Britaniyaning PETROMARUZ kompaniyalar guruhi Oʻzbekistonda innovatsiyalarni rivojlantirish uchun 15 mlrd. soʻm ajratadi

10:23 03 Iyul 2019 Iqtisodiyot
206 0

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Buyuk Britaniyaning PETROMARUZ kompaniyalar guruhi oʻrtasida neft-gaz sohasi, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi hamda qurilish materiallari sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Muloqot chogʻida bir hikmatli soʻz bot-bot yangradi — “Ilm, izlanish yoʻq joyda rivojlanish, fan yutuqlari tadqiq etilmagan sohada esa hech qanday yuksalish boʻlmaydi”.

Binobarin, PETROMARUZ kompaniyalar guruhining Direktorlar kengashi raisi, iqtisod fanlari doktori, professor, Nyu-York fanlar akademiyasi akademigi Murtazo Rahmatov ham oʻzining ham ishbilarmonlik, ham ilmiy faoliyati davomida doimo ilm-fan yutuqlarini sohalarga integratsiya qilish masalasini ilgari surib keladi.

Maʼlumki, respublikamizda ilmiy faoliyat asosan davlat byudjet mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi. Bu safar esa Innovatsion rivojlanish vazirligi PETROMARUZ kompaniyasi bilan neft-gaz, sement ishlab chiqarish, toʻqimachilik sanoati, inert qurilish materiallarini qazib olish, yoʻl qurilishi, qurilish konstruksiyalarini tayyorlash, qishloq xoʻjaligi sohalarini rivojlantirishda hamkorlik oʻrnatdi.

Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida yoʻlga qoʻyilgan mazkur oʻzaro aloqadan koʻzlangan maqsad ham ezgu - ilmiy tadqiqot ishlarini jadal surʼatlarda rivojlantirishga erishish, xususiy sektorning moliya va iqtisodiy imkoniyatlarini ilm-fan taraqqiyotiga jalb qilishdir.

Muzokaralar natijasida dastlabki hamkorlikdagi ilmiy-texnik loyihalar tanlovlari uchun PETROMARUZ kompaniyalar guruhi 3—4 mlrd .soʻm va yil oxirigacha 15 mlrd. soʻm miqdorida mablagʻlar ajratishga, vazirlik ham oʻz navbatida xuddi shunday miqdordagi ulush kiritishiga kelishildi.

Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi PETROMARUZ bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlari yoʻnalishlarini aniqlab, oʻzaro moliyalashtirish uchun tematik ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar tanloviga loyihalar mavzulari shakllantirdi. Xususan, neft va yoqilgʻi sohasida 5 ta, paxtani qayta ishlash bilan bogʻliq 3 ta, arxitektura va qurilish sohasida 3 ta, jami 11 ta ilmiy-tadqiqot loyihasi mavzulari shakllantirildi. Bu vazirlik va kompaniya oʻrtasidagi hamkorlikning birinchi bosqichi boʻlib, keyinchalik turli sohalar boʻyicha yana loyihalar tanlovlari eʼlon qilib boriladi.

Memorandumga koʻra, ilmiy tadqiqotlarning xarajatlarining 50 foizi vazirlik tomonidan davlat byudjeti hisobidan toʻlansa, qolgan 50 foizi kompaniya hisobidan qoplanadi. Taʼkidlash joizki, rivojlangan mamlakatlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirishning salmoqli qismi – taxminan 60 foizi sanoat kompaniyalar ulushiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekistonda esa bu koʻrsatkich atigi 8 foizni tashkil etadi.

– Bu yurtimiz ilm-faniga xususiy sektor tomonidan bildirilgan katta ishonchdir, – dedi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Xususiy biznesdan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun investitsiyalarning kiritilishi vazirligimiz oʻz oldiga qoʻygan vazifalardan biri, yaʼni ilm-fan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik integratsiyasining yaqqol misolidir. Hozirda yurtimizda klasterlar tizimini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda, mana shu klasterlarga aniq loyihalar ustida ishlayotgan olimlarning biriktirib qoʻyilishi klasterlarning rivojiga zamin yaratadi.

Sanoatning asosiy tarmoqlarida faoliyat yuritadigan oʻnlab korxonalarni oʻzida birlashtiruvchi PETROMARUZ kompaniyalar guruhining Direktorlar kengashi raisi Murtazo Raxmatov klasterlar tizimi ishlab chiqarishni yangi bosqichga koʻtarayotganini taʼkidladi. Xususan, Buxoroda tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri qisqa muddatlar davomida oʻz samaradorligini namoyish etdi.

- Klaster tuzilishidan avval 35 kishi faoliyat yuritayotgan korxonada bugunda minglab odamlar ish bilan band, – dedi Murtazo Raxmatov. – Amalga oshirayotgan ishlarimizni yanada samarali amalga oshirish uchun olimlarning yordami kerak. Negaki, bugungi texnologiyalar tez rivojlanib borayotgan davrimizda ilm-fan natijalarini qoʻllamay samaradorlikni oshirish, ishlab chiqarishdagi muammolarni bartaraf etish mumkin emas. Zero, ilm, bilim boʻlmasa, hech narsaga erishib mumkin emas. Shuning uchun birinchi qadam ilmdan boshlanishi kerak. Agar integratsiya boʻlmasa, barcha sohalar birlashib, katta mablagʻ va kuchga egalik qilmasa, innovatsiyani qoʻllash juda qiyin kechadi. Integratsiya bor joyda innovatsiyaga yoʻl ochiladi. Bizning kompaniyamiz misolida klasterlar sohasida juda katta ishlar olib borilyapti. Mana shu integratsiyalashuv natijasida, katta innovatsion gʻoyalar va nazariyalarni, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga tatbiq qilish imkoniyati yaratildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorligimiz klasterlarimiz ravnaqida juda katta natijalar beradi.

Umuman olganda, yurtimiz iqtisodiyotiga har tomonlama hissa qoʻshib kelayotgan kompaniyalar guruhining tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlashi, ularning natijalarini ishlab chiqarishga joriy qilinishi iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarini yangi bosqichga olib chiqadi, uning natijasida ishlab chiqarish samaradorligi oʻsadi, yangi ish oʻrinlari tashkil etilib, aholi yashash sifati oshadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?