jihati, har ikki finalchi ham o‘z ichki chempionatida g‘oliblikka erisha olmadi. Madridliklar “Barselona” va “Atletiko”dan keyin uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi. “Liverpul” esa Premer-ligada to‘rtinchi bo‘ldi. Lekin ular YeChLning kelgusi mavsumida o‘z ishtiroklarini kafolatlab qo‘ydi. Finaldagi natija ular navbatdagi qur’a marosimida qaysi savatchadan joy olishini belgilab beradi, xolos. Har qanday holatda ham g‘olib birinchi, agar “Real” yutqazsa, ikkinchi, “Liverpul” mag‘lub bo‘lsa, uchinchi savatchaga qo‘yiladi. 
O‘yin Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi. Uni serbiyalik hakam Milorad Majich boshqarib boradi.

Demak, Zidanning tezkorlik va ehtiyotkorlikni o‘zida uyg‘unlashtirgan taktikasi Kloppning tajovuzkor va sermahsullik kasb etayotgan usuliga yuzma-yuz keladi. Fransuz xo‘rozining qichqirishi “nemis mashinasi”ni to‘xtata oladimi yoki “mersisaydliklar” tomonida g‘alaba tongi otishiga sabab bo‘ladimi? Bunga javob topish uchun sabr qilish kerak. Sabr! 
G‘olib 15 avgust kuni Estoniya poytaxti Tallin shahri mezbonlik qiladigan UYeFA Superkubogi bellashuvida “Atletiko”ga qarshi maydonga tushadi. 
Ma’lumot uchun 2018/2019 yilgi Chempionlar ligasi mavsumiga joriy yil 26 iyun kuni start beriladi. Shu sanadan dastlabki saralash raundi boshlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?