Braziliyaning Yevropadagi eng yaxshi futbolchisi aniqlandi. U Neymar emas...

13:41 04 Yanvar 2019 Sport
764 0

Foto: Lenta.ru

Angliyaning “Liverpul“ klubi hujumchisi Roberto Firmino 2018 yilda Yevropada toʻp surayotgan eng yaxshi braziliyalik futbolchiga topshiriladigan “Samba Gold“ mukofotiga loyiq topildi. U ushbu eʼtirofga Sambafoot internet-portali tomonidan munosib koʻrildi, deya xabar bermoqda ingliz klubi rasmiy sayti.

Firmino ushbu reytingda 21,79 foiz ovoz toʻplab, “Real“ himoyachisi Marcelo (20,51 foiz) va “PSJ“ hujumchisi Neymar (18,67 foiz)ni ortda qoldirdi.

Firmino 2015 yilning yozida “Xoffenxaym” (Germaniya) klubidan 41 million yevro evaziga “Liverpul”ga oʻtgan edi. Joriy mavsumda Roberto Angliya chempionatida 20ta uchrashuvda maydonga tushib, yettita gol kiritishga muvaffaq boʻldi. Uning “Liverpul“ bilan tuzgan shartnomasi 2023 yilning yozigacha amal qiladi.

“Samba Gold“ mukofotini eng koʻp Tiago Silva va Neymar (uch martadan) qoʻlga kiritgan. Firmino esa ushbu sovringa birinchi marta loyiq topildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?