Bryus Li va Jeki Chan ishtirokida filmlarni suratga olgan prodyuser Oʻzbekistonga keldi

16:41 10 Dekabr 2018 Madaniyat
835 0

Arxiv foto

Mamlakatimizga “Bir makon, bir yoʻl” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida Xitoydagi eng yirik Hunan Heguang Media Co., Ltd. kompaniyasi delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Taniqli prodyuser Lo Xao boshchiligidagi ijodkorlar “Oʻzbekkino” agentligi va Uzbekistan Film Holding kompaniyasi taklifiga binoan yurtimizga kelishdi. Ular Bryus Li va Jeki Chan ishtirokida kartinalar suratga olgan XXRdagi afsonaviy Orange Sky Golden Harvest Group va Hunan Mango Studios kino kompaniyalari manfaatlarini ham taqdim etishadi.

— Mamlakatingizga birinchi bor kelishim va ertaknamo Samarqand shahriga tashrifim unutilmas taassurotlar qoldirdi, — dedi Lo Xao. — Hatto ushbu tarixiy joylarda suratga olinishi mumkin boʻlgan bir nechta televizion loyihalarni rejalashtirib ham oldim. “Oʻzbekkino” vakillari bilan muloqot chogʻida kino, telemahsulotlar va internet-filmlar yaratish sohasida oʻzaro hamkorlik qilishning oʻziga xos jihatlarini muhokama qildik. Oʻzbekistonda “Uch shahar” loyihasi amalga oshirilayotgan haqida eshitish yoqimlidir. Uning doirasida poytaxt hududida pavilonlari, kino akademiyasi, xiyobon zonalari, mehmonxonalari va kovorking-markazini oʻz ichiga olgan “Kinoshahar” quriladi. Oʻz tomonimizdan Oʻzbekistonga kinoindustriyani rivojlantirish uchun koʻmak berishga tayyormiz. Vatanimizga qaytib, mamlakatingiz haqida soʻzlab beramiz, hamkorlar, prodyuserlar, kino arboblar va investorlarni hamkorlik qilish uchun taklif etamiz.

Yakunda XXRning uchta kinokompaniyasi va “Oʻzbekkino” hamda Uzbekistan Film Holding oʻrtasida memorandum imzolandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?