Bu yil oʻqishga kiritib qoʻyish qanchaga baholanmoqda? Bosh prokuratura maʼlumot berdi

13:05 24 Avgust 2020 Jamiyat
461 0

Andijon va Xorazmda fuqarolarni 4 000 AQSH dollariga oʻqishga kiritib qoʻymoqchi boʻlgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Andijon viloyat boshqarmalari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Andijon davlat universiteti oʻqituvchisi A.X. oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari boshlanganidan foydalanib, firibgarlik yoʻli bilan daromad orttirib qolish maqsadida fuqaro O.A.ning ishonchiga kirib, uni ushbu universitetning Fakultetlararo jismoniy madaniyat va sport yoʻnalishiga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali oʻqishga kiritib qoʻyishi evaziga 4 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Xuddi shunday, Departamentning Urganch shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.K. firibgarlik yoʻli bilan daromad orttirish maqsadida fuqarolar D.S. va Z.A.larning ishonchiga kirib, ularni Urganch Davlat universitetining Jismoniy tarbiya va tasviriy sanʼat yoʻnalishiga oʻqishga kiritib qoʻyishi evaziga mazkur universitetning 3-bosqich talabasi M.A. orqali 4 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?