Bojxonachilar umumiy qiymati 2 mlrd. soʻmdan ortiq noyob madaniy boyliklarni yurtimizdan olib chiqilishiga chek qoʻyishdi

13:46 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
60 0

Davlat bojxona xizmati xodimlari mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash bilan birga, yurtimiz hududidan noyob madaniy boyliklarni noqonuniy olib chiqilishini oldini olish borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirishmoqda.

Xususan, “Madaniy boyliklarni olib chiqish va olib kirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijrosi doirasida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari ham madaniy boyliklarni noqonuniy olib chiqilishi bilan bogʻliq yirik qonunbuzarlikka chek qoʻyishdi. Bu haqda DBQ axborot xizmati xabar berdi.

“Sirdaryo” chegara bojxona postiga “Lasetti” avtomashinasida kirib kelgan fuqaro X.D.ning xatti-harakatlari bojxonachilar eʼtiborini tortdi.

Shundan soʻng avtomobil va uning tirkamasidagi yuklar haydovchi va xolislar ishtirokida bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

Natijada, ushbu shaxs deklaratsiyada koʻrsatilmagan va bojxonachilarning ogʻzaki soʻrovida maʼlum qilinmagan, Madaniyat vazirligining tegishli ruxsatnomasi boʻlmagan, 32 dona turli koʻrinishdagi haykallar, 1 dona ikona, 1 dona xoch, 12 dona koʻza hamda 1 dona vazalarni yashirincha olib chiqmoqchi boʻlganligi aniqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Badiiy ekspertiza xulosasiga koʻra, ushbu madaniy boyliklar XVII asr oxiri – XVIII asr boshlarida Xitoy davlati hamda XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Gʻarbiy Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilganligi va ularning umumiy qiymati 2 milliard soʻmdan ortiqni tashkil etishi maʼlum boʻldi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?