Bruklinda Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan adabiy-badiiy kecha tashkil etildi

12:11 16 Oktyabr 2020 Jamiyat
86 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasi tomonidan 21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlab Nyu-York shahri Bruklin tumanidagi “Ziyo-Art” oʻzbek tili maktabida oʻquvchilar va “Mahalla USA” jamiyati faollari ishtirokida adabiy-badiiy tadbir oʻtkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Anjuman davomida oʻzbek milliy taomlari, liboslari, raqslari, musiqasi, qoʻshiqlari, urf-odatlari taqdimoti hamda koʻrgazmali chiqishlar boʻlib oʻtdi. Shuningdek, “ona allasi” sahna koʻrinishi ishtirokchilar eʼtiboriga taqdim etildi.

Bruklin tumani koʻpsonli oʻzbekistonliklar yashaydigan hududlardan hisoblanadi. Tadbirning aynan ushbu tumanda tashkillashtirilishi mazkur hududda istiqomat qilib kelayotgan Oʻzbekiston fuqarolarida vatanparvarlik tuygʻularini yuksaltirish hamda oʻzbek tilini AQSHda yana-da kengroq targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Kecha ishtirokchilari serqirra oʻzbek milliy urf-odatlari bilan yaqindan tanishganliklarini hamda tadbirdan oʻzlari uchun maʼnaviy ozuqa olganliklarini taʼkidladi.

Badiiy kechada faol ishtirok etgan ishtirokchilarga “Mahalla USA” jamiyati va Bosh konsulxona tomonidan taʼsis etilgan esdalik sovgʻalari topshirildi.

Bruklin tumanida tashkil etilgan Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan tadbir mahalliy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.

Maʼlumot uchun, AQSHda koronavirus bilan bogʻlik epidemiologik vaziyat munosabati cheklovchi qatʼiy karantin choralarini joriy qilinganligi sababli Bosh konsulxona tomonidan rejalashtirilgan ushbu mavzudagi navbatdagi tadbir joriy yil 21-oktyabr kuni virtual shaklda oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?