Bu yil nufuzli “Oltin toʻp” sovrini nega topshirilmaydi?

20:07 20 Iyul 2020 Sport
228 0

Jahonning mashhur France Football nashri tomonidan yil soʻnggida eng yaxshi futbolchi uchun topshiriladigan “Oltin toʻp” sovrini 2020-yil hisobi boʻyicha hech kimga berilmaydigan boʻldi.

Nashr buni asosan, pandemiya sharoitida kelib chiqqan bir qator tartibsizliklar oqibatida baholamoqda. Xabaringiz bor, vujudga kelgan koronavirus infeksiyasi sportga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Mavsum oʻzining eng qizgʻin pallasiga kirayotgan bir paytda butun jahon futboli uchun belgilangan uzoq muddatli tanaffus koʻplab rejalarni oʻzgartirib yubordi. Mavjud jarayonni nisbatan maʼlum bir tartibda ushlab turish maqsadida FIFA yilning eng muhim matchlarini oʻz vaqtidan muayyan muddatga ortga surishga majbur boʻldi va buni oʻsha payt uchun eng maqbul variant boʻlgan desak yanglishmaymiz. Lekin boshqa omillar nuqtayi nazaridan ushbu qarorlar koʻpgina muammolarga sabab boʻlishi aniq edi. Natijada, anchayin tigʻiz taqvim yuzaga keldi, futbolchilarda jismoniy tomonlama kamchiliklar koʻzga tashlanmoqda, murabbiylarda ham taktik va tarkib jihatidan kelib chiqayotgan chalkashliklar. Xullas bu kabi faktorlar karantin davridan keyingi futbolning jozibasini keskin pasaytirib yubordi. Buning ustiga, muxlislarsiz oʻtayotgan uchrashuvlarda oʻzaro intriga ham biroz pasaygandek nazarimizda. Buni istalgan bahsda kuzatsak boʻladi. Ushbu jihatlar inobatga olingan holda bir toʻxtamga kelingan va qaror qabul qilingan. Albatta, bu xabar juda koʻplab muhokama va salbiy qarashlarga sabab boʻlmoqda. Lekin bu yerda vaziyatga bir tomonlama qarash notoʻgʻri, shubhasiz, birinchi galda inson salomatligi yuqori darajada turmogʻi lozim. Ayniqsa, kasallikning alomatlari futbolchi va murabbiylarda aniqlanishda davom etar ekan, mavjud holatga doimo masʼuliyat bilan yondashish talab etiladi. Hatto butun bir tizim tahlil qilib chiqilgach, ayrim mamlakatlar, jumladan, Fransiya, Belgiya va Niderlandiyada ichki chempionat bahslari muddatidan oldin ham yakunlab yuborildi. “Oltin toʻp” uchun kurashayotgan bir qator yulduzlarning ushbu divizionlarda faoliyat yuritishini hisobga olsak, «inner stop» ular uchun yetarlicha minus boʻlib xizmat qildi va nisbatan adolatsizlik kelib chiqishi bor gap edi. Bu borada, avvalo, hukumat ham oʻz pozitsiyasini koʻrsatganligini alohida taʼkidlash kerak. Natijada, ligalararo katta tafovut yuzaga kelib qoldi. Xalqaro musobaqalaru turli xil individual sovrinlar bellashuvida imkoniyatlar endi oʻzgardi. Toʻpurarlar poygasi hamda transferlar bozorida ham keskin burilishlar kuzatildi. Barcha omillar hisobga olinib ushbu qarorning chiqarilganligi va uning koʻp tomonlama hamma uchun birdek ijobiy tusda xizmat qilishini, albatta tushunish lozim. Chunki buning zamirida barchaga barobar tenglik va adolat prinsiplari mavjud. Qoʻshimcha ravishda, tarozi pallalarini nisbatan teng ushlab turish maqsadida endi yil oʻyinchisining oʻzigina aniqlanmay, yaxlit ramziy jamoa tuzilib, mini-sovrinlar topshirilishi rejalashtirilgan. Bu esa har galgisidan oʻzgacha oʻtishi shubhasiz. Qisqa qilib aytganda, vaziyatning barcha jihatlari oʻrganib chiqilgan.

Eslatib oʻtamiz, sovrinning oʻtgan yilgi gʻolibi Lionel Messi hisoblanadi va futbolchi umumiy hisobdagi 6 ta koʻrsatkich bilan bu borada peshqadam boʻlib turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?