Bu shunday daftarki, unda yoshlar va ayollarning bukilmas irodasi, qatʼiyati va olijanob maqsadlari aks etadi

12:58 12 Oktyabr 2020 Siyosat
419 0

Yangilanayotgan va yosharayotgan Oʻzbekistonning muhim tayanchi bu – yoshlarimiz va xotin-qizlarimiz hisoblanadi. Biz uygʻonish davri ostonasiga qadam qoʻyayotgan, Yangi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yuksaltirishga intilayotgan ekanmiz, bu saʼy-harakatlarimizni ijtimoiy faol, oʻz kuchiga ishongan, har tomonlama barkamol yoshlar va ayollarsiz tasavvur qila olmaymiz. Ammo tan olishimiz kerak, ishsiz, hunarsiz, hatto yakkalanib qolgan, xalq tili bilan aytganda uyushmagan yoshlar, ayollar qatlami ham mavjudki, ularni chetga surib qoʻyib, oldimizga qoʻyilgan olijanob maqsadlarimizga erisha olmaymiz.

Xoʻsh, ularni qaysi jihatlari bilan boshqalaridan farqlay olamiz? Qanday qilsak, bunday fuqarolarimizni ijtimoiy faol, oʻz pozitsiyasi hamda maqsadlari sari dadil qadam tashlayotganlar safiga qoʻsha olamiz?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-oktyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aynan shu muammolar tahlil qilindi va bu borada mutlaqo yangi tizim yaratilishi xususida fikr yuritildi.

Endilikda “temir daftar”dan farqli oʻlaroq, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantiriladi. Bunday daftarlardan koʻzlangan maqsad yoshlar va ayollarni faqat bilimli, hunarli kasbli va ishli qilishdangina iborat emas, balki ularga motivatsiya uygʻotish, yaʼni ertangi kunga ishonch, yashashga ishtiyoq va yurtga muhabbatni shakllantirishdan iboratdir. Buning zamirida vatanparvarlikdek ulugʻ tuygʻu mujassam.

Videoselektorda mutasaddilarga ushbu tizimning namunaviy shaklini ishlab chiqish va mamlakatimizdagi 28 ta hududda sinovdan oʻtkazish vazifasi yuklatildi. Binobarin, bu masala parlamentni, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlarini faollikka undamoqda. Qolaversa, partiyamiz dasturida ham yoshlar va xotin-qizlar masalasiga katta eʼtibor qaratilgan. Ayniqsa, kasanachilikni rivojlantirish, uy mehnati bilan mashgʻul boʻlgan ayollarga shart-sharoitlar yaratish, yakka tartibdagi tadbirkor va kichik biznesni rivojlantirish asosiy maqsadlarimizdan qilib belgilangan.

Oʻzim deputat sifatida hududlarga borganimda, saylovchilar bilan yuzma-yuz uchrashganimda yuragini ochishga iymanib, tortinib turgan, oʻz muammolarini yashirayotgan koʻplab ayollarga duch kelganman. Baʼzi yoshlar esa muammosi hal boʻlmagani uchun oʻzi yolgʻiz, hech kimdan madad soʻramasdan harakat qilishni afzal koʻradi yoki xorijga chiqib ketmasam bu yerda ish topa olmayman deb oʻylaydi. Faqat tirikchilik uchun yetadigan daromad topayotgan ana shunday yoshlar orasida iqtidorlilari, olamshumul kashfiyotlar yaratishga qodirlari juda koʻp. “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” shakllantirilayotganda bu masalalarga katta eʼtibor qaratish lozim, deb hisoblayman.

Men aminmanki, yoshlar, ayollar bilan bogʻliq masalalar dolzarbligini yoʻqotmaydi va bu biz deputatlardan faol, tashabbuskor hamda chuqur bilim hamda salohiyat bilan faoliyat olib borishni taqozo etadi.

Dilbar USMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?