Britaniyalik olimlar mashhur Damashq poʻlatining vatani Oʻzbekiston ekanini aytishmoqda

17:34 20 Sentyabr 2019 Madaniyat
360 0

Buyuk Britaniyaning London shahridagi mashhur Travellers Club klubida “Yangi Oʻzbekiston: bebaho madaniy tashabbuslar” mavzuida media-ivent oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston madaniy merosini tadqiq etayotgan bir guruh britaniyalik olimlar va mutaxassislar taklif etildi.

Tadbirda bir qator qiziqarli maʼruzalar taqdim qilindi. Xususan, London universiteti kolleji Arxeologiya instituti ekspertlar guruhi oʻz taqdimotida Sharqda dovrugʻ taratgan Damashq poʻlati bugungi Oʻzbekiston hududidan qazib olingan temir rudalaridan ishlanganini maʼlum qilishdi. Doktor Milyana Radzyavovich boshchiligidagi olimlar guruhi bir paytlar Oʻzbekiston hududidan konlardan qazib olingan ruda namunalari, qimmatli togʻ jinslari va xomashyo mahsulotlarini tekshiruvdan oʻtkazib ana shunday qarorga kelishdi.

Shuningdek, Fargʻona vodiysida Axsikent hududidan tigel poʻlatini qazib olish va ishlab chiqarish koʻlamini oʻrganish uchun keng qamrovli tadqiqotlar yoʻnaltirilgan.

Milyana Radzyavovichning aytishicha, IX asrdan boshlab, Markaziy Osiyoda, xususan, bugungi Oʻzbekiston, Turkmaniston va Hindiston hududlarida bir qator poʻlatni qayta ishlash markazlari faoliyat koʻrsatgan.

“Muttasil savdo aloqalari va mahsulot ayirboshlash orqali ilk islom madaniyati davrida Markaziy Osiyoda ishlangan poʻlat Damashqqacha kirib borgan. Ushbu xomashyodan damashqlik ustalar dunyoga mashhur qilich va shamshirlarni yasashgan” deydi Radzyavovich.

Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov ushbu tadqiqotning ahamiyatini alohida taʼkidladi:

“Britaniyalik olimlarning ushbu izlanishlari biz uchun gʻoyat muhim. Hozir biz oʻta shov-shuvli kashfiyot ostonasida turibmiz. Bu kashfiyot nafaqat mashhur Damashq qilichlari haqidagi anʼanaviy tasavvurlarni oʻzgartiradi, balki Oʻzbekiston buyuk ipak yoʻlida qanchalik muhim rol oʻynaganini yana bir bor isbot etadi” – deya qayd etdi F.Abduxoliqov.

Eslatib oʻtamiz, ushbu tadbir Oʻzbekiston hukumati, mamlakatimizning Buyuk Britaniya va Shimoli Irlandiyadagi elchixonasi koʻmagida, Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati, OʻzEOAVMA, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va neft xizmatlarini koʻrsatuvchi xalqaro “Eriell Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?