«Bu kunlarning bahosi yo‘q»

10:38 09 May 2018 Jamiyat
763 0

“Xonadonimizda har kuni bayram. Qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘, o‘quvchi-yoshlar yo‘qlab kelishadi, suhbatga tutishadi, uchrashuvlarga olib ketishadi. Bundan juda xursandman. Kuni kecha esa hokimiyatdan vakillar kelib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bizga yo‘llagan tabrigini o‘qib berishdi. Undagi qaynoq mehr, yuksak hurmatu ehtiromdan boshim osmonga yetdi. Urushda diydam qotgan, uncha-munchaga yig‘lamayman, ammo bu xat meni yig‘latdi. Bizni qadrlaganlarning aziz boshi hamisha omon bo‘lsin. Yana qayerda dam olishni istasam, o‘sha yerga bepul yo‘llanma berishlarini aytishdi. Eh-he, bir insonni hurmat qilish shunchalik bo‘ladi-da! Bugungi kunlarning bahosi yo‘q, shunday dorilamon zamonga yetkazgani uchun behisob shukronalar aytaman...”

Bu so‘zlar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Nizom ota Nuriddinovga tegishli.

Poytaxtimizning Chilonzor tumani, Beshqo‘rg‘on mahallasida istiqomat qiluvchi otaxonni yo‘qlab borganimizda, “Mahalla” va “Nuroniy” jamg‘armalarining tuman bo‘limlari mutasaddilari ham shu yerda ekan. Ular otaxonga Yurtboshimiz sovg‘asi — tilla suvi yuritilgan soat va besh million so‘m pul mukofotini taqdim etishdi. Nizom ota bu e’tibor va g‘amxo‘rlikdan bolalarcha shodlanib, soat taqilgan qo‘lini ko‘targancha: “Yarashdimi?” deb so‘raydi. Bunga javoban esa hammadan oldin u kishining yonida erkalanib o‘tirgan olti yoshli evarasi Diyora: “Yarashdi, bobojon, yarashdi”, deya qiyqiradi. Undagi zavq-shavq boshqalarga, ayniqsa, Nizom otaga ham ko‘chdi. 

— Aytinglar, shu bolajonning kulgisidan ortiq baxt bormi bu dunyoda? — deydi urush va mehnat faxriysi. — Bizning bolaligimiz quvonchlarsiz, tabassumlarsiz o‘tdi. Urush tufayli ocharchilik, qahatchilik ro‘y berdi. Shu bois to‘ylarda, davralarda, uchrashuvlarda tinchlikni qadrlash haqida gapiraman.

15 mayda 96 yoshga kiradigan, shunday bo‘lsa-da, ko‘zoynaksiz gazeta va kitob o‘qiydigan Nizom ota Nuriddinov urush yillarida aloqachi bo‘lib xizmat qilganini yaxshi eslaydi.

Otaxon yurtga qaytgach, muallimlik kasbini tanladi. Qariyb 30 yil mobaynida poytaxtimizdagi 36-maktabda dars berdi. Turmush o‘rtog‘i Zebo aya bilan to‘rt o‘g‘il va to‘rt qizni tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. Otaxon bugun yuzlab nevarayu evara, chevaralar mehru muhabbatidan bahramand bo‘lib umrguzaronlik qilmoqda.

Otaxon bilan xayrlashar ekanmiz, davlatimiz rahbariga, barcha yurtdoshlarimizga salomatlik tilab duo qildi. O‘z umrini halol mehnat, o‘zgalarga yaxshilik qilishdek ezgu ishlarga baxshida etayotgan otaxonning ko‘zlarida hayotdan mamnunlik aks etib turibdi.

Maqsud JONIXONOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?