Britaniyaliklar etti kunlik sayohat uchun O’zbekistonni tanlashdi

16:18 05 Aprel 2018 Jamiyat
1672 0

“O’zbekiston havo yo’llari” MAK London—Toshkent yo’nalishi bo’yicha amalga oshirilgan HY202 reysi bilan bir guruh sayyohlar “ziyorat” turizmi dasturi bo’yicha mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Bangladesh millatiga mansub britaniya fuqarolarini Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi va respublika ommaviy axborot vositalari vakillari kutib olishdi. Bu haqda “O’zbekiston havo yo’llari” MAK matbuot xizmati xabar tarqatdi. 

Qisqa muddatli safar davomida mehmonlar Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarining qadimiy tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishib, mamlakatimizdagi muqaddas qadamjolarini ziyorat qilishadi.

Ta’kidlash joizki, Davlatimiz rahbarining “O’zbekiston Respublikasining sayyohlik salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasining xorijdagi vakolatxonalari mamlakatimizga ziyorat turizmi dasturi bo’yicha sayyohlik oqimini oshirish borasida faol ish olib bormoqda. Ayni vaqtda sayyohlik kompaniyalari bilan birgalikda, “to’g’ridan-to’g’ri” va tranzit turistlarni jalb qilish uchun O’zbekistondagi muqaddas joylarga turli xil qisqa muddatli ziyorat safarlari va ekskursion turpaketlar ishlab chiqilmoqda.

— Sizning ajoyib mamlakatingiz ta’rifi, qadimiy arxitektura yodgorliklari, bugungi kungacha etib kelgan qadimiy an’analaringiz, urf-odatlaringiz va, albatta, o’zbek xalqining o’zgacha mehmondo’stligi haqida ko’p eshitganmiz, — deydi sayohat tashkilotchisi va guruh rahbari, Manchester universiteti o’qituvchisi Mahmud Afzal. — Yurtingizdagi muqaddas joylarni ziyorat qilishni hamda O’zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishishni juda istardik. Bugun bu imkoniyat bizga nasib etganidan juda mamnunmiz. Mamlakatingiz bo’ylab etti kunlik sayyohatimiz davomida Samarqand va Buxoro shaharlaridagi maqbaralarni ziyorat qilishni rejalashtirganmiz. 

— O’zbekistonni o’z ko’zim bilan ko’rish va sufizm tariqatiga oid muqaddas joylarni ziyorat qilish orzuim bugun ushalgandan juda xursandman, — deydi biznes-maslahatchi Ketrin Maeve.  — Uzoq parvoz davomida bizdan e’tiborini ayamagan “O’zbekiston havo yo’llari” jamoasidan juda minnatdormiz. Mamlakatingiz buyuk sayyohlik salohiyatiga ega. Serquyosh yurtingizning madaniy merosi butun dunyodagi sayyohlar orasida juda mashhurdir. Bu erga ilk kelishim va sabrsizlik bilan ming yillik tarixning bir qismi bo’lgan Buyuk Ipak yo’lidagi noyob qadimiy yodgorliklar bilan tanishishga oshiqib ketmoqdaman. O’zbek milliy taomlarini va dunyoga mashxur shirinliklarni tatib ko’rishni ham juda xohlayman. Ishonchim komilki, men yurtingiz haqida unutilmas xotiralar bilan vatanimga qaytaman.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?