Bu yil terilgan 1 kg. paxta uchun qancha toʻlanadi?

23:02 17 Avgust 2019 Jamiyat
654 0

Arxiv foto

Hukumatning “2019-yil hosili paxta xom ashyosini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Unga koʻra:

“Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 2019-yil hosili uchun yetishtirilgan paxta xom ashyosini terib olishda:

paxta xom ashyosining mashinada terilgan 1 tonnasi uchun 500 000 soʻm xizmat haqi toʻlash;

paxta xom ashyosining qoʻlda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi terimda oʻrta tolali paxta navlari uchun – 800 soʻmdan, uzun tolali paxta navlari uchun – 1000 soʻmdan, ikkinchi terimda oʻrta tolali paxta navlari uchun – 1000 soʻmdan, uzun tolali paxta navlari uchun – 1400 soʻmdan mehnat haqi toʻlash;

paxta yigʻim-terimi mavsumida terim otryadi rahbarlari hamda Sirdaryo viloyatida tashkil etilayotgan dala markazlarining rahbarlari (menedjerlari)ga istisno tariqasida fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mehnat haqi toʻlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullanishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi joriy yilning 15-sentyabriga qadar eksperiment tariqasida, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan paxta terish ishlariga jalb qilinadigan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizini qoplab berish mexanizmini joriy etadi.

Belgilansinki:

otryad rahbarlari terilgan paxta xom ashyosi miqdoridan kelib chiqqan holda mehnat haqini oshirib borish asosida ragʻbatlantiriladi;

paxta yigʻim-terimida ish kuchi yetishmovchiligi mavjud boʻlganda, tumanlar hokimliklari, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari hamda tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining buyurtmalariga asosan tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlari va xususiy bandlik agentliklari tomonidan qoʻshimcha terimchilar ixtiyoriy ravishda jalb etiladi;

xususiy bandlik agentliklari xizmatlari tomonidan har bir ish bilan band boʻlmagan aholini paxta yigʻim terimiga ixtiyoriy ravishda jalb qilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida mehnat organlari tomonidan Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.

Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlariga paxta xom ashyosi yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining moddiy manfaatdorligini oshirish, yetishtirilgan paxta xom ashyosini oʻz vaqtida terib olishni taʼminlash maqsadida oʻzlariga biriktirilgan hududda paxta xom ashyosini qoʻlda terib olish uchun mehnat haqini mazkur qarorda belgilangan narxlardan kam boʻlmagan holda erkin belgilash tavsiya etiladi.

“Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari:

paxta yigʻim-terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish, paxta terish mashinalaridan keng koʻlamda foydalanishni ragʻbatlantirish, paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarning manfaatdorligini oshirish uchun qoʻlda va mashinada terilgan paxta xom ashyosining navlari va sinflari boʻyicha davlat tomonidan kafolatlangan narxlarda xarid qilinishini;

mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan topshirilgan paxta xom ashyosini qabul qilib olishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan va elektron tarozilardan foydalangan holda paxta qabul qilish jarayonining shaffofligini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi paxta tozalash tashkilotlari hamda paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari tomonidan paxta xom ashyosini qabul qilish maskanlaridagi laboratoriyalarda paxta xom ashyosini qabul qilishda sof (fizik) vazn bilan konditsion vazn oʻrtasidagi farqlarning haqqoniyligi va chegirmalarning adolatli qoʻllanilishi yuzasidan tizimli nazorat oʻrnatadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, respublika tijorat banklariga “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlariga paxta xom ashyosini terib olishga talab etiladigan mablagʻlar uchun yillik foiz stavkasini xorijiy valyutada 6 foizdan va milliy valyutada 16 foizdan oshmagan miqdorda kreditlar ajratish tavsiya etiladi.

Jamgʻarma, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, respublika tijorat banklari, “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari paxta xom ashyosi uchun terimchilarga mehnat haqini ushbu qarorda belgilangan tarif stavkalaridan kelib chiqqan holda har besh kunda, zarurat boʻlganda har kuni toʻlashni tashkil etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-fevraldagi PQ-3574-son qarori talablaridan kelib chiqib, 2019-yil paxta hosilini qisqa muddatda yigʻib-terib olishni, terimchilar bilan hisob-kitoblarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida jamgʻarmaga 2020-yilda qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratadi.

Jamgʻarma, “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari yetkazib berilgan paxta xom ashyosi uchun fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari bilan joriy yilning 31-dekabriga qadar toʻliq hisob-kitob qilinishini taʼminlaydi.

Paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan hisob-kitoblarning toʻgʻri va oʻz vaqtida amalga oshirilishiga hamda ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishiga “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va “Agrobank” ATB rahbarlari shaxsan masʼul ekanliklari belgilab qoʻyiladi.

Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining paxta yigʻim terimi mavsumida terimchilar joylashgan yotoq joylarida sarflanadigan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi xarajatlarini mahalliy byudjet hisobidan qoplab berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullanishi mumkin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2019-yil paxta hosilini nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yigʻib-terib olishni tashkil etish, mavsumda qatnashayotgan terimchilarga mehnat haqi toʻlash hamda ish kuchi yetishmovchiligi mavjud tumanlarga qoʻshimcha terimchilarni jalb qilish va ularga kafolatlangan haq toʻlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni tasdiqlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?