“Bu bogʻlar bir bogʻlar boʻladi hali...”

09:54 14 Iyun 2019 Jamiyat
271 0

Har yili bahorning ilk kunlarida boʻlib oʻtadigan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining taqdirlash marosimini butun xalqimiz, ayniqsa, qizlarimiz katta hayajon bilan kutadilar, kuzatadilar. Gʻolib deb topilganlar aʼlo xulqi, noyob isteʼdodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, oʻqishdagi muvaffaqiyatlari uchun mukofotga sazovor boʻladi. Ular jamiyatning eng ilgʻor, kerak boʻlsa ortidan koʻplab oʻzbek qizlarini ergashtira biluvchi, oʻrnak boʻluvchi qizlardir. Bu yil ushbu yuksak mukofot taʼsis etilganiga 20 yil toʻldi. Bir qizning navqiron yoshga yetgulik davrda koʻplab iqtidor egalari kashf qilindi. Bugun ular jamiyatimizning barcha jabhalarida samarali faoliyat yuritib kelmoqdalar.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining taʼsis etilishi mamlakatimiz yoshlari hayotidagi ulkan voqeaga aylangan desak mubolagʻa emas. Mukofot nizomiga soʻnggi yillarda yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qator oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritildi.Xususan, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 2-fevraldagi farmoniga koʻra, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport kabi yoʻnalishlar bilan bir qatorda jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan, har bir viloyatdan ikki nafardan iqtidorli qizlarga berilishi belgilandi.

Shuningdek, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining ushbu mukofot sovrindorlari boʻlgan oʻquvchilari oliy oʻquv dargohlari bakalavriatiga, bakalavriat talabalari esa oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichiga tegishli yoʻnalish va ixtisoslik boʻyicha kirish sinovlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinishi barobarida daʼvogarlar sonining yoshi 14 dan 30 yoshgacha uzaytirildi.

Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2000-2019-yillar davomida mazkur mukofotga sazovor boʻlgan qizlarning soni 311 nafarga yetdi, ularning 71 nafari adabiyot, 66 nafari madaniyat, 62 nafari sanʼat, 29 nafari fan, 49 nafari taʼlim, 30 nafari sport va 4 nafari esa jamoatchilik yoʻnalishidadir. Bugungi kunda tanlovni oʻtkazish tizimini yanada rivojlantirish, mukofotni munosib egalariga topshirish, qizlarni maʼnan, ham jismonan sogʻlom va barkamol voyaga yetishlarini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar takomillashib, sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilmoqda..

Bu yil ushbu yuksak mukofot tasdiqlanganining 20 yilligiga ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazdik va anjuman doirasida katta koʻrgazma tashkillashtirdik. — deydi Andijon viloyati Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Manzura Yunusova. — Unda nafaqat sovrindor qizlarning mukofotga erishgandan keyingi faoliyatini, balki tanlovning respublika bosqichiga chiqqan, ammo sovrindor boʻla olmagan turli yoʻnalishlardagi iqtidorli qizlarimiz ishlarini ham namoyish etdik. Niyatimiz xotin-qizlarimizni jamiyatdagi faolligini oshirish, qolaversa, Zulfiya mukofoti sohibalarining hayotda oʻz oʻrnini topib, jamiyatimizda ezgu ishlarga kamarbasta boʻlayotganini ibrat sifatida koʻrsatish, shu orqali orqali yoshlarni tashabbuskorlikka, izlanishga undash, iqtidorini yuzaga chiqarishga koʻmaklashish kabi vazifalardan iborat. Shuningdek, tadbir doirasida mukofot sohibalari faoliyatining monitoringi aks etgan videorolik tayyorlab, ommaviy axborot vositalariga taqdim etdik. Ushbu rolik yil mobaynida turli telekanallarda berib boriladi. Yana shuni alohida taʼkidlashni xohlardimki, xotin-qizlar faolligini oshirish maqsadida bugungi kunda viloyatimizdagi barcha taʼlim muassasalari hamda mahallalarda qizlar klubi faoliyatini boshladi. Bunda “Tengdosh tengdoshga” tamoyili asosida turli qiziqarli davra suhbatlari, oʻquv mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Bugun jamiyatda koʻplab Zulfiya qizlarini oʻrnak boʻlib kelayotganlarni alohida eʼtirof etsak arziydi. Dilnoza Kattaxanova, Kamola Ermatova, Shirin Mamatova, Mehrinoz Abbosova, Sarvinoz Shaydullayeva, Dilbar Xoljigitova, Dilrabo Norqulova, Chaman Jonuzoqova... Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.Xulosa qilib aytganda, bir hududdan nechta nomzod chiqsa bu oʻsha hududda mana shuncha iqtidor egasi bor ekanligini anglatadi. Shunday ekan, kelajakda Nodira, Uvaysiy, Toʻmaris kabi mard va jasur ayol-qizlar yetishib chiqishiga ishonchimiz komil. Shoira Zulfiyaxonim aytganlariday, “Bu bogʻlar bir bogʻlar boʻladi hali...”

Yulduz OʻRMONOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?