Bojxonachilar pochta jo‘natmalaridagi qadimiy tanga va gilzalarni to‘xtatib qolishdi

18:34 13 Avgust 2018 Iqtisodiyot
188 0

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasidan madaniy boyliklarni olib chiqish va olib kirishni tartibga solish to‘g‘risida” 1999 yil 23 martdagi 131-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, numizmatika ashyolari, ya’ni tarixiy tangalar ham madaniy boyliklarga taalluqli ashyolar toifasiga kiritilgan. Ushbu hujjatga ko‘ra, xorijiy fuqarolar va boshqa shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan madaniy boyliklar tegishli bojxona hujjatlarida ko‘rsatilishi kerak.

Yaqinda, mazkur tartiblarga rioya qilmasdan turib, tarixiy ahamiyatga ega tangalarni pochta jo‘natmalari orqali respublikamizga olib kirishga bo‘lgan urinishlar fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari Rossiya Federatsiyasidan poytaxtimizda istiqomat qiluvchi fuqaro nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasini bojxona ko‘rigidan o‘tkazishganida, jo‘natmada deklaratsiyada ko‘rsatilmagan 99 dona zanglagan qadimiy tangalar borligi aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Badiiy ekspertiza boshqarmasining ekspertiza xulosasiga ko‘ra mazkur tangalar madaniy boylik ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Mirobod tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi qaroriga asosan bo‘yicha madaniy boylik deb topilgan mazkur tangalar davlat egaligiga o‘tkazildi.

Shuningdek, mazkur post xodimlari poytaxtimizda istiqomat qiluvchi fuqaro nomiga Rossiya Federatsiyasidan yuborilgan pochta jo‘natmasini belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazishganda, bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, ov qurollari uchun mo‘ljallangan salkam 10 kg. og‘irlikdagi 1315 dona bo‘sh gilzalar yuborilganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?