Britaniyalik mutaxassislar Oʻzbekistonda xalq taʼlimi tizimini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi

14:38 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
425 0

Cambridge Assessment International Education kompaniyasining yetakchi mutaxassislari Stiv King va Dominik Sleyd Britaniya Kengashi loyihasi doirasida xalq taʼlimi tizimini tahlil qildi. Olingan maʼlumotlarga asoslanib, maktabda taʼlimni yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu haqda XTV xabar berdi.

Cambridge Assessment International Education vakillari Stiv King va Dominik Sleyd yurtimizga tashrifi davomida xalq taʼlimi sohasida faoliyat yurituvchi turli tashkilotlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Mutaxassislar uchrashuv doirasida qator maktab direktor va oʻqituvchilari, shuningdek, oʻquvchi hamda ularning ota-onalari bilan suhbatlashdi.

Xususan, mazkur uchrashuvlar davomida britaniyalik mutaxassislar xalq taʼlimi tizimini oʻrganishdi. Natijalarga koʻra, britaniyalik maslahatchilar tomonidan xalq taʼlimi tizimining kuchli va zaif tomonlari aniqlanib, dastlabki tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur tavsiyalar Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyatiga taqdim etildi.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda oʻqituvchilar mavqei tobora oʻsib bormoqda. Oʻquvchilar va ularning ota-onalari muallimlarni qadrlaydi. Ahamiyatli jihati, mutaxassislar tomonidan oʻquv dasturi yuqori baholandi.

Shu bilan birga, baʼzi kamchiliklar ham qayd etildi. Mutaxassislar 10- va 11-sinf oʻquvchilariga kirish imtihonlariga tayyorgarlik koʻrish uchun fanlarni tanlash imkoniyati berish kerakligini tavsiya qildi. Milliy oʻquv dasturini ishlab chiqish, kompetensiyali yondashuv asosida oʻqitishni yengillashtirish uchun darsliklarni qayta koʻrib chiqish taklifi berildi. Shuningdek, pedagogik universitetlarga yuqori bilimga ega abituriyentlarni jalb qilish zarurligi qayd etildi.

Britaniyalik mutaxassislar maktablar faoliyatini baholovchi ixtisoslashtirilgan tashkilot tuzishni va oʻqituvchilarni sertifikatlash tizimini qayta koʻrib chiqishni taklif qildi. Shuningdek, ekspertlar xalq taʼlimi tizimida aniqlangan muammolar dunyoning boshqa mamlakatlariga ham xos ekanligini taʼkidladi.

Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati mutaxassislarga tizim boʻyicha yakuniy hisobotni tayyorlashda yana nimalarga eʼtibor qaratish kerakligi borasida oʻz tavsiyalarini berdi.

Taʼkidlash joizki, Cambridge Assessment International Education mutaxassislari Stiv King i Dominik Sleyd olingan maʼlumotlarga asoslangan holda yakuniy hisobot tayyorlaydi. Mazkur hisobotda xalq taʼlimi tizimidagi kuchli tomonlar va mavjud muammolar, shuningdek, tizimni takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar koʻrsatiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi britaniyalik mutaxassislarning yakuniy hisobotini muhokama uchun nashr etishni rejalashtirmoqda. Shundan soʻng, ushbu tavsiyalar mamlakatimizda qoʻllanilishi mumkin.

Alohida taʼkidlash joiz, britaniyalik mutaxassislar tashrifi Buyuk Britaniya Kengashi tomonidan Future English (“Kelajak uchun ingliz tili”) maktablarda ingliz tili oʻqitishni takomillashtirish loyihasi doirasida tashkil etildi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yilning 15-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov va Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Reychel Aylend ingliz tili oʻqitilishini isloh qilishga qaratilgan harakatlar rejasi toʻgʻrisidagi kelishuv xatini imzoladi.

Future English loyihasi Britaniya Kengashining taʼlim tizimida ingliz tilini oʻrganish va oʻqitishda sifatni taʼminlashga qaratilgan global strategik rejasini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻlib, kelgusidagi innovatsiyalarni tatbiq etishga hamda rivojlantirishga turtki boʻladigan tadqiqot oʻtkazishni koʻzda tutadi.

Loyihaning asosiy maqsadi - mehnat bozoriga kirib borayotgan yoki oliy taʼlim olishga intilayotgan maktab bitiruvchilarining ingliz tili darajasi boʻyicha koʻtarilayotgan va qayta-qayta taʼkidlanayotgan muammolarni tadqiq etish hamda ingliz tilini oʻqitishdagi milliy siyosat va muhim strategiyalarni yaratishda qoʻl yeeladigan, xalqaro maʼlumotlar standartlari bilan taqqoslanishi mumkin boʻlgan ishonchli maʼlumotlar tanqisligini bartaraf etishga qaratilgan.

Mazkur loyiha mavjud muammolarni aniq va ishonchli dalillar toʻplagan holda sifatli tadqiqot oʻtkazish hamda natijalardan kelib chiqib, oʻqituvchilarning kasbiy rivojlanishi va malaka oshirishiga koʻmaklashish orqali hal etishni koʻzda tutgan. Future English loyiha yoʻnalishi ingliz tilini oʻqitish siyosatini yanada samaraliroq rivojlantirishda foydali boʻluvchi maʼlumot hamda natijalarni global va mintaqaviy darajada taqqoslash imkonini beradi. Vaqt oʻtishi bilan maʼlumotlarning yangilanib borishi eng soʻnggi tendensiyalarni aniqlash imkonini beradi hamda milliy taraqqiyotda ingliz tilining roli va taʼsirini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Loyihaning ingliz tilini oʻqitishdagi ehtiyojlarni oʻrganish bilan bogʻliq tadqiqot qismi oʻqituvchilarning malakasini maqsadli oshirish milliy tizimini samarali tashkil etish bilan bogʻliq islohotlarda, ayniqsa, foydali boʻlishi kutilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida oʻqituvchilarning til oʻrgatish mahorati va kasbiy malakalarini takomillashtirishga va uning natijasida oliy taʼlimga hamda mehnat bozoriga kirib borayotgan bitiruvchilarning muhim koʻnikmalarni egallashlariga, xalqaro mobillik jarayonida faol boʻlishlariga erishish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?